Davlat xizmatlari koʻrsatishda yanada qulayliklar yaratildi
Davlat xizmatlari koʻrsatishda yanada qulayliklar yaratildi

Davlat xizmatlari koʻrsatishda yanada qulayliklar yaratildi

338 marta ko'rildi

DAVLAT XIZMATLARI KOʻRSTISHDA YANADA QULAYLIKLAR YARATILDI

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-martdagi “Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6191-sonli Farmoni tasdiqlandi. Farmonga muvofiq davlat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa davlat tashkilotlarida eskirgan byurokratik tartibotlar, shu jumladan elektron tizim orqali olish imkoniyati mavjud boʻlgan maʼlumotlarni qogʻoz koʻrinishida soʻrab olish, ish faoliyatini tashkil etish uchun muhim boʻlmagan hujjatlarni talab qilish natijasida aholi va tadbirkorlik subyektlarini ovora qilish amaliyoti saqlanib qolinayotganligi sababli 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash va davlat xizmatlarini koʻrsatishda byurokratizm, sansalorlik va boshqa maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etish, eskirgan, zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni tubdan qisqartirish maqsadida joriy yilning 1-iyundan boshlab davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan aholidan, shu jumladan tadbirkorlik subyektlaridan 18 turdagi maʼlumot va hujjatlarni talab qilish tartibi bekor qilindi.

Ushbu hujjatlar roʻyxati quyidagicha:

ruhiy kasalliklar boʻyicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;

narkologiya boʻyicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;

sudlanganlik;

manzil-maʼlumot axboroti;

fuqaroning nomida shaxsiy uy-joy mavjud yoki mavjud emasligi;

turar joyning maydoni;

soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi;

soliq toʻlovchi jismoniy shaxslarning davlat soliq xizmati organlarida hisobga qoʻyilganligi;

pensiya va nafaqa miqdori;

pensiya va nafaqa oluvchilar roʻyxatida mavjud yoki mavjud emasligi;

nikoh qayd etilganligi, nikohda turmasligi yoki nikohdan ajralganligi;

shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi;

shaxsning belgilangan shakldagi fotosurati;

tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining maʼlumotnomalari;

mehnat daftarchalari va ularning nusxalari (fuqarolarga pensiya tayinlash jarayonida ushbu hujjatni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali olish imkoniyati mavjud boʻlmagan hollarda soʻrash bundan mustasno);

ish haqi va ish stajini, oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasasida oʻqiganlikni tasdiqlovchi arxiv maʼlumotnomalari (fuqarolarga pensiya tayinlash jarayonida ushbu hujjatni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali olish imkoniyati mavjud boʻlmagan hollarda soʻrash bundan mustasno); kadastr hujjatlari va ularning nusxalarini.

Bunda, davlat organlari va tashkilotlari jismoniy shaxslarga davlat xizmatlarini koʻrsatishda, ishga qabul qilish jarayonida va boshqa maʼmuriy tartib-taomillarni amalga oshirishda mazkur hujjat va maʼlumotlarni belgilangan masʼul davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali soʻrab olinishi belgilab berildi.

Shuningdek 1 iyundan agentlik yuridik shaxslarni (nodavlat notijorat tashkilotlari, banklar va kredit byurolaridan tashqari) davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha yagona vakolatli organ sifatida belgilanib, davlat organlari va tashkilotlari, yuridik shaxslar birlashmalari, bogʻdorchilik-uzumchilik shirkatlari, matlubot, ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligi kooperativlari hamda advokatlik tuzilmalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshirilish tartibi amaliyotga joriy etilmoqda.

Ushbu farmon bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan tadbirkorlik subyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Agentlik va davlat xizmatlari markazlaridan soʻrash amaliyoti toʻxtatilib, mazkur tashkilotlar tadbirkorlik subyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimidan mustaqil ravishda olishlari belgilandi.

Shu bilan birga, fuqarolar uchun yana bir qulaylik sifatida fuqarolarning doimiy (vaqtincha) roʻyxatdan oʻtgan joyidan qatʼiy nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshirilishi joriy qilindi.

Mazkur yaratilgan qulayliklarni fuqarolarimizning ogʻirini yengil qilish yoʻlida qilinayotgan koʻp sonli amaliy ishlarning bir boʻlagi sifatida qarash mumkin.

Amaliyotga joriy qilingan mazkur oʻzgarishlar, Muhtaram Prezidentimizning aholini rozi qilish yoʻlida amalga oshirayotgan keng koʻlamli islohotlarining amaliy samarasi boʻlib, “Fuqarolar emas hujjatlar harakatlanadi” tamoyili hozirgi kunimizda nechogʻli muhim ahamiyat kasb etayotganligidan dalolat beradi.

Davlat xizmatlari agentligi Muhtaram Prezidentimizning aholi va tadbirkorlik subyektlariga qulay,sifatli va shaffof davlat xizmatlari koʻrsatilishida belgilab bergan vazifa va topshiriqlarini bajarishda davom qiladi.

 

 

Ulashing:

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan