O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “2023-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari tog`risida” gi Farmoniga asosan ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratishga doir arizalar tasdiqlangan parametrlar doirasida 2023-yil 1-maydan qabul qilina boshlandi va 2023-yil 1-dekabrga qadar ariza qabul qilinishi belgilangan.
Ushbu farmon bilan endilikda banklarga rasmiy daromadga ega bo‘lmagan shaxslarga ipoteka kreditini ajratishda ularning to‘lov qobiliyatini aniqlashning muqobil usullaridan foydalanishga, shu jumladan qarz oluvchilarning bank kartasi aylanmasi, ijara, kommunal va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa xarajatlarini inobatga oluvchi skoring tizimini joriy qilishga ruxsat qilindi.
Banklarga qarz oluvchi tomonidan to‘langan dastlabki badal miqdori, imtiyozli davr muddati va boshqa ko‘rsatkichlardan kelib chiqib, subsidiyasiz ajratiladigan ipoteka kreditlari bo‘yicha tabaqalashtirilgan foiz stavkalarini o‘rnatish huquqi berildi.
Shuningdek, professional ta’lim tashkilotlarining muhandislik, ishlov berish va qurilish sohalaridagi maxsus fanlar bo‘yicha dars berayotgan yoki o‘quv amaliyotini o‘tkazayotgan o‘qituvchilari va ishlab chiqarish ta’lim ustalariga imtiyozli shartlarda subsidiya xabarnomalarini berish tartibi joriy etildi.
Endilikda, uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun olinadigan ipoteka kreditlari bo‘yicha berilgan subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnomalarning amal qilish muddati 4 oy etib belgilanadi;
Ma’lumot uchun, Subsidiya — ipoteka kreditlari asosida kvartira sotib olish uchun boshlang‘ich badal va kredit foizining bir qismini yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruktsiya qilish uchun kredit foizining bir qismini qoplash maqsadida Davlat byudjetidan fuqaro uchun bankda uning nomiga ochilgan tegishli hisobvaraqqa o‘tkazilgan mablag‘.
Ariza beruvchi — ipoteka kreditlari bo‘yicha boshlang‘ich badal va foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya olish maqsadida ariza bilan murojaat qiluvchi 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi.
Daromadi yuqori bo‘lmagan fuqaro yoki oila — qonunchilik hujjatlariga muvofiq aniqlanishi mumkin bo‘lgan o‘rtacha oylik daromadlar miqdori Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,7 baravaridan 8 baravarigacha va Toshkent shahrida belgilangan MHTEKMning 2,7 baravaridan 9,2 baravarigacha bo‘lgan oilalar.
U.OLLABERGANOV
Yangibozor tuman adliya bo`limi Davlat xizmatlari markazi direktori.