O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha har doim ta’kidlab keladi:
“Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir. Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyat”.
Demak, Vatanimizning, tumanimizning yangilanishi, mafkurasi ezgulik, odamiylik, insonparvarlik g‘oyasi bo‘lishiga hech shubha yo‘q. Biz mafkura borasida, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini, xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslanganini, avvalo ta’lim dargohlari va idora tashkilotlarda targ‘ib qilishimiz zarur.
Bunga albatta, kuch-g‘ayratimizni safarbar qilib, yoshlarga o‘z bilim va ko‘nikmalarimizni berishimiz, vatanga sodiq, kuchli va bilimli, dunyo yoshlari bilan bellasha oladigan, ma’naviyatli yoshlarni tarbiyalashimiz kerak.
Prezidentimizning PQ 5040-sonli qaroriga asosan, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi,Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi tomonidan ta’lim muassasalarida ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimlari tashkil qilinib, hozirgi kunda har bir ta’lim dargohida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Albatta,bunda milliy tarixni milliy ruh bilan yaratish, yoshlarimizni tarixdan saboq olish, xulosa chiqarishga o‘rgatish, ularning ijodkorlik qobiliyatini shakllantirish, ilm dargohlarida ijodiy,ma’naviy muhitni yaratish,kitobxonlikni targ’ib qilish kabi ezgu ishlarni amalga oshirishda ijodiy-madaniy masalalar bo’yicha targ’ibotchilar faoliyati muhim o’ringa ega.
Shu bilan bir qatorda ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimi joriy etilgach tumanda she’r yozishga qiziqadigan ijodkor o‘quvchi yoshlarimizning 20 ga yaqin she’riy to‘plamlari nashrdan chiqarildi.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda, gazeta va jurnallarda bir qancha maqolalar bilan chiqish qilinib, yoshlarning ijodga bo‘lgan qiziqishi va ko‘nikmalari muntazam oshirib kelinmoqda.
Yoshlarga milliy g‘oya targ‘iboti, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, jamiyatda adabiyot va kitobxonlikni yanada rivojlantirish maqsadida o’quvchilarni tuman axborot kutubxona markazi bilan,viloyat ijod maktabi hamda yozuvchi va shoirlar, ularning ijodi bilan tanishtirish ishlari muntazam yo‘lga qo‘yilgan.
Kitobxonlik madaniyatini kengaytirish, sahna san’atini izchil rivojlantirish, badiiy kechalar o‘tkazishga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Albatta, bu qilayotgan ishlarimiz, turli xil ijodiy-madaniy,ma’rifiy tadbirlar, o‘tkazilayotgan ijodiy tanlovlar o‘z samarasini bermoqda.
Mansurbek BOBOJONOV,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Bog’ot tuman bo‘limi rahbari.