O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 7 mayda qabul qilingan “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish jarayonlarini va xususiylashtirish dasturi ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 268-sonli qarori bilan viloyatimiz hududida tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini tashkil etish uchun 2024 yilda ustuvor ravishda mulk huquqi asosida 181,9 gektar yer uchastkalarini hamda xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llari bo‘ylab zamonaviy infratuzilmani barpo etish, savdo va servis obektlarini joylashtirish uchun master-reja asosida Tuproqqal’a tumani hududidan o‘tuvchi A-380 xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘li bo‘ylab umumiy yer maydoni 7 gektardan iborat bo‘lgan 14 ta yer uchastkalarini “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali auksion savdolariga chiqarish belgilangan.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion savdolari orqali realizatsiya qilishda, er uchastkasiga bo‘lgan huquq turi va unda ruxsat beriladigan faoliyat turlari aholi punktlarining bosh rejalari, aholi punktlari qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalari yoki hududlarni kompleks rivojlantirish va rejalashtirish bo‘yicha boshqa hujjatlar, shu jumladan, master-rejalar yoxud yer uchastkalaridan foydalanishning ruxsat etilgan turlaridan kelib chiqqan holda, tuman (shahar) qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limlari tomonidan belgilanadi. Bunda yer uchastkasi joylashgan aholi punktlarining tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari, shu jumladan, master-rejalari mavjud bo‘lganda, yer uchastkalari qat’iy ravishda mulk huquqi asosida savdolarga chiqariladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 19-apreldagi PQ-162-son qaroriga muvofiq 2024 yilgi xususiylashtirish dasturi asosida viloyatimiz bo‘ylab “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali auksion savdolariga chiqarilishi belgilangan davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarning 65 ta ko‘chmas mulk ob’ektlaridan bugungi kunda 20 ga yaqini auksion savdolariga chiqarilgan va qolgan ob’ektlarni auksion savdolarga chiqarish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentimizning mazkur qarori bilan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari va davlat aktivlarini “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali auksion savdolarida sotib olish bo‘yicha katta imtiyozlar yaratib berildi.
Xususan, davlat aktivlari uch oy davomida sotilmaganda (Toshkent shahri va viloyat markazlari bundan mustasno) ularning boshlang‘ich narxi qoldiq (balans) qiymati yoki sof aktivlari miqdoridan qat’i nazar 10 foizigacha bosqichma-bosqich 10 foizdan pasaytirilishi belgilandi. Shuningdek, auksion savdolariga chiqarilgan yer uchastkalari (Toshkent shahri va viloyat markazlari bundan mustasno) uch oy davomida sotilmaganda, ularning boshlang‘ich narxi 30 foizgacha, olti oy davomida sotilmaganda 10 foizgacha bosqichma-bosqich 10 foizdan pasaytirilishi va sotib olish to‘lovlarining 15 foizini uch oy muddatda, qolgan qismini 10 yilgacha muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratildi.
Bugungi kunda Xorazm viloyati bo‘yicha “E-auksion” elektron savdo platformasida tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun 5 mingga yaqin qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari auksion savdolariga chiqarilgan. Ushbu yer uchastkalarini viloyatimiz aholisiga qaror bilan belgilangan imtiyozlardan foydalangan holda sotib olishlarini taklif qilib qolamiz.
M.Ishchanov,
“Elektron onlayn-auksionlarni
tashkil etish” AJ Xorazm viloyati vakili.