Urganch shahridagi 8-sonli umumiy o‘rta ta‘lim maktabida beshta tashabbusning to‘rtinchisi – yoshlar ma‘naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Kitobxonlar safini kengaytirish uchun nimaiki zarur bo‘lsa, barchasi izchillik bilan amalga oshirilayotir.
Maktab kutubxonasi foydalanuvchilari soni yildan yilga ko‘payib borayapti. 2021-2022 o‘quv yilida kutubxona a’zolari 1289 nafar bo‘lgan bo‘lsa, joriy o‘quv yilida 1596 nafarga yetdi. Ayniqsa, yuqori sinf o‘quvchilari kutubxona xizmatidan unumli foydalanmoqdalar. Kutubxona tomonidan “Eng faol yosh kitobxon” tadbirlari, adabiy kechalar, qiziqarli bellashuvlar o‘tkazilib turiladi.
O‘quv yili davomida o‘quvchilarni kitob mutolaasiga ko‘proq jalb qilish maqsadida “Farzandimga kitob sovg‘a qilaman”, “Har bolaga bir kitob” shiorlari ostida kitob yarmarkalari o‘tkazildi. Kutubxona xodimlari Durxonim Ro‘zmetova, Nazokat Rahimovalar aksiyalar jarayonida jonbozlik ko‘rsatdilar. Yarmarkalarda bolalar kitoblarni hayajon bilan qiziqib ko‘rayotganlari, ota-onalari ular qanday kitobni xohlasalar shuni bemalol xarid qilib, farzandlariga mehr bilan sovg‘a qilayotganlarini ko‘rib, ko‘zlar quvondi.
Bundan tashqari, har juma kuni soat 13.00 dan 14.00 gacha barcha sinflar, faollar zali va boshqalarda bir soatlik kitobxonlik tadbirlari o’tkazilayotir. Bu tadbirlar turli-tumanligi bilan qiziqarlidir. Ayrim sinflarda o‘quvchilarga badiiy, hikmatli, didaktik asarlar o‘qib beriladi, yangi kitoblar taqdimot qilinadi. Ayrimlarida o‘quvchilar o‘zlari o‘qigan kitoblarini gapirib beradilar, yoddan she’r o‘qiydilar, bahri-bayt aytishuvlari bo‘lib o‘tadi. Yana ayrimlarida adabiyot mavzularidagi “Zakovat o‘yinlari” o‘tkaziladi, g‘oliblarga kitob sovg‘a qilinadi.
– Kitobxonlik tadbirlari juda yaxshi natijalarni bermoqda. Ayniqsa, tarbiyasi og‘ir, yaxshi o‘zlashtirolmayotgan o‘quvchilarning maktab ichki tartib-qoidalariga o‘rganishi, bilim olishga ishtiyoqi keyingi paytlarda sezilarli darajada kuchaydi. Rahbariyat vakillari sinf rahbarlari kitobxonlik soatini qanday o‘tkazayotganliklari, mashg‘ulotda qancha o‘quvchi qatnashayotganini bilish uchun har safar sinf xonalariga bir-bir kirib, o‘zlari ham kitoblardan parchalar o‘qib beradilar, – deydi ma‘naviyat va ma‘rifat ishlari bo’yicha direktor o‘rinbosari Gulbahor Samandarova.
Haqiqatan ham,maktab ma’muriyati kitobxonlikni keng yoyish ishini oldingi darajaga qo’ymoqda. Bu xususiyat maktabda o‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish maqsadida 11- noyabr – O’zbekiston kasaba uyishmalari kuni munosabati bilan 9-11 sinflar o‘rtasida o‘tkazilgan “Yosh kitobxon” tanlovida yaqqol namoyon bo‘ldi. Direktor va uning o‘rinbosarlari, ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi, tajribali adabiyot fani o‘qituvchilari bir jam bo’lib, tanlovga uyushqoqlik bilan tayyorgarlik ko‘rdilar. Kitobsevar o‘quvchilarning iste‘dod va qobiliyatlari namoyon bo‘ldi. Natijalarga ko‘ra, 11-sinf o’quvchisi Oyxonim Yoqubova g’olib bo‘lib, 5-sonli maktabda tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimida faxriy yorliq va esdalik sovg’alari – kitoblar bilan taqdirlandi.
– Biz maktabda o‘qigan davrlarda bugugiday sharoitlar yoq edi. Kitob o‘qish o’rniga uch oylab dalada paхta terishga majbur qilinardik. O‘qituvchilar ham o‘z kasbiga taalluqli bo‘lmagan boshqa ishlarni bajarib, dars o‘tishga vaqt topa olishmasdi. Hozirgi sharoitda kitob o‘qish, bilim olish imkoni juda katta. Bundan unumli foydalaning. Kitob o‘qisangiz dunyoqarashingiz kengayadi, kelajak yo‘lingiz ochiladi. Faqat foyda ko‘rasiz, – dedi maktabimiz direktori O‘ktam Yuldashev o‘sha tanlov jarayonida.
Urganch shahrining maktabga yaqin hududida yangi “Yoshlar kutubxonasi” ishga tushdi-yu, ko‘plab o‘quvchilarimiz shu ziyo maskanida ikkinchi uylarini topdilar. Qisqa vaqt ichida mazkur kitoblar dunyosiga o‘quvchilar sayohati 15 martadan oshib ketdi. Ayniqsa, ijodkor o‘quvchilar u yerdan sira chiqqilari kelmaydi. O‘zim ham ular bilan birga kitob mutolaa qilaman. Go‘yoki xazinalar oroliga tushganday, buyuk ijodkorlarning tafakkur dengiziga sho‘ng‘iyman.
Baxtiyor MAHMUDOV,
Urganch shahridagi 8-sonli umumiy o‘rta ta‘lim maktabi ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a‘zosi.