Ogahiy tavalludi oldidan
Ogahiy tavalludi oldidan

Ogahiy tavalludi oldidan

544 marta ko'rildi

Qo’shko’pir tumanidagi 18- umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-a va 9-b sinf o‘quvchilari o’rtasida buyuk shoir Ogahiy tavalludi munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Xorazm farzandiman”mavzusidagi tadbir

S S E N A R I Y S I

(Sahna gullar bilan bezatilgan sahnada shoir Ogahiy bobomiz surati ilib qoʻyilgan.Muhtaram Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimovning Ogahiy haqida aytgan “Agar Ogahiyning bosh miroblik ilmi va tadbirkorligi Xorazm zaminini suv bilan yashnatgan boʻlsa,uning badiiy tafakkuri va koʻngil ziyosi millatimiz qalbini soʻnmas qadriyatlar bilan nurafshon etdi”degan mazmunli soʻzlari yozilgan plakat ham ilib qoʻyilgan.Oʻquvchilar bayramona kayfiyatdalar)

1- Boshlovchi: Qoʻlim koʻksimdadir doʻstlar assalom !

Niyatim nurdek pok sogʻ boʻling demak.

Shirin soʻz koʻp erur koʻpdir xushkalom.

Lekin salom soʻzi baridan boʻlak.

U, mehr degani ishq degani.

U inson zotiga axir iltifot,

Insonning insonga salom bergani ,

Tinchlik tilagani,tinchdir bu hayot!

Assalom -u alaykum davron elining jismida jam boʻlgan,mashaqqatli kasblarida sabot bilan ishlayotgan moʻtabar ustozlar!Vatanimiz kelajagi boʻlgan zukko oʻquvchilar!Mana shu kunlarda nafaqat Xorazm, balki butun oʻzbek xalqi tarixida oʻchmas iz qoldirgan Ogahiy tavalludining 213 yilligi munosabati bilan respublikamizning koʻpgina ilm maskanlarida ijodiy kechalar oʻtkazilmoqda.Bizning 9-sinf oʻquvchilarimiz ham,oʻzlarining Ogahiy ijodi borasidagi mustaqil izlanishlari asosida “Nazm ichra bir gavhar”mavzusida bellashuv tadbir tayyorlaganlar.Ushbu tadbirimizga oʻzlarining qimmatli vaqtlarini ayamasdan tashrif buyurgan hurmatli ota-onalarimizga va moʻtabar ustozlarimizga yana bir bor tashakkurimizni izhor etgan holda ,tadbirimizni ochib berish uchun soʻzni maktabimizning maʼnaviyat va maʼrifat ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari Ibragimov Mardon ustozimizga bersak.Marhamat ustoz!

Boshlovchi:Rahmat ustoz!Ishonchingizni oqlaymiz.Sizning ham barcha ish faoliyatingizda ulkan zafarlar tilaymiz!

Ona kabi muqaddas vatan,oʻzga yurtlar teng kelmas Vatan!

Mayli kezay butun jahonni xayolimni tark etmas Vatan!

Sharqona vatanim goʻzalliklari ,sunʼiy emas ,balki tabiiy bari.

Islom dini deyman dinlarning shohi ,yurtim senga tushgan Olloh nigohi!

Bugun biz Xorazm diyorining har qanday baland eʼtibor va ehtiromga loyiq sanʼatkori Ogahiy sheʼriyati va hayotini oʻrganish orqali ibratli xulosalar chiqarishni maqsad qilib olganmiz.

Endi tadbirimiz shartlari bilan tanishtirib oʻtsak.Marhamat.

1-shart.(Ogahiy hayoti va ijodiga oid maʼlumotlar aytiladi)

2-shart:Ogahiyning savol-javob yaʼni “Dedi-dedim”tarzidagi ishqiy gʻazallari musobaqasiga bagʻishlanadi.

Yigit: Ul shoʻxgʻa:ishqingda xasta joni zorimdur,

Qiz: Oning davosi noʻshi laʼli shahdi borimdur.

Yigit : Tinmay chekar koʻnglum dami ohu figʻon ,ey gul,

Qiz:Ul andalibi zor-u besabr-u qarorimdur.

Yigit:Jonim uyin qilding xarob ey xoʻblar shohi,

Qiz:Mulkumdur oni har na qilsam ixtiyorimdur.

(Shu tarzda dedi dedim deb boshlanuvchi gʻazallaridan guruh ishtirokchilari namoyish qilishadi)

3-shart: “Men gʻazal shaydosiman”deb nomlanib ,bunda guruhlar Ogahiyning mashhur gʻazallaridan Saralangan satrlar orqali ifodali oʻqib bellashadilar.

4-shart.Sahna koʻrinishi. Ushbu shartda 1-guruh Ogahiy ijodiga bagʻishlangan “Ogahiyga ehtirom” sahnasini 2-guruh Munis hayotiga bagʻishlangan “Tillodan voz kechgan mirob” sahna koʻrinishlarini namoyish qilishadi.

Endi tadbirimizni Xorazm madhiga bagʻishlangan sheʼrlarni tinglashdan boshlasak.Marhamat!

5-shart Erkin mavzu:Bunda guruhimiz ishtirokchilari Xorazm xalq ogʻzaki ijodi namunalaridan boʻlgan matallarning kelib chiqish tarixi haqida eshitgan va bilganlarini sahna koʻrinishi asosida koʻrsatib beradilar.

Boshlovchi :Endi tadbirimizning asosiy shartlaridan biri Ogahiy ijodiga oid maʼlumotlarni tinglaymiz va shu oʻrinda noanʼanaviy tarzda “Savol-javob”musobaqasi orqali guruhlarimizning shoir ijodiga oid bilimlarini sinovdan oʻtkazamiz.Marhamat.(Guruh ishtirokchilari sahna chiqib olgan birgalikda bizning shior deb “Mulk –u millatga bosh boʻlga agar Ogohlar,Ikki olam obroʻyini hosil etgay shohlar”degan shiorni baralla aytishadi.Keyin esa mavzuga mos tarzda Erkin Samandarning “Xorazm farzandiman”sheʼrini naqoratida joʻr boʻlib ijro etishadi.Shoir ijodiga oid maʼlumotlar keyin aytiladi)

Nurli voha vasfiga loyiq qiyos yoʻqdir bukun,

Koʻhna Jayhun yosh oʻgʻilday erkalab shoʻxdir bukun,

Bor bisotin ochdi insonga kulib taqdir bukun

Baxtli el farzandiman men, baxtli el farzandiman.

Xorazm farzandiman men,Xorazm farzandiman.

Boshlovchi.Rahmat aziz oʻquvchilar!Endi tadbirimiz shiorida aytganimizdek haqiqatdan ham Ogahiy bobomizning bosh miroblik ilmi va tadbirkorligi Xorazm zaminini suv bilan yashnatgan boʻlsa ,uning badiiy tafakkuri va koʻngil ziyosi ,millatimiz qalbini soʻnmas qadriyatlar bilan bezamoqda.

Rahmat,aziz oʻquvchilar.Endi 9-a sinf oʻquvchilaridan yosh ishteʼdodlarimiz Qadamov Asadbek va Qadamov Husniddinlar ishtirokida Ogahiyning “Oshiq boʻldim ey koʻngil,joning garakmasmu songo”gʻazalining shoʻx ashulasini tinglasak.Marhamat!

Boshlovchi: Rahmat!Shu oʻquvchilarimizning kelajakda buyuk sanʼatkor boʻlib yurtimizning ,elimizning faxri boʻlib yurishlariga tilakdoshmiz.Darhaqiqat,Muhammad Rizo Erniyozbek oʻgʻli Ogahiyning boy ilmiy va adabiy merosi nafaqat mamlakatimiz olimlari ,balki butun jahon miqyosida oʻrganilishiga shak-shubha qilmaymiz.Yillar,zamonlar oʻtar,buyuk vatandoshimizning tabarruk nomlari abadul-abad qolajakdir.Chunki,allomaning oʻz soʻzi bilan aytganda “soʻz martabasi nihoyatsiz baland va soʻz ahli hamisha aziz va arjumanddurlar”.

Boshlovchi:Navbatni Ogahiy ijodiga oid Saralangan satrlarga,sermazmun gʻazallarga bersak.Marhamat!(Gʻazallar aytiladi.Ifodali oʻqishlariga qarab baholanadi)

Yangi kun keladi u ham gʻanimat

Tilagim haq sari intilib qoling,

Chiqarib yurakdan benaf olovni,

Oʻrniga ilm-u gavharni soling.

Boshlovchi:Rahmat ,Aziz oʻquvchilar!Endi 4-shart yuzasidan 1-guruh ishtirokchilari Ogahiyning “Mushkin qoshining hayʼati ul chashmi jallod ustina”deb boshlanuvchi gʻazali ustidagi el-orasidagi gap soʻzlar va unga dono va tadbirkor rahbar Feruzning munosabati tasvirlangan “Ogahiyga ehtirom”mavzusidagi koʻrinishni namoyish qilishadi

Oʻzimni moziyning bagʻriga urdim

Va shu on shukrona aytib qaytdim men.

Kimdir koʻrmay ketgan baxtni men koʻrdim,

Kimdir aytmay ketgan soʻzni aytdim men.

2-guruh esa Ogahiyning tarbiyachisi,ustozi,shoir va tarjimon Munis shaxsiyatiga doir “Tillodan voz kechgan mirob”mavzusidagi bir lavhani namoyish qilib berishadi.

Avtor: Shoir,tarjimon,xattot asl kasbi Xiva xonligida shu davrdagi eng nufuzli lavozimlardan Miroblik boʻlgan Munis Xorazmiy oldiga bir kuni mi xotin ustiga xotin oluvchi,yaqindagina yoshgina qizni nikohlab olgan Yusuf Mehtar bitta nozik iltimos bilan tashrif buyuradi.

Tillodan voz kechgan Mirob

Mana bu kitob zoʻr ekan-u ammo forscha bitilgani uchun tushunish qiyin boʻlyapti.Agar tarjima qilib bersangiz,behisob tillolar berar edim.Axir siz arabcha-yu,forsiyni mukammal bilasiz.Bu ishga qoʻl ursangiz,aqchangiz koʻpayib,mendek kishining koʻnglini koʻtargan boʻlardingiz…..

Tarjima qilish-ku,oson ish menga.Ammo,beandisha,aysh-ishrat,buzuqchilikni targʻib qiluvchi kitobni oʻgirib berolmayman.Tillolaringiz ham oʻzingizga buyursin,uzr,mehtar janoblari!

Boshlovchi:Azizlar endi Ogahiyning “Ashkim agar kanora yoʻq boʻlmasa boʻlmasun netay”deb boshlanuvchi gʻazali asosida tayyorlangan ashulamizga navbatni bersak.Ijrosida yana 9-a sinf oʻquvchilari.Marhamat!

Boshlovchi:5-shart Erkin mavzu:Bunda guruhimiz ishtirokchilari Xorazm xalq ogʻzaki ijodi namunalaridan boʻlgan matallarning kelib chiqish tarixi haqida eshitgan va bilganlarini sahna koʻrinishi asosida koʻrsatib beradilar.

Meni kutayotir ajib kelajak,

U mening iqbolim,mening baxtimdir.

Men koʻrmagan baxtni kimdir koʻrajak,

Men aytmagan soʻzni aytajak kimdir

1-guruh.“Biz keldik kelin koʻrmakka…”iborasining kelib chiqish tarixini;

2-guruh ishtirokchilari esa “Aytilgan joyga xon boribdi”iborasining qanday kelib chiqish tarixi haqida bilganlarini namoyish qilishadi.

Avtor:Shariat qonun-qoidalariga muvofiq har bir musulmon oz moddiy va jismoniy imkoniyatlariga qarab tort martagacha xotin olishi mumkin deyiladi.Ushbu qoidaga ko’ra ,xonlar boy-zodagonlar,uch –tort,hatto 8-9 martagacha uylanaverganlar.Ayniqsa,Sharq mamlakatlarida turli millat,turli tabaqaga mansub xotin-qizlar bilan nikohdan otish odat tusiga kirgan.

Chunonchi Xivalik o’lkashunos D.Rahimov,Sh.Matrasulovlar qalamiga mansub “Shoh va shoir qismati” nomli monografiyada Feruzxonning 5 emas ,10 emas,naqd 12 xotini boʻlganligi bayon etiladi.

Xonning birinchi xotini Olmaxon,ikkinchisi Ziyoda,uchinchisi qozoq qizi Qutlugʻ bika,to’rtinchisi turk qizi Robiyaxonim,beshinchisi eroniy qiz Shirin bika va hokazolar.Kunlarning birida qozoq qizi Qutlugʻ bika saroyda zerikib kasal bo’lib qoladi.Tabiblar yosh kelin uchun saroyda oʻtov yasab berishni tavsiya etadilar.Xon amri vojib Ichon qalʼada va Qoraqum etaklarida qora uy chorda yasatib uning yoshlikdagi uyidagidek sharoit yaratib beradi.Yosh kelinning xastalanganini eshitgan qarindoshlari,doʻst yorlari uni yoʻqlab oʻtovga borsalar,boyaqish choy qaynatish taom tayyorlash uchun Qumga tezak terishga ketgan boʻladi.Ushbu holatdan hayratlangan mezbonlar “biz keldik kelin koʻrmakka kelin ketibdi tezak termakka”-degan ekanlar.

 

Boshlovchi:Endi navbatning 2-guruh ishtirokchilariga bersak. Marhamat.

Ushbu naql XIX asrning soʻnggi choragi va XX asr boshlarida xon Feruz davrida paydo boʻlgan deb hisoblash mumkin.Chunki Feruz xonlikda nisbatan tinchlik oʻrnatgan, aholining yashash tarzi bilan qiziqadigan xalqparvar kishi boʻlgan .

Xivalik Egam ota Olloyorovning hikoya qilishicha,Feruzxon Qibla toza bogʻ mavzesida yangi bogʻ saroy barpo ettirgan va shu joyda yashagan.Kunlardan bir kuni koʻchadan jarchi paykorning ovozi eshitiladi.Xon uni huzuriga chorlab hol-ahvol soʻraydi va nega baqirib-chaqirib yurganligini surishtiradi.

Uzr xon hazratlari,mahallamizdagi falonchi boy yangi uy –joy qurib koʻchib kelgan ekan,joy toʻyiga aytib yuribman,-debdi.

Shunda xon: Nega meni toʻyga taklif etmadi? –deb soʻrabdi.

Xon hazratlari hali siz mahalla eloto qoʻshilmodingiz,hech boʻlmogʻondo joy toʻyi ham barmadingiz shu boisdan mahalladoshlar sizdek ulugʻ xon bilan bordi-keldi qilishga jurʼat eta olmaydilar,uzr,ming bora uzr,degan ekan.

Qani ,sen meni toʻy-ma’rakalarga aytchi ,bormasmikanman,boromon ,-debdi xon.Ushbu voqea bois “Chaqirilgan joyga xon boribdi”degan ibora paydo boʻlgan ekan.

Eron generali Ismoil Mirpanjiyning “Xiva xotiralari”kitobida saroyga arzga kelgan beva –bechoralarni xon qabul qilishi,janoza toʻy va ma’rakalarga borishini yozib qoldirgan.Xiva xonlarining kiyinishlari ham oddiy fuqarolarnikidan farq qilmagan.

Haqiqat holingni yomon qilgusi,

Haqiqat,rangingni somon qilgusi,

Ammo u eng ogʻir boʻlsa ham dur

Tan olgin,u seni inson qilgusi…

Boshlovchi:Mana bugungi Ogahiy bobomiz tavalludiga bagʻishlangan tadbirimiz ham yakunlanib qoldi shu tadbirda tayyorlangan koʻrinishlar ,ibratli soʻzlar orqali maʼnaviy olamingiz poydevoriga bir gʻisht qoʻygan boʻlsak biz bundan juda baxtiyormiz!

Endi tadbirimizni yakunlash uchun soʻzni maktabimizning maʼnaviyat va maʼrifat ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari Mardon Ibragimovga soʻz navbatini bersak.Marhamat!

Maqsuda BALLIYEVA,

Qoʻshkoʻpir tumanidagi 18- umumiy oʻrta taʼlim maktabining ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Ulashing:

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan