AZIZBEK  XALQARO OLIMPIADA ISHTIROKCHISI BO‘LDI
AZIZBEK XALQARO OLIMPIADA ISHTIROKCHISI BO‘LDI

AZIZBEK XALQARO OLIMPIADA ISHTIROKCHISI BO‘LDI

290 marta ko'rildi

Toshkent shahrida joriy yilning 14- oktabr kuni oʼtkazilgan 20-Xalqaro yoshlar tabiiy fanlar olimpiadasi (IJSO)da Oʼzbekiston sharafini himoya qiladigan iqtidorli oʼquvchilarni saralash bosqichida xorazmlik ikki nafar oʼquvchi faxrli oʼrinlarni egalladi.

Bular: Qoʼshkoʼpir tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internati oʼquvchisi Azizbek Erkinov va Urganch tumanidagi 45-ixtisoslashtirilgan maktab-internati oʼquvchisi Rahimboy Vaysboyevlardir.Bu o’quvchilar yuqori natija bilan xalqaro olimpiadada ishtirok etish huquqini qoʼlga kiritishdi.

-Yutuqlarimning asosiy sababchisi ustozlarim, ota-onam va albatta, bugungi kunda yoshlarga yaratib berilayotgan sharoitlardan oqilona foydalanishda deb bilaman,-deydi u. –Bugun biz yoshlar uchun har sohada, har jabhada keng imkoniyatlar yaratib berilgan. Maktabimizdagi sharoitlar, o‘qituvchilarimizning chuqur bilim berishi, talabchanligi, albatta, biz yoshlarning yangi-yangi qirralarimizni namoyon etishimizga asos bo‘la oladi.

Bugun viloyatimizning Urganch shahrida viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Xamro Bektemirov boshchiligida katta tantanalar bilan kutib olingan Azizbek Erkinovni  maktab direktori o‘z o‘qituvchi va o‘quvchilar jamoasi bilan  bir olam quvonch va xursandchilik ila qarshi oldilar. Xalqaro olimpiada sohibiga aylangan Azizbekka iliq fikrlar bildirdilar.

-Bu ilm dargohidan shifokorlar, o‘qituvchi-olimlar, shoiralar, jurnalist va yuristlar, matematiklar kabi ko‘plab o‘z kasbining fidoyilari yetishib chiqdi, bugun ham xuddi shunday insonlarni tarbiyalamoqdamiz, – deyishdi kimyo fani o‘qituvchilari  Zevarjon Norboyeva va Jahongir Rahimovlar. –Bu o‘quv maskani ulug‘ dargoh. Bu dargohda ta’lim va tarbiya olgan har bir o‘quvchi hayot va jamiyatda o‘zining munosib o‘rnini topib kelmoqda. Biz bundan juda xursandmiz. O‘quvchilarimizning barchasi iqtidor va iste’dod egalaridir. Albatta, ularning ham mana shunday yuksak sovrinlarni qo‘lga kiritishlariga ishonamiz.

-Farzandimga qarab uning kelajagini ko‘ryapman,-deydi onasi Nabira Ro‘zmetova. – bugun xursandchiligimning chegarasi yo‘q. O‘z odob-axloqi, ta’lim va tarbiyasi, ilmga chanqoqligi bilan yoshlarga o‘rnak bo‘lib kelayotgan farzandimning jamiyatimizga, yurtimizga nafi tegadigan, ertangi kunning munosib egasi bo‘lishiga ishonaman. O‘g‘lim ilmga chanqoq, doim o‘z vaqtini o‘qish va izlanishga sarflaydi. Albatta, bu muvaffaqiyatlarining negizida ustozlarining mehnati va mashaqqati mujassam.

Shuni ham aytib o‘tish joizki, 20-Xalqaro yoshlar tabiiy fanlar olimpiadasi joriy yilning 1-10-dekabr kunlari Tailandda bo‘lib o‘tishi va ishtirokchi davlatlarning saralangan o‘quvchilari hamda terma jamoa rahbarlari ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Mazkur xalqaro olimpiadada Azizbek Erkinovga muvaffaqiyat qozonishida omad va zafarlar tilaymiz!

Boltaboy Matqurbonov,

Jurnalist.

Ulashing:

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan