Sevimli  darsda…
Sevimli  darsda…

Sevimli  darsda…

514 marta ko'rildi

Eh, maktab davri baribir ajoyibda… . Maktabda, sinfdoshlar  bilan o`tgan har bir voqeani eslasam , yuzimda beixtiyor tabassum  qalqiydi. Bolalikning har oni quvonch deb shuni, aytishsa kerak. Ko`pchilik tengdosh bolalar tezroq katta bo`lishni, oldiga qo`ygan niyatlariga tezroq yetishni istashadi. Men esa aksincha, xayolimda bir olam orzularim bo`lsada,  bolaligimni hech tark etgim kelmaydi.

Maktabda ona tili va adabiyot fanlariga juda qiziqaman. Menimcha, bu fanlarni  yaxshi ko`rmaydigan bola bo`lmasa kerak. Darsda fan o`qituvchimni diqqat bilan kuzatib o`tiraman. Uning har bir so`zi, harakatini eslab qolib, o`zimcha uyda takrorlab yuraman.  Ustozimiz bilan juda ko`p tadbir, mushoira, bellashuvlar tashkil qilamiz. Hatto o`zimizning  “ Zakovat” fan qlubimiz ham bor.

Yaqinda shunday bellashuvlardan biri bo`lib o`tdi. “Yosh adabiyotshunoslar”  to`garagi qatnashchilari 7-sinflar va 6-sinflar har biri alohida bir guruh bo`lib bellashdik. Unga ancha oldin tayyorlandik. Tadbir kuni oyimni qistab duo qilib bering dedim. Oyijonim: “ Birinchilikni olib kel”,- deb omad tilab qoldi. Tadbir uchun kerakli anjomlarni olib maktabga chopdim, tadbirimiz bo`ladigan zalga kirsam, allaqachon, barcha ishtirokchilar joylashib olgan, zal chiroyli qilib bezatilgan, sinf rahbarlari har qaysisi o`zining sinf o`quvchilariga dalda berib turibdi.  Men ham sinfdoshlarim yonidan joy oldim. Yonimdagi dugonam ko`ksimga guruhimiz nomi yozilib, chiroyli sur`at chizilgan markani ilib qo`ydi. Bir payt sahna ko`rinishi uchun ishlatiladigan piyola esimga tushib oshxonaga chopdim. Shoshilganimdan boya ko`ksimda ilinib turgan markani ham yo`lakda tushirib qo`yibman, qayta uni izlashga tushdim. Topib oyoqimni qo`limga olib zalga keldim. Tadbir boshlandi. Tasavvur qila olmaysiz, shu tobda meni shunaqanggi hayajon bosdiki,oyoq-qo`lim dir-dir titraydi. Menga Navoiy bobomizning bir g`azalini kuyga solib aytish topshirilgan edi. Guruhdagi boshqa sinfdoshlarim she`rlarini juda chiroyli, ifodali qilib aytib berishdi.Navbat menga keldi,qani endi hayajonni yengib o`rnimdan qo`zg`ala olsam. Guruhimiz sardori: “Zuhra, ayt,aytmasang 1 ball ketdi”,- deb ishora qildi. Uch marta chuqur nafas olib o`rnimdan turdim va baland ovozda kuylay boshladim, o`zimga ovozim  uzoqlardan eshitilganday bo`lardi. Ko`ksimdagi o`ng qo`lim qaltirab yoqamdagi tugmani uzib yuborguday edi. Nihoyat, qo`shiq tamom bo`ldi, hamma qarsak chalardi. Kuyga solib aytilgan bu g`azal uchun bizning guruhga  naq”5 ball” berildi. Undan so`ng krossvord yechish, sahna ko`rinishi, savol-javob shartlari yakunlandi.Bizning guruhimiz birinchi bo`lmasada 6-7-sinflar orasida “Ikkinchilikni” qo`lga kiritdi. Guruh a`zolari ichida eng yaxshi qatnashgan o`quvchi faxriy yorliq bilan taqdirlandi.  Shunda sinfdoshlarim guruhdan meni tanlashdi. Menga faxriy yorliqni sinf rahbarimiz topshirdi. Men bo`lsam dovdirab, tilim zo`rg`a aylanib, rahmat dedim. Ichimda hayajon bilan quvonch birgalashib ko`zlarimga suv tashiyotgandek edi. Hozir o`sha bellashuvdagi sur`atlarga qarasam yuzlarim qizaradi. So`ng qizlar bilan sinfga baqir-chaqir qilib borib, bir-birimizni bag`rimizga bosib “Ikkinchilikni” nishonladik.Bilasizmi, fikrimcha, hayotda “Birinchi” yoki “Ikkinchi” bo`lish emas, muhimi olg`a qadam bosish.

Men ham chet tillariga qiziqaman, lekin,avvalo, o`z ona tilingni mukammal bilmay turib boshqasini yaxshi o`rganib olmasang kerak. Ona tili, adabiyot fanlariga qiziqishimga sababchi bo`lgan, “Seni, albatta, kitobing chiqadi”, deb menga doim turtki berib turadigan,  yangi ijod namunam bilan uning oldiga borsam, doim kerakli tavsiyalar beradigan ustozim, Mahliyo Bahodirovnaga tashakkr aytaman. Nasib qilsa, ustozim, meni doim qo`llab-quvvatlab turuvchi sinfdoshlarim, besh vaqt namozida mening baxtimni, omadimni tilovchi buvijonim, oyijonimning ishonchini oqlab “Zulfiya” mukofoti, balki orden, nishonlar sohibasi bo`lib yurtimga xizmat qilaman va o`zimning ona tilginamni butun jahonga tanitaman!

Zuhra HAYITBAYEVA                          

   Qoshko’pir tumanidagi 20-umumta’lim maktabining  6-sinf  o`quvchisi.

Ulashing:

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan