So’z mulkining sultoni
                So’z mulkining sultoni

                So’z mulkining sultoni

309 marta ko'rildi

Hazrat Alisher Navoiy qoldirgan merosni hikmat marjonalari to’la dengizga o’xshatish mumkin. Bu dengizga sho’ng’ib imkon doirasida qo’limizga ilingan marjonlardan taqdim etishga doim harakat qilamiz. Biz Alisher Navoiyni mutafakkir shoir sifatida bilamiz. Mutafakkir so’zining ma’nosi-tafakkur sohibi , keng va chuqur mushohada yuritish qobiliyatiga ega kishi demakdir. Bu qobiliyat hammaga ham nasib etmaydi. Alisher Navoiy 1441-yil 9-fevralda Xuroson o’lkasining poytaxti Xirotda tug’ildi. Zamondoshlari uni “Nizomiddin Mir Alisher “deb ulug’laganlar , Nizomiddin-din nizomi deganidir. Ko’pincha mansab egalariga nisbatan aytilgan “mir” amir demakdir. Chunki u Husayn Boyqaro saroyidagi eng nufuzli amir bo’lgan. Navoiy kichik maktab yoshida fors shoiri Farididdin Attorning kattalar ham tushunishi qiyin bo’lgan “Mantiq ut-tayr” dostonini fors tilida o’qib ham uqib yod olgani uning yoshlik iste’dodining muhim qirralaridan edi. Navoiy o’z davrining buyuk mutafakkiri, so’z ustasi bo’lishi bilan birga kishilarga yaxshi so’z bilan ta’sir eta bilish san’atini juda qadrlovchi, ulug’lovchi, bunday so’z ustalariga e’tibor qilib ehtirom ko’rsatuvchi shaxs bo’lgan. Shoirning zamondoshi muarrix Xondamir “Makorim ul-ahloq” kitobida quyidagi voqeani bayon etadi. Alisher Navoiy bandalik vazifasini ado etgach, jamoat bilan suhbatlashar,hol ahvol so’rar, bemor va ehtiyojmandlarning ko’nglini ko’tarar edi. Nimagadir bir kuni tarki odat qilib, qayergadir shoshilib borib keldilar. Bu holga odatlanmagan jamoa, qiziqib so’raganlarida hazrat Navoiy shunday izoh beradilar:” Ikki yelkamga salom berganda ko’rdimki, ustimda bir chumoli turibdi. Bu chumoli tahorat olganim joyidan chiqqanini bildim va bir jonzotni oshiyonidan judo qilmoqlikning gunohini, yukini o’ylab o’z joyiga qo’yib keldim” deya ta’riflaganlar. Ha, albatta, nafaqat insonga, bir chumoliga ozor yetkazishga jasorat qilolmagan Navoiyning ushbu satrlarini bitmog’i tabiiydir.

Kimki bir ko’ngli buzuqning xotirini shod aylagay,

 Oncha borkim, Ka’ba vayron bo’lsa obod aylagay.

Ya’ni kim ko’ngli o’ksik bir insonni xursand qilsa, yiqilgan Ka’bani qaytadan qurgan, ta’mirlagan kabi savobga noil bo’ladi, demoqda shoirimiz. Ha mana shunday hikmatli so’zlari bilan butun dunyoda juda katta o’chmas nom qoldirgan shoir sifatida Alisher Navoiy nomini doimo qalbimizda saqlab, uning o’gitlaridan o’rnak olib yashaymiz. Bunday hikmatli so’zlari biz yoshlarga har doim ibrat bo’lib kelmoqda. Navoiyning asarlarini o’qigan har bir inson o’zini , o’zligini anglaydi, chuqur bilim va ma’rifatga ega bo’ladi desam adashmayman.

 Yodgora SAIDOVA,

Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi 7-umumiy o’rta ta’lim maktabining Ijodiy madaniy masalalar bo’yicha targ’ibotchisi.     

 

Ulashing:

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan