Boltaboy Muhammad Qurbon 1961-yil 15-oktabrda Qo’shko’pir tumanidagi G’ozovot qishlog’ida tug’ilgan.”G’ozovotlik navozandalar”,”Ajab yoshulli”, kitoblarining muallifi.Hozirda “Qishloq hayoti” gazetasning Xorazm viloyati muxbiri bo’lib ishlamoqda.
*Otamning oʻgitlari turkum hikoyalar
TOʻYGA AYTILMAGAN XON
Oʻqishni tamomlab kelgach, meni uzoq bir tumanga ishga yuborishdi. Ertalab soat yettida yoʻlga chiqaman, kechqurun soat yetti sakkizlarda uyga kirib kelaman.1980-yillarda hali yoʻllarda transport qatnovi yaxshi emas edi.Tuman markaziga birgina avtobus qatnaydi.Agar oʻshandan ham qolib ketsang keyin yoʻlovchi avtoulovlarda ketishga yoki qaytishga toʻgʻri kelardi.
Bir kuni har galgiday uyga kelsam otam rahmatlik yigʻlab oʻtiribdi.Jonim chiqayozdi.
-Ha, nima gap deb xotinimdan soʻradim.
-Maʼrakadan qaytishda yoʻlda yiqilibdilar ikki yigit mashinasida olib kelishdi.
Otamdan hol-ahvol soʻradim. Darrov oyoq qoʻllarini ushlab koʻrdim, sal shilinibdi. Qoʻl oyoqlarining shilingan joylariga malham qoʻydim.
-Eh, otam-a, otam. Nima qilardingiz maʼrakaga borib, uyda oʻtiraversangiz boʻlmaydimi ,-deyman tasalli berib.
-Ey oʻgʻlim odam boʻlish ham qiyin ekan bilsang, elda yurgandan keyin toʻyu-maʼrakasiga borish kerak axir. Koʻrinmasang koʻrinmadi deyishadi. Oldingda toʻyu-tomoshang turibdi,toʻyingga hech kim kelmasa nima degan odam boʻlasan bolam.Seni boʻlsa ishing bor,-dedi otam,keyin qoʻshib qoʻydi,-Bugundan meni oʻldi de, endi men elning toʻy maʼrakasiga yaramayman.Bundan bu yogʻiga oʻzing borasan.Elga aralash xoʻpmi bolam .
-Xoʻp, xoʻp deyman,otamni tinchlantirib.Ishim nima boʻladi unda.
-Ishingni qoʻy erta ketib kech kelasan oyliging yoʻl kiradan ketadi. Ana maktabga ishga kir. Qoʻlingda diploming bor.Savoding binoyidek. Karim joʻrang ishlayapdiku. Ham mahallaga aralashasan va bola-chaqang yonida boʻlasan.El-elat mahalla koʻy madadkoring boʻladi,-dedi otam menga qarab.-Senga bir rivoyatni aytib beray agar eshitsang.Xiva xonlaridan biri shahar aylanib yursa mahallaning pekori:(xabarchisi) “Folonchinikiga toʻyga!”deb aytib yurgan ekan. Shunda xon: “Xov pekor toʻyga meni nega aytmading? “desa. Pekor:”Xon ogʻa siz mahallaga aralashmaganingiz uchun sizga aytmadim” degan ekan. Shundan keyin xon odamlarga osh berib mahallaga kiribdi. Ana oʻgʻlim bu gapni tagida ancha maʼno bor.
Toʻgʻrisi boshqa tumanga qatnab ishlash oʻzimga ham yoqmayotgandi. Otamning gapiga kirib ishimni qishlogʻimga-maktabga oʻzgartirdim.Ancha yaxshi boʻldi.Darsimni oʻtib kelib mahallaga aralasha boshladim.Otamning oʻrniga toʻy- maʼrakalarga boryapman.
PASHSHA SHIRAGA QOʻNADI
Odam keksaygan sayin yosh boladek boʻlib qolar ekan. Sal narsaga gina qilar.Bir ogʻiz gap koʻp, bir ogʻiz gap oz boʻlib qolar ekan.
Katta opam shaharda yashardi. Oʻrtanchi opam qishloqda- bizdan sal nariroqda, toʻgʻrisi bir ikki chaqirimcha narida turardi.Oʻrtanchi opamning xoʻjayini magazinchi boʻlib ishlar ,ular bizga qaraganda oʻziga toʻq boʻlib hamma narsasi bisyor edi.Har gal katta opam shahardan qishloqqa mehmonga kelsa avval oʻrtanchi opamnikida mehmon boʻlar, ertasiga biznikiga kelib otamdan bir xabar olib, keyin yana shaharga- uyiga joʻnab ketardi.
Otam katta opamni shahardan kelib singlisinikiga qoʻnganini allaqachon nevaralaridan eshitib oʻylanib oʻtirgan ekan.Men ishdan kelib otam yoniga choʻkalladim.Opamni kelganini yoʻldayoq eshitgandim.
-Ota shahardan opam kelibdi,-dedim. Goʻyo suyunchilagan kishi boʻlib.
-Eshitdim,-dedi otam bamaylixotir. E, bolam,bolam-a pashsha ham shiraga qoʻnadi-da, bu bor gap.
Shunday deb otam saqolini bir silab qoʻydi va qoʻliga piyolani olib, sovib qolgan choydan xoʻpladi.
Men bu gapning magʻzini oʻsha davrlarda chaqmagan boʻlsamda , mana hozir bobo boʻlib endi anglayapman.Otam qizini qanchalar sogʻinganini his qilaman.
ARINING ZAXRIN CHEKMAGAN…
Har yili aprel oyi kelsa shu voqea esimga tushaveradi.Otam rahmatlik qovun-tarvuzni, uzum, anor, olma kabi mevalarni qishga gʻamlab qoʻyib to may oyigacha saqlardi. Har gal uyda palov pishsa izidan qovun soʻyilishi odat tusiga kirgandi.Bunday meva-cheva poliz mahsulotlarini qishga saqlash kishidan oʻta mahorat va quntni talab qilardi.Axir qishning qahratoni, sovuq kunlari bor. Otam ularni goʻdakni avaylaganday saqlardi.Aprel oyining oxirlari edi oʻshanda otam bir kuni meni oldiga chaqirib:
-Akang ancha vaqt boʻldi kelmadi. Nevaralarimni sogʻindim.Saqlayotgan qovun-tarvuzlarimiz ham oz qolyapti.Har qaysidan bittadan olda shaharga joʻna-,deb bitta tarvuz va qovunni toʻrvaxaltaga solib berdi.
Aprel oyi emasmi qovun va tarvuzning u joy bu joyilari urilib zahm topgan otam bilan qovun va tarvuzlarning ichidan saylab-saylab shuginani topgan edik.
Shaharda yashaydigan akamlarnikiga joʻnar ekanman.Otam:
-Kelinoying gap qilmasa boʻldiyov deb qoldi.
“Gap topib oʻlibmi jon der aprel oyigacha qovunni saqlashni oʻzi boʻladimi? Bozorda qovun-tarvuz falon pul tursa”dedim ichimda.Ishqilib yoʻlga tushdim.
Jiyanchalar ur-sur qilib qoʻlimdagi toʻrvaxaltaga yopishishdi.Kelinoyim bilan soʻrashgan boʻldim.Akam ishda ekan.Kechqurun mehmon sharafiga uyda osh qilindi.Akam bilan ancha vaqtgacha gaplashib chaq-chaqlashib oʻtirdik.Osh suzildi.Oshni yeb boʻlgach kelinoyim oshxonaga akamni chaqirdi.Akam men olib kelgan qovunni tiliklab padnislarga qoʻyayotgan ekan qoʻlimni yuvgani karidorga chiqdim.Shunda kelinoyimning:
-Otam ham xoʻp ziqnada kelib kelib zahm topgan qovunlarni bizga joʻnatibdi degan gapi qulogʻimga chalinib qoldi.Ichimda bir nima chirt etganday boʻldi.
Beixtiyor otamning”Kelinoying gap qilmasa boʻldiyov “degan gapi hayolimga keldi.Qovun picha zahm topgan boʻlsada juda shirin edi, jiyanchalar quvona-quvona yeyishdi.Kelinoyimning gapi koʻnglimni xira qilgan boʻlsada jiyanchalarimning quvonganiga men ham quvondim.Beixtiyor otajonimning “Arining zaxrin chekmagan bolning qadrini ne bilsin “degan ibratomuz gapi esiga tushdi.
HALOL LUQMA
Beshinchimi yoki oltinchimi sinfda oʻqityotgan yillarim edi. Otam tomorqamizning ancha joyiga joʻxori ekardi. Joʻxorini juda moxirlik bilan parvarish qilardiki, kuzakda hosil ancha barkali boʻlardi. Maktabdan kelgach meni joʻxoriga qoʻriqchi qilib qoʻyardi. Men joʻxorini chumchuqlardan va qoʻshnilarning kurkalaridan himoya qilishim kerak edi. Nonushtamni apil- tapil yeb, qoʻltigʻimga kitobni olgancha tomorqamizni chetiga borib oʻtirardim. Har zamonda chumchuqlarga hayt deb qoʻyaman yoki belkurakka kesak solib joʻxorini oʻrtasiga otaman. Bir payt qiziqarli kitob bilan ovora boʻlib berilib ketibmanmi tomorqamizning narigi tarafidan qoʻshnining kurkalari dalaga “shturum” boshlagan, men esa bundan bexabar qolgan ekanman. Bir payt kurkalarga koʻzim tushib ularni haydashga tushdim. Kurkalar ham 50 chogʻli boʻlib butun dala boʻylab tarqalib ketgan edi. Men kurkalarni qoʻlimga kesak olib quvar ekanman,otgan kesagim bexosdan bir kurkaning boshiga tegdi. Qolganlari esa qochib ketishdi, ammo oʻsha kesak boshiga tekkan kurka oyoq qoqib hayot bilan vidolashmoqda edi. Nima qilarimini bilmayman. Keyin oʻylanib kurkani uyga –otam yoniga olib bordim. Uyga borgunimcha kurka oxirgi nafasini olayotgan edi. Otam kurkani koʻrib, vaziyatni tushundi shekilli. pichogʻini qinidan chiqarib kurkani soʻydi. Keyin uni obdon tozaladi. Kurka ham rosa semirgan ekan, naq olti yetti kilolar bor edi. Otam kurkani saramjomlab boʻlgach, goʻshtini muzxonaga solib qoʻydi.
Kechqurun hamma uyda jam boʻlgach, men iziga ergashtirib qoʻshnilarnikiga chiqdik.
-Abdulla, xov Abdulla, -qoʻshnini chaqirdi otam. Abdulla aka egniga toʻnini tashlab chiqib keldi.
Otam bilan qoʻl berib salomlashishgach, Abdulla aka hoʻsh xizmat deganday otamga qaradi.
-Kurkalaringni sanab koʻr hammasi joyidamikan.
Abdulla aka gap nimadaligini angladi chogʻi kurkalar turadigan joyga qarab ketdi. Bir pasdan keyin “ha, hammasi bor ekan” degach ,otam bilan narigi qoʻshninikiga qarab yoʻl oldik.
Qoʻshnini chaqirgach unga ham oʻsha boyagi savolni berdi. Qoʻshni Yoʻldosh otaning kampiri kurkalarini sanagani ketdi. Men kesak otib mayib qilib qoʻygan kurka qoʻshniniki boʻlib chiqdi.
-Yoʻldoshboy inim deb otam, kurka bilan bogʻliq voqeani unga gapirib berdi,-bexosdan bolaning otgan kesagidan kurkang chalajon boʻlgan ekan xoram oʻlmasin deb soʻydim goʻshti muzxonada turibdi,oʻgʻlingni yubor berib yuboraman .
-Zarari yoʻq ota, yaxshi qilibsiz, ayb bizdan ham oʻtgan, kurkalarni boqishni mana bunga ishongandikda,- dedi orqasida turgan oʻgʻliga ishora qilib.Asli halol odamisizda, siz aytmasangiz biz bilmas ham edik. It-pit yedi deb qoʻyaverardik.Endi ota, shu kurkani goʻshtiga men rozi. Mazza qilib osh qilib yeb duo qilsangiz bas.Bundan keyiniga ehtiyot boʻlamiz,-dedi Yoʻldosh aka biz bilan xayrlashib.
-Ana koʻrding,- dedi menga yoʻlda kelayotib otam, kurkani goʻshti endi halol boʻldi, xoramdan xazar deyishadi ota-bobolarimiz manbu gapni magʻzini chaq.
SAVOBNING AʼLOSI
Bizning eski hovlimizda tevarak-atrofi paxsa devor bilan oʻralgan bogʻimiz boʻlardi. Otam bilan har kuni oʻsha bogʻimizda ishlardik. Men ham maktabdan kelib tomorqa ishlarida otamga koʻmaklashardim.Otam buyurgan ishlarini bekami koʻst bajarardim.
Bogʻimizda ishlab yurgan kunlarimizning birida uzoqdan belkurak koʻtargan kishining ovozi eshitildi.U ovozi boricha baqirib, otamni ismini aytib chaqirib. yugirib kelardi. Undan 500 metrlar keyinroqda qoʻliga ketmon tutgan bir kishi uni quvib kelar,quvib kelayotgan kishi keksaroq shekilli har zamon har zamonda picha oʻtirib olar va yana damini rostlab olgach quvishni davom qildirardi. Otam shoshib oʻrnidan turib bogʻdevordan boʻynini choʻzib qaradi,Ungacha qochib kelayotgan kishi bizning bogʻimizga yaqin kelib qolgan edi. Otam uni tanidi shekilli:
-Ha Yoʻldoshboy, tinchlikmi?-soʻradi haligi kishidan.
-Tinchlik emasda ota,bogʻdevorni eshigin oching, anavu odam meni chopib tashlamoqchi, qarang oʻldiraman deb ketmonini koʻtarib kelyapdi, meni qutqaring ota,-deb Yoʻldosh aka shoshib-shoshib gapirardi. Yugirib kelgan emasmi hadeb holloslardi.
Otam darrov Yoʻldosh akani ichkariga kiritdi va darrov eshikni yopdi. Ungacha haligi quvayotgan odam ham bogʻdevorga yaqinlashib qolgan edi.
-Xov qoʻrqoq chiq buyoqqa, urish qandayligini koʻrsatib qoʻyaman senga. U hadeb chiranar, ammo uni otam ichkariga kirishga qoʻymasdi, och deyman senga, och eshikni, deya qoʻlidagi ketmonini bogʻdevordan turib oʻqtalardi.
Otam gap nimadaligni aslo tushunmas,soʻrasa ham u javob bermay hadeb javrardi.
Voqea asli bunday boʻlgan ekan. Quvayotgan odam yetmish yoshlaridan oʻtib saksonni qoralab qolgan mahallamizda yashaydigan Masharif degan kishi edi.Undan qochib kelgan yigit 40-45 yoshlaridagi Yoʻldoshboy aka boʻlib,suv ustida talashib Masharif otaning oʻzi tengi oʻgʻli bilan urishib qolgan.Yoʻldosh aka bir ikki musht koʻproq tushirgan shekilli, Masharif otaning oʻgʻli yigʻlab otasining yoniga borgan ekan. Ota ham gʻazab otiga minib shu yerga kelib turgan edi.
Voqeani anigʻiga yetgach otam tavalloga oʻtdi.
-Masharif qoʻy, bolalar oʻzlari urishdimi oʻzlari yarashib olishaveradi. Endi bular yoshmi har qaysisi 4-5 bolani otasi,erta indin oʻgʻlini uylab, qizini chiqaradigan boʻlib turishibdi.
-Yoʻq men uni oʻldiraman!!!
-E,qayoqdagi gaplarni gapirasan Masharif, odam oʻldirish oson ekanmi.Bu yigitni qara,-deb otam Yoʻldosh akani koʻrsatib devdek kuchi bor.Bu aslida seni hurmatingni qilib oldingga tushib qochib kelgan,sen shuni bilishing kerak axir. Qadimgilar aytganku katta koʻprik boʻladi deb. Jahlga erk berma joʻra!Yigitni gunohidan oʻt.Yoʻldoshboy sen ham kechirim soʻra otadan.Borib oʻgʻlidan ham uzr soʻra xoʻpmi. Bu bilan biron joying kamayib qolmaydi.
Masharif aka charchadi shekilli damini olgali yerga choʻkaladi.Choʻntagidan nos olib ogʻziga otdi.
-Matqurbon asli koʻpni koʻrgan odamsanda-dedi nosvoyini chirt etib tuflab Masharif ota -meni jahldan tushirding,ammo toʻgʻrisi bu ahmoq agar qoʻlimga tushsa jahl ustida chopib tashlasam keyni yomon boʻlardi. Shuning uchun aytadilarda jahl chiqsa aql qochar deb.-Xov bola, bu safar Matqurbon oraga tushdi,hurmati bor, kechirdim, ammo lekin koʻzingga qara.
Yoʻldoshboy aka ham “Xoʻp ota boshqa qaytarilmaydi “deb turibdi.
-Yoʻldoshboy inim bor endi uyingga,-dedi Masharif ota bogʻdevordan uzoqlashgach.Bolalaring bora ularni oʻyla jahlga erk berma.Tomorqangni ikki soat keyin sugʻorsang nima boʻpdi.
Yoʻldoshboy aka ham otamga rahmatlar aytib uyiga ravona boʻldi.
-Odam har kuni savob ish qilishi kerak oʻgʻlim.Mana bugungi savobimiz savoblarning eng aʼlosi boʻldi.Chunki ikkita urushganni yarashtirib qoʻydik,-deb otam choʻqqi saqolini qoʻli bilan silab kuydi.
Garchi oʻsha davrlarda bolalik qilib bu voqeani uncha anglamagan boʻlsamda mana hozir bu gaplarni magʻzini chaqayapman.
BIROVNIKI BORISHDA,BIROVNIKI KELISHDA
Otamning qoʻshni maxallada Roʻzmat degan bir oshnasi boʻlardi.Roʻzmat ota oʻn yillar burun olamdan oʻtib, undan yakkayu yagona Sultonnazir degan farzand qolgan boʻlib binoyidek roʻzgʻorini tebratib, el qatori bir oila edi. Kunlardan bir kuni otam mahallaga maʼrakaga chiqib bir gap topib keldi..
Oʻsha oshnosi Roʻzmat akaning oʻgʻli ogʻir betob boʻlib qolganmish. Kechqurun uyda hamma jam boʻlganida unga hozir puldan yordam qilish zarurligi haqida gapirdi.
-Shu bolaga yordam qilmasak boʻlmaydi,- dedi otam dabdurustdan puldan- qiynlishayotgan ekan.Tuzalib ketsa qaytarar.
-Tuzalmaschi,-dedim men, ogʻzimdan chiqib ketgan gapdan oʻzim ham uyaldim,-axir mashina olmoqchi edik.
Otam menga yeb qoʻygudek bir oʻqrayib qaradi.Damim ichimga tushib ketdi.
-Mashinani bir yil keyin minsang bir joying kamayib qoladimi,-dedi otam jahl bilan.
Hullas, otam aytganini qilib mashinaga deb yigʻib qoʻygan pulning yarimini olib borib berdi.
Bir kuni otam bilan tomorqamizga qovun ekayotgan edik.Koʻcha eshigidan “Matqurbon aka, xov Matqurbon aka” degan tovush eshitildi.
Otam yalt etib tovush kelgan tomonga qardi.
-Ie, iye, Sultonnazir bolam, omonmisan. Oyoqqa turganing morak(muborak) boʻlsin inim,-deb otam haligi kishiga qarab yurish qildi.Ular dala chetida quchoqlashib koʻrishdilar.Otam uni bir pas bagʻriga bosib turdi.Yigʻladi shekilli koʻzlarini roʻmolchasi bilan artdi.
-Qani qani keling,keling.- deb mehmonni katta oʻrik daraxti tagida oʻrnatilgan yogʻoch karovatga boshladi.
-Ha.yaxshi, yaxshi rangingga kiribsan oʻgʻlim.Dard yomon narsa.Odamni ado qiladi.Tuzuk tuzuk,Uydagilar yaxshimi, nevarlar qalay? Otam mehmonni hadeb soʻroqqa tutur, u boʻlsa “yaxshi ota” deb boshini sarak-sarak qilardi.
Shu orada men dasturxon yozib, choy damlab keldim.
-Ota oʻzingiz jollimisiz?Qarichilik bilan tandormisiz,-dedi Sultonnazir ogʻa soʻrashib.
Men shunda uning otamning oshnasi Roʻzmat akaning oʻgʻli Sultonnazir aka ekanini angladim.
Otam choyni qaytarib mehmonga choy solib uzatdi.
-Ota mana omonatingiz, katta rahmat kamiga qarzdormiz.Bu qilgan yaxshiliklaringizni mana shu yigitchani toʻylarida qaytargayman,-dedi Sultonnazir ogʻa,qoʻlidagi tugunni otamga uzatib, sanab oling.
-E,oʻgʻlim nimasini sanayman. Ota doʻsti odamsan. Agar zaril boʻlsang ishlataversang ham boʻlardi,-dedi otam.Sultonnnazir ogʻa koʻp oʻtirmadi.Mahallasida zarur yumushi borligni, keyin bir kelishini aytib oʻrnidan qoʻzgʻaldi.
Mehmon biz bilan hayr xoʻshlashib uyiga ketdi. Otam Sultonnazir akani to darvozagacha kuzatib soʻng iziga qaytdi. Damlangan choydan piyolaga solib hoʻpladi.Saqolini silab oʻyga toldi.
-Beri kel,- deb meni imlab yoniga chaqirdi-bir narsani bilib qoʻy.Sen hali ikki, uch yasharligingda juda ogʻir betob boʻlganding.Ustiga ustak onangni suti ham boʻlmadi. Nima qilishimni bilmayman. Oʻylab oʻylab onang bilan bir qarorga kelib, bor pulimizni yigʻib bozordan sen uchun sogʻliq sigir sotib oldik. Sen sigir sutiga oʻrganib ketding. Orada katta akang Tursunboy yotib qoldi.Nima qilishimni bilmadim.Pulimiz yoʻq. Ahiri sigirni sotishga majbur boʻldik. Sigirni bozorga chiqarsam, bozorda Roʻzmat joʻram yoʻliqdi.
-Sigirni sotgani chiqaribmisan? Bir nimaga zoriqdingmi? Toʻgʻrisini ayt,- deb meni qistovga oldi.
Aytishga majbur boʻldim.
-Bir ogʻiz aytmaysanmi menga joʻra,Bolalarni rizqu nasibasini sotasanmi, mana pul bolalaringni davolat,-dedi.
Shunda u qoʻlidagi bor pulingi qoʻsh qoʻllab menga topshirdi.Keyin bilsam Roʻzmat bozorga sigir sotib olgani kelgan ekan.
Roʻzmat pulni soʻramadi.Ikki yilcha qoʻlim yupqalik qilib pulni qaytarolmadim.Keyinchalik daromadlarimizni toʻplab qarzimdan qutilganman.
-Ha shunaqa oʻgʻlim, birovnki borishda, birovniki kelishda deganlari shuda.
Otamni bu hikoyasidan juda taʼsirlanib “Tuzalmasachi”degan gapimdan uyalib,otamni yuziga qarolmay yerga tikilib qoldim.
SOBIR MAYDA
Hayotning oʻzi eng buyuk muallim. Yoshing ulgʻayib borvergan sayin hayotda nima yaxshiyu nima yomon, kim nodonu kim dono bilib olaverarkansan. Vaqt oʻtavergan sayin hayot oʻnqir-choʻnqir yoʻllarini oʻzi senga rostakamiga koʻrsatib qoʻyarkan.
Qishlogʻimizda 65 dan oshib 70 ga qadam qoʻygan Sobir mayda degan kishi isitqomat qiladi.Mansabdor emas,boy emas oddiy bir odam. Odamoxun,xudojuy kishi.Besh vaqt namozni, oʻttiz kun roʻzani kanda qilmaydi. Qandaydir bir ish bilan boʻlib u kishi bilan yaqinlashdim. Men uning oʻgʻli tengi boʻlsamda Sobir aka menikiga tez-tez kelar, men xam unikiga borib turar edim.Bizning u odam bilan bordi-keldimizni sezgan otam bir kuni:
-Yangi doʻst topibmisan?- deb qoldi.
-Ha endi ish yuzasidan,-dedim chaynalib.
-Kim bilan yoʻldosh boʻlishingni bil lekin bola.Qadamingni oʻylab bos,-dedi otam sal jahl aralash.
Men hayron boʻldim.Otamning shu gapi yillar oʻtsada qulogʻim ostidan ketmasdi.
Keyin bilsam u kishida hasadguylik,baxillik,chaqimchilik alomatlari sezila boshladi.Mayda gap odam ekan.Odamlar behudaga “mayda” deb laqab qoʻyishmagan ekanda.
Menga xudo berdimi yildan yilga yangi muvaffaqiyatlarga erisha boshladim.U kishi menga yomonlik qilmadi, ammo u bilan suhbatlashgan sayin menga karshi gʻayritabiiy bir nimani sezganday boʻlaverdim. Sinchiklab kuzatsam undagi bu hislatlar farzandlariga ham oʻtgan ekan.
Sobir akaning bir oʻgʻli tumanda GAI da ishlar edi.U garchi men tengi boʻlsada shaharda maktabni oʻqib tomomlagandi. Bir qishloqdan boʻlgach bir birimizni yaxshi tanir edik. Sobir akaning oʻgʻlini GAI shaharda ishlasada obruyi qishloqda yoʻq hisobi edi.Sababi u mahalladagi shofyorlarni oʻz GAI doʻstlariga sotar ekan.Bir piyola, ikki piyola aroq ichgan shafyorlarni toʻy-hashamlarda ichganini bilib qolsa darhol doʻstlariga telefon qilib mashinaning davlat raqamini berar.Shu bilan tayyorgina “oʻlja” qoʻlga tushar ekan.Buni keyinchalik sezishgan shafyorlar ichida oldin oʻzini, keyin Sobir maydani oʻgʻlini boplab boʻralab soʻkisharkan.
U meni otasi bilan juda yaqinligimni yaxshi bilar edi.Chunki ularning uyda koʻp mehmon boʻlganman.Ular boʻlsa biznikida.
Otam Sobir maydani nega yomon koʻrar ekan deb juda koʻp oʻyladim.Kunlarning birida buni sinab koʻrmoqchi boʻldim.Bir ikkita doʻstlarimiz bilan reja tuzdik.Uzoqroqdagi doʻstimnikida ziyofat uyushtirdik. Ziyofatga Sobir akani ham aytdik albatda.Sobir aka GAI oʻgʻli bilan mashinada yetib keldi.Ziyofat quyuq boʻldi.Ichimlikning xili-xilidan bor. Ichmagan qolmadi hisob.Sobir aka ham yaxshgina oldi.Kayfi oshdi.Men ham “tuzukkina “ichdim.Orada “joʻralar menga koʻp bermanglar mashinam bor” deb qoʻyaman.Menga atalgan aroq shishaga suv solib qoʻylganini ota-bola payqamadiyam.Oʻzimni kayfi oshib qolganday koʻrsatyapman.Ishqilib rolni qoyilmaqom qilib oʻynadim.Sobir akaning kayfi oshib qolganini bahona qilib ular ertaroq turishdiUlar ketgach bir pas turib biz ham yoʻlga tushdik.Ilon izi qishloq yoʻlidan ketyapmiz.Yarim tun atrofda zogʻ ham koʻrinmaydi.Uyga ozgina qolganida muyulishdan mashinaning farasini yorugʻida ikkta militsiya formasidagi yigitlar mashinaning oldiga chiqib toʻxtash ishorasini berdi.Sekin chetga chiqib mashinani toʻxtatdim.Militsionerlardan bir kelib chest berib oʻzini tanishtirdi.Men mashinadan tushdim.
-Ie iye Umrzoq aka sizmiz,-deb ikkinchi militsioner kelib meni quchoqladi.Sizni nima jin urdi aroq ichib mashina xaydab yuribsiz.
-Otaboy bu senmi,-dedim xaligi yigitni kuchoqlab.Narigi militsioner ham hayron.Chunki Otaboy shahardagi katta ammamning oʻgʻli edida.
-Kim aytdi senga meni aroq ichdi deb,Bilasan men ichsam umuman mashina haydamayman.Mana qara kayfim yoʻq ishonmasang doktorga olib borishing mumkin,-dedim.
-Men ham shunga hayronmanda aka.Siz xozir gʻirt mast boʻlishingiz kerak edi.
-Xabarlarga koʻra de,-dedim bamaylixotir kulib.-Kim sotganini aytmasang ham bilaman indamasdan qoʻyaver.
Xullas militsionerlar ilojsiz bizni koʻyib yuborishdi.
Keyinchalik shaharga borganimda amamning oʻgʻliga ziyoafatni “senariy”sini aytib berganimda kulgidan qotib qolishdi.Xaqiqatan ham meni oʻshalar sotgan ekan. Obbo pismiq Sobir maydayey.Otam toʻgʻri aytgan ekan.Indamasdan is chiqar deb.
Bu hayotda hamma narsa boʻlishi mumkin ekan.
MUNAVVAR NUR
Yoshligimdan badiiy adabiyotga-kitobga qiziqaman.Oʻquvchilik davrlarimda ham qoʻlimga pul tushdi deguncha kitob sotib olardim.Keyinchalik talaba boʻldim.Javonimda ancha muncha kitob yigʻilib qoldi.Oʻqituvchi boʻlib ishlagan kezlarimda ham ancha kitob yigʻganman.Oilada oʻgʻilu qizlarim, umuman olganda hech kim kitobga yomon munosabatda boʻlmaydi.Kimga qanday kitob kerak boʻlsa, mendan soʻrab oʻqigani olar va yana oʻqib boʻlgach joyiga keltirib qoʻyardi.
Bir kuni dam olish vaqtlarida hovlida kitob oʻqib oʻtirib, derazaning tokchasida oʻqib oʻtirgan kitobim qolib ketibdi.Oʻgʻlimizni uylantirgan yillari edi.Yangi kelin, hali oilamizning pastu balandini bilmaydi.Kelin tushmagur kitobni deraza tokchasidan olib tebranib turgan shkafining tagiga qoʻyibdi. Buni payqab qolgan qaynonasi-xotinim “hay haylab”kitobni shkafni tagidan oldirib turgan mahali men kelib qoldim.Vokeani koʻrib toʻgʻrisi hafa boʻldim. Keyin oʻylab, kechkurun oila jamul jam boʻlganida 1980-yillarda otam rahmatlik hikoya qilib bergan bir voqeani tarbiya uchun soʻzlab berdim.
“1937-yil edi deb oʻz hikoyasini boshlagan edi otam oʻshanda oilaviy gurunglarni birida.Qoʻshnimiz katta eshon edi. Odli obruyli, hammaning hurmatini qozongan, nafasi oʻtkir inson edi .Oʻsha suronli yillarning birida Eshon buvaning oilasi boshiga ham qora kun tushdi.Uyidan kitob chiqdi qilib qamadilar.Shu kechasi eshon buvaning xotini bizning uyga bir dasta kitob koʻtarib chiqdi.Meni sal pal eskichadan savodim borligi uchun kitoblarni muqovasiga koʻz yugurtirdim.Mashrab,Navoiyning eski lisonda yozilagan kitoblari.”Vaqtincha sizlarnikida turib tursin” deb eshonoyi tashlab ketdi. Men kitoblarni olib samonxonga yashirdim.Bu orada eshon buva qamalib ketdi. Hech kimni kitob bilan ishi boʻlmadi. Eshon buva qamalgach men ham qoʻrqib qoldim,- hikoyasini davom qildirdi otam. Kitoblarni samonxonadan olib qoʻyning terisiga oʻrab hech kim bilmas joyga koʻmib qoʻydim.Oradan ancha yillar oʻtdi.Kitobni koʻmgan joyim esimdan ham chiqib ketgan edi.Eshon buva oʻsha yoqlarda dom daraksiz ketdi.Eshonbiyi ham dunyodan oʻtdi.Oʻsha qora kunlar ortda qolib yaxshi kunlar boshlandi.Bir kuni tomorqada ishlab yurganimda bexosdan ketmon bir narsaga tegib terining bir boʻlagi ketmonga ilashib chiqdi. Men sekin paypaslab oʻsha joyni qoʻlim bilan ochdim.Ne koʻz bilan koʻrayki men bundan roppa rossa oʻttiz yillar burun koʻmgan eshon buvadan yodgor boʻlib olgan kitoblar edi.Teriga oʻrab koʻmganim uchun kitoblar yaxshi saqlangan edi. Kitoblarni koʻtarib uyga olib keldim. Tuproqlarini qoqib sekin varaklarini ochdim.Endi har kuni kechkurun lampaning yorugʻida kitoblarni hijjalab oʻqiy boshladim. Mashrab, Navoiy, Mahtumqulining purmaʼno gʻazallari, sheʼrlari edi bular.
Bir kuni mahallada bir maʼrakada kitob haqida soʻz ochdim.Maʼrakada eshon buvaning kenja oʻgʻli Salohiddin ham boʻlib dadasining kitoblariga qiziqib qolganini, shu kitoblardan bittasini berishimni dadamdan yodgorlik deb saqlab qoʻyishini aytdi.Men rozi boʻldim.Maʼrakadan chiqib Salohiddin eshon toʻgʻri uyga kelib Mashrabning kitobini olib ketdi.Oradan besh olti oylar chamasi oʻtgach qandaydir bir yumish bilan Salohiddin eshonnikiga bordim. Kechkurun oila hovlida jamul jam boʻlib ovqatga oʻtirishgan ekan. “Keling, keling” qilishib meni toʻrga oʻtqazishdi.Atrof qarongʻu.Oila dasturxon oʻrtasida qoʻyilgan qirqinchi lampaning yorugʻida ishtaxa bilan moshkichri yeyishardi.
-Oling, oling ovqatga qarang aka dedi,-Salohiddin eshon qoʻlimga toldan yasalgan qoshiqni tutqazib.Men moshkichridan bir ikki totgan boʻlib, kelishim sababini aytay deb endi ogʻiz juftlagan edimki, koʻzim qirqinchi lampa tagidagi narsaga tushdi.Bu oʻsha men Salohiddin eshonga hadiya qilagan kitob edi. Ha,ha, Boborahim Mashrabning kitobi.Tanidim.Chunki men uni qoʻlimdan qoʻymay oʻqiyverib muqovasi ham tanish boʻlib ketgan edi. Qoʻlimdan qoshiq tushib ketgudek boʻlib shalvirab qoldim.Meni kitobga tikilib turganimni koʻrgan Saloxiddin mulzam boʻlib:
-Boya oʻqib oʻtiruvdim, bolalar bilmay lampani tagiga qoʻyishibdi.U bolalarini koyigan boʻldi. Keyin mening koʻzimni oldida kitobni olib lamani tagiga boshqa narsa qoʻyib qoʻydi. Beixtiyor kitobni qoʻlimga oldim.Kitob Salohiddin aytganidek lampani tagiga hozirgina qoʻyilgan emasdi.Chunki kitobning ustiga tomgan kerosin yuqilari uning lapma tagida ancha vaqt “hizmat” qilganidan dalolat berib turardi.
Saloxiddin eshonnikidan taʼbim tirriq boʻlib uyga qaytdim.Toʻgʻrisi uninkiga nimaga borganim ham esimdan chiqib boʻlgan edi. Yoʻl yoʻlakay hayolimni oʻsha suronli yillar- repressiya davrlari oldi.Eshon biyini kitob koʻtarib biznikiga kelishi, men kitoblarni koʻmiib qoʻyish voqiyalari jonlandi.Bu kitoblar ham ancha mashaqqatli davrlarni boshidan oʻtirib endigina yer yuziga chiqib “hizmat” qilaman deganida yana razolat qurboniga aylanayotgan edi”
Kitobdan yaxshi doʻst yoʻq jahonda. Doʻstga esa yomon munosabatda boʻlinmaydi deb otamning aytib bergan hikoyasini yakunladim.Shu shu kelinim kitob javonlaridagi kitoblarni changini artar va ularni chiroyli qilib taxlab qoʻyadigan boʻldi. Koʻpgina kitoblarni ham oʻqib chiqishga ham ulgurgan edi.
SAVOB UCHUN YOLGʻON
Qoʻshnimiz toʻy qiladigan boʻldi. Birinchi toʻyi. Toʻyga todorik koʻrila boshlandi,ammo hadeganda oʻgʻliga qiz topilavermadi. Bir kuni yumush bilan tashqariga chiqsam bogʻdevorning naryogʻidan qoʻshnimiz oʻgʻliga baqirib turganini eshitib qoldim.
-Hammaga topilgan qiz senga topilmaydi.Uyda mogʻor bosib yotavermay sen ham bunday koʻchaga chiq, aylan, qiz top axir.Hey xe…k! Senga hafta muhlat agar shu safar ham qiz topmasang mening oʻzim topaman shunga uylansan.Tomom!
Shunday qilib otaning oʻgʻliga bergan muddati ham tugadi shekilli,er xotin bir kuni kechqurun oʻzlari koʻzining tagiga olib qoʻygan qiznikiga sovchilikka ketishdi.
Kunlarning birida uyimizga bir moʻysafid kishi otamni soʻrab keldi. Men hozir deb otamni aytib chiqdim.Otam egniga toʻnini tashlab tashqariga chiqdi.
-Ie,iye Otamurod qanday shamol uchirdi,kel, kel doʻstim,-deb otam haligi kishini qarshiladi.Ikovlashib xonaga kirishdi.Men darrov dasturxon yozib, choy damlab keldim.
Haligi otamning doʻsti chordona qurib oʻtirib,sogʻlik-omonlik soʻrashgach,otam qaytarib piyolaga solgan choydan bir xoʻplab gap boshladi.
-Joʻra kengashli toʻy tarqamas degan gap bor.Bir masalada yordaming kerak boʻlib qoldi. Qoʻshning borku Ilyosboy biznikiga sovchi boʻlib boribdi. Men bu mahalladan faqat seni yaxshi taniyman.Shuning uchun uning asli-naslini bilay deb seni qora tortib keldim joʻra,shunga nima deysan?
-Oʻng boʻlsin joʻra, oʻng boʻlsin.Yoshlar baxtli-taxtli boʻlishsin.Bu zamonda yomon odamni oʻzi yoʻq joʻra.Oʻzing yaxshi olam yaxshi,-deb otam haligi odamning savoliga javob bera boshladi.Endi Ilyosboyga kelsak hamma qatori, oʻzimizday yaxshi oila. Bolalari koʻp,ayolvand. Hali bu birinchi toʻyi.Oʻzi ham bolalari ham tuzukgina,yaxshi tarbiya koʻrgan.Xudo hohlasa toʻyni javobini bersang yoshlar baxtli boʻlib ketadi.
Otamning daryodilligiga qoyil qoldim oʻshanda.Axir bir hafta burun oʻsha Ilyos togʻa behosdan tomarqasiga oʻtgan qoʻzichogʻimizni oyogʻini urib sindirib otam bilan sanu manga borgan ediya. Endi otam shu odamni koʻklarga koʻtarib maqtab oʻtirganiga jahlim chiqdi.
-Ishqilib bilmadim joʻra, orqarovotdan yomon oila deb eshitaman uyida har kuni janjalmish. Nevaram Oyniso juda aqlli, hunarli kiz, qoʻlidan kelmaydigan ish yoʻq.Yomon oilaga tushib xor boʻlmasin deymanda joʻra,-dedi Otamurod ota uyga tolib.
-Endi joʻra janjal kimning uyida yoʻq deysan,roʻzgʻorni gʻorini toʻldirguncha ona suting ogʻzingdan keladi.Bir oila boʻlsa shunday boʻlar doʻstim.Nevarangni beraver xudo hohlasa chiroyli bir oila boʻladi hali koʻrasan.
Otamurod ota otam bilan hayr xoʻshlashib ketdi.
Oradan uch kun oʻtib qoʻshnimiz Ilyos togʻa uyimizga kirib keldi.
-Ota men sizga nima yomonlik qildim,arpangizni xom oʻrdimmii?-deb kela solib ayuxannos sola boshladi,-Koʻrib bilmaganingiz men. Ha,ha endi bir quda topdim deganimda shuniyam yoʻldan uribsiz. Yomon oila debmishsiz. Har kuni uyida urish janjal debsiz. Ilyosboy togʻa hadeb javrar, otam boʻlsa uning har bir aytgan gaplaridan yoqa ushlab “tavba, tavba”- deb hayron kolib eshitmoqda edi.Ahiyri chiday olmay:
-Gapingni tomom qildingmi Ilyos?! Kim aytdi senga bu boʻlmagʻur beʼmani gapni. Boʻlgusi kudangmi? E qoʻyey. Men endi yolgʻon gapiradigan yoshdan oʻtganman inim. Endi yolgʻon gapirib menga nima zaril, ammo lekin shu yoshlarning baxti uchun yolgʻon gapirdim xudo kechirsin. Ammo sen kelib menga tuhmat qilib turganing ortiqcha.He odamni har narsa boʻlgani yaxshi.
Ilyos togʻa ichidagini toʻka solib qanday tez kelgan boʻlsa shunday tez chiqib ketdi. U ketgach otam uyning devoriga orqasini qoʻyib uyga tolib ketdi. Sigirga suv tutib kelsam otam yuziga roʻmolini tutganicha piq-piq yigʻlab oʻtiribdi.Otamning yigʻlaganini oʻshanda birinchi koʻrishim edi.
-Hozir borib Ilyos togʻani bir pulligini chiqarib tashlayman, hamma gaplarni qudalariga aytib beraman.-deb jahl qilib tursam,otam:
-Qoʻy, qoʻy bolam kim haq, kim nohaq olloh bilguvchidir.Sen aralashmaganing maʼqul.-deb meni yoʻldan qaytardi.
Qudalar til topshibdi shekilli, Ilyos togʻa toʻyni boshlab yubordi.Uyimizga ham el qatori xabar keldi.Ammo otam toʻyga bormadi. Toʻyning toʻrtinchi kuni quda chaqirish marosimi boʻldi. Otamurod ota ham marosimga kelgan shekilli, kela solib otamni soʻragan va voqeani eshitgan Otamurod ota:
-E attang,attang yomon boʻlibdiya. Beri kel mulla Ilyos, Sodiq ota tilla odam, men uni mana 50 yildan beri bilaman.Mayda gap odam ekansan.Men senga qoʻshnilaringdan biri deganimda uni nazarda tutmagan edim.Attang, attang Sodiqni dilini ogʻritibsan.U boʻlsa sen yeru koʻkka chiqarib maqtagan ediya.Toʻgʻrisi nevaramni shu doʻstimning aytgan tavsiyasi uchun bergan edima.
Ilyos togʻa mulzam boʻlib yerga tikilganicha qoldi.
-Yur birgalashib otani olib kelamiz,-debdi Otamurod ota.
-Kelmasov ,-degan ekan Ilyos togʻa,Otamurod ota:
-Men aytsam keladi ,albatda keladi.
Ikki kuda ikovlashib otamga rosa tavallo etishdi.Ahiyri boʻlmadi.Otam koʻndi shekilli, yangi toʻnini kiyib ular bilan birga ketdi.Otam quda chaqiriqdan keldi.Men hayron boʻlib qarab turgandim.
-E oʻgʻlim oʻgʻlim Hayot shunaqa.Birovni toʻyni buzgandan yomon gunoh yoʻq bilsang.Otasi yomon boʻlgan bilan bolalarida, yoshlarda gunoh yoʻq.Yoshlarni duo qilib,kelin salomini olib keldim.
KALLASIZ XOTIN
Qoʻshnimiz boʻlardi.Ismlari Ollabergan aka.Ota-onasidan erta yetim qolib qoʻni-qoʻshni, mahalla koʻyning yordami bilan voyaga yetib uylandi. Mahallaning “oʻgʻli” boʻlgani bois hamma uni yaxshi koʻrardi.Roʻzgʻorida kam-koʻsti bormi, yoki xashar-pasharmi darhol borib koʻmak berishar,Ollabergan ham kimki bir yumushga aytdi deguncha beminnat borib xizmat qilardi.Kelin ham shu qishloqlik Abdurahmon degan kishining qizi edi.Orada ularning bir oʻgʻil va bir qizi dunyoga keldi.Ammo nimagadir Ollabergan xotini bilan kelisha olmas, uyidan kun ora janjal arimasdi.Toʻgʻrirogʻi Xorazmchasiga aytganda uning xotini “ogʻzi ochiq”,dilozor bir juvon edi.Erni erim demas, xadeb yetimligin yuziga solib katta ketardi,shu sabablimi ularning uyida kunaro majaro edi.Kelin shu ikki-uch yili ichida janjallashib uyiga ketib kolgan paytlari ham koʻp boʻlgandi.Goh mahalla, goho otam aralashib Abdurahmonga ming bir tavallo qilib kelinni olib kelib qoʻshib qoʻyishardi.
Kunlarning birida ularning oilasida yana janjal boʻldi shekilli,hovlisidan baland-baland ovoz chiqa boshladi.Ollabergan aka bilan devordarmiyon qoʻshnimiz.Ularning hovlisi shundoqgina bogʻdevordan koʻrinib turardi.Otam ikkalamiz tomorqada ishlab yurib bu janjalni eshitib turardik. Otam birpas ishini toʻxtatib oʻsha yoqqa quloq tutdi.Men ham jimib qoldim.Er-xotinning gap soʻzlaridan janjalning nima sababdan kelib chiqqanligi maʼlum boʻldi.Ollaberganning ayoli qarindoshining toʻyiga katta Xiva gilami olib boradigan.Ollabergannng shu gilamni xam olib borishga puli yoʻqligidan xotiniga xadeb bir nimalarni tushuntirishga tirishar ammo xotini qani endi uning gapiga koʻna qolsa.Roʻzgʻorchilikda axir, erining bir oʻzi ishlasa.Bir yonda bola-chaqa.Hamon ayol oʻz aytganidan qolmas baland-baland gapirib erkakning shaʼniga tegadigan gaplar aytib baqirardi.Axiri boʻlmadi Ollabergan uni urdi shekilli u battar baqira boshladiki bu katta shovqinga bir ikki qoʻni- qoʻshni ham chiqishdi.Men otamga “siz xam boring, ana Quronboy ogʻa ham shu yerda” dedim narigi qoʻshnimizni oʻsha yoqdaligini koʻrib otam bir pas oʻylanib turdida”Ey oʻgʻlim, oʻgʻlim er-xotinni orasiga esi ketgan tushadi deyishgan mashoyixlar”deb yana ishini davom ettiraverdi.Ammo shu payt Quronboy aka bogʻdevorning nariga tomonida turib otamni chaqirdi.Otam ishini toʻxtatib ular tomonga oʻtdi.Qoʻni-qoʻshni bir boʻlib ularga tushuntirishga urinishar, ammo ayol na otamning, na boshqa qoʻshnilarning gapiga kirardi.Bir shapaloq yegan shekilli hadeb eriga qarab “qamataman qamoqda chiritaman” deb ogʻzidan koʻpik chochib baqirardi.Bu ayol agar urush janjaldan bexabar kishiga tashqaridan qaraganda eri oʻlasi qilib kaltaklaganday tasavvur uygʻotardi.Ayol xech kimning-xatto otamning ham tavollasiga quloq solmadi.Koʻch-koʻronini koʻtarib ikkala bolasini yetaklab ketish todorigini koʻra boshladi.
Qoʻni-qoʻshnilar gapi oʻtmagach bu yerda turish befoydaligi uchun asta-sekin tarqalishdi.Otam oʻshanda “kallasiz ayol ekansan xayf senga shunday imorat, shunday roʻzgʻor, shunday er”deb chiqib qaytgan ekan.Ayol bari bir oʻz bilganidan qolmay uyga ketib qoldi.Oradan oylar oʻtdi.Ammo Ollaberganning xotinidan koʻngli sovigan shekilli loqal bir marta ham xotinini izlab bormadi.Uyni qulflab tomorqasini bizga topshirib oʻris yurtiga ishga ketdi.Olti oymi, yetti oymi oʻshayoqlarda ishlab qaytdi.U paytda tomorqasiga ekilgan barcha ekinlar pishib yetilgan, faqat ularni terib olish qolgan edi.Shunda bir kuni Ollabergan:
-Ota ekkan ekinlaringiz pishib yetilibdi yigʻishtirib olinglar isrof boʻlib chirib netib qolmasin,-deb qoldi.
-E,oʻgʻlim oʻzingga buyursin. Kelinni olib kelgin.Bolalaring bilan mazza qilib yenglar,- dedi.
-Yoʻq ota, borgim yoʻq,koʻnglim juda sovigan.ammo…
-Ha ana shu ammosi borda bolam, ikki qorakoʻzing bor, uvoli yomonda, borgin agar kelmasa meni oʻzim boraman,- dedi otam.
Hullas otam Ollaberganni qoʻyarda qoʻymay kaynotasinikiga joʻnatdi.Kechqurun uyda otam bilan choy ichib oʻtirsak Ollabergan boʻshashib kirib keldi.
-Yubormadi ota,qaynotam sizni kelsin dedi.”Kallasiz xotin emishman ,qoʻshnimiz Matmurod ota aytdi”debdi keliningiz.Shu kishi kelsin kallam bormi yoʻqmi topib bersin keyin boraman deyotganmish.
Otam saqolini silab oʻylanib qoldi.Shu payt uning hayolidan nimalar oʻtdi, faqat uning oʻziga ayon edi.
-Er xotinning orasiga esi ketgan tushadi degani ediya otam rahmatlik.-dedi otam kiyinayotib menga eshittirib.Endi nima boʻlsayam gunoh mening gardanimda ekan yalinib yolvorib boʻlsada kelinni olib kelmasak boʻlmas. Kechqurun otam Ollaberganni ergashtirib Abdurahmonnikiga qarab yoʻlga tushishdi.
-Matmurod oʻzing yaxshi odamsankuya ammo tiling bir joyda turmaydi.-debdi dabdurustdan Abdurahmon aka otamga zarda qilib,-Nima qilasan er-xotinni orasiga tushib.Nima sen kallalik biz kallasiz boʻldikmi senga.Nima unda bir sharik yetishmaydimi deb Abdurahmon otamga gal bermay xadeb oʻzinikini maʼkullar otam boʻlsa uni jimgina eshitib oʻtirardi.
Axiyri otamga navbat tegib boshini ham qilib
-Mulla Abdurahmon yoshligimizdan doʻstmiz, shu paytgacha san-manga bormadik. Agar mendan oʻtgan boʻlsa kechir,sen ham kechir qizim bularni oilasini qoʻsh norasida bolalar yetim boʻlmasin,-debdi.
Abdurahmon domla ham oʻzi tengi odamni uzr soʻrab turishi koʻnglini yushatdimi, yoki ancha paytdan buyon bu tekin tomoqlarni boqib oʻtirish joniga tekkanmi, kiyovga juda koʻp tanbehlar berib qizini ularga qoʻshib junatdi.
Shu voqeadan soʻng otam anchagacha oʻziga kelolmay yurdi.Ollabergan xotini bilan yashay boshladi.Orada bir qish bir yoz oʻtdi.Ollabergan yana oʻrisda ishlab keldi.Ammo bari bir er-xotinning moshi pishmadi. Keyinchalik rasmana ajrashishdi.Ollabergan ham moʻmin qobil, yuvoshgina juvonga uylandi.Xotini”itdan boʻlgan qurvonlikka yaramas deb” ikkita norasidasini Ollaberganga tashlab shaharlik xotini oʻlgan boyvachchaga erga tegib ketdi.
U yerda ham “til”ining dastidan quvildi.Undan keyin ham uch toʻrtda er qildi.Ammo hech qayerda ham oʻngishmadi.Ahiyri yana otasining oldiga keldi.Bir kuni orqarovotdan Abdurahmon akaning: “Matmurod toʻgʻri aytgan ekan haqiqatdan ham kallasiz ayol ekansan “degan gapini eshitib qoldim.Otamning donaligiga yana bir bor tan bergandim oʻshanda.
URSA SOʻKSA XOʻRLASA HAM EL YAXSHI
Biron noxush xabar boʻlsa darrov yashin tezligida butun mahallaga tarqaladi. Bir mahalladoshimizning 20 yoshar oʻgʻli Rossiyada ishda edi. Oʻsha yerda baxtsiz xodisa tufayli xalok boʻlibdi.Endi bu voqeani eshitgan borki,hali oʻn gulidan bir guli ochilmagan yigitga ham va bagʻri qon boʻlib “voy bolamlab” boʻzlayotgan ota-onasiga ham chin dildan achinishdi. Toʻgʻrirogʻi bu voqeani eshitgan borki oʻzini tutaolmadi,yigʻlagan ham, yigʻlamagan ham yigʻladi.Hamma u xonadonga borib taʼziya bildirib chiqar,kimdanki yordam kerak boʻlsa hamma hizmatga shay boʻlib turardi. Mahalla koʻy boshqachada ana shunday kunlaringda asqotadi. Axir Mahtumquli aytadiku:”Ursa soʻksa xoʻrlasa ham el yaxshi”deb.Xullas uch kun deganda tonggi soat beshlarda mayit Rossiyadan yetib keldi.Boʻldi qiyomat qoyim. Shu yerda turgan borki hamma yigʻladi.Ayniqsa onaizori sochlarini toʻzgʻitib majnun boʻlib boʻzlab-boʻzlab yigʻladi.Mahalla imomi va faollari janozoni soat 14 ga belgilashdi.
Eng yomoni oʻsha kuni bir mahalladoshimizning uyiga kelin tushadigan.Mahallaning koʻpni koʻrgan katxudolari, mahallakomlar borib,toʻy egasini ogohlantirib kelishgan edi.”Mayli toʻyingni qil, ammo,anavu madohingni ovozini sal pastlatib qoʻy ,u yerda qon yutib turishibdi, ularning koʻngliga hozir soz sigʻmaydi bilasan.Bir mahallamiz-a.”
Toʻy egasi “hoʻp akalar, sizlar nima desangingiz shu” deb qolibdi, ammo kelin kelganida oʻz bilganini qilib karnay surnayni varanglatib yuboribdi deng. Garchi oʻsha azador oila bilan toʻy beruvchi xonadon oʻrtasi uzoqroq boʻlsada janoza oʻqilayotgan paytida karnay-surnayining ovozi bari bir eshitilib turdi.Janozaga toʻplangan borki boshini “he attang”deganday chayqab qoʻyardi.
Bu voqeadan juda taʼsirlandim.Beixtiyor oʻzimning toʻyim boʻlgan davrlar yodimga tushdi. 1978-yil edi oʻshanda. Otam meni uylantirish todorigini boshlab yubordi. Shu orada bir hammahallamiz tasodifan oʻtib qoldilar.Otam picha toʻyni vaqtini keyinga surdi.Oʻsha kishining maʼrakalari oʻtib boʻlgach toʻyni boshlab yubordi.Toʻy kuni yoniga ikki uch mahallaning katxudolarindan olib tugunga u bu solib azador oilanikiga yoʻlga tushdi.
Borib oilaning kattasiga:”toʻy boshlab qoʻygan edik shunga sizlardan ruhsatga keldim akalar.Toʻgʻri hozir koʻnglingizga bu gaplar sigʻmaydi, ammo nima qilamiz hammamizning ham boʻlarimiz shu”-degan ekan.Ular boʻlsa:
-Ota biz ojiz bandamiz xudoni hohlagani.Endi nima deymiz
hammasidan xabarimiz bor. Sizga rahmat .Garchi molnii soʻygan boʻlishingizga qaramay otamni maʼrakalari oʻtguncha kutdingiz.Iymonboyi boʻling, bizdan ruhsat toʻyingizni boshlayvering,-degan ekan.
Otam qushdek yengil boʻlib qaytib kelib toʻyni boshlab yuborgan edi.Qoʻni qoʻshni, qarindosh tuqqanni muzxonalariga berib yuborgan goʻshtlarni oldirib qozonga qaratib yuborgani yodimga tushdi.
Ex,oʻsha yillari odamlar oʻrtasida qadr qimmat,ahillik kuchli edi.Hatto mahallada birov oʻtib qolsa otam uyda uch kungacha televizor qoʻydirmas.”Qoʻshnimiz azada oʻtirsa bizning koʻnglimizga soz sigʻadimi” derdi.Oʻsha paytlarda bular menga erish tuyulgan bulsa bu gaplarda insoniylik fazilatlari mujassam ekanligini endi endi sezyapman.
Yangi uylangan yillarim “Vesna”degan magnitafonim boʻlar edi.Tomorqada otam buyurib ketgan ishlarni keliningiz bilan birgalikda qilib yurgan edik.Yoshlikda, yuragimiz joʻshib turgan payt emasmi. Magnitafonni dalaga olib chiqib varanglatib qoʻyibman deng. Bir payt magnitafonni ovozini eshitib otam uydan chiqib keldi.Kelinni oldida koyishni ep koʻrmadi shekilli meni imlab chaqirdi.
-Sobir otaning oʻtganiga yetti kun ham boʻlmadi oʻgʻlim, bu ishingiz yaxshi emas. Eshitgan quloq nima deydi.Darrov magnitafoningizni unini oʻchiring, ichkari kirib eshitinglar.
Men boʻlsam rahmatlik Sobir otaning vafot etganini ham esimdan chikarib yuborgan ekanman.Darrov magnitofonni oʻchirib ichkariga kiritib qoʻydim.
Otamning el bilan boʻl bolam.Oʻz elingdek jon bormi.Eling yonsa yon kuysa kuy. Ursa soʻksa xoʻrlasa ham el yaxshi degan oʻgitlari qulogʻim ostida jaranglaydi
Mana bugungi voqea sabab oʻzim bilmagan xolda otam menga juda koʻp narsalarni oʻrgatib ketganligiga amin boʻldim.
ARMON
Qurbon bugun barvaqt uygʻondi.Xotini tayyorlagan nonushtadan tamaddi qilgan boʻldi.Ishga ertaroq borish kerak.Axir kuni kecha uni direktorga birinchi oʻrinbosar etib tayinlashdi.Kechikib borsa uyat boʻladi.Qolaversa Aziz Azizovich ham unga katta ishonch bildirdi.Kurbon ana shu oʻylar bilan garajiga kirib mashinasini tashqariga chiqardi.Qoʻliga latta olib oynalarini artgan boʻldi.Xotini ichkaridan Kurbonning portfelini koʻtarib chiqib mashinaning oldi oʻrindigʻiga qoʻydi.
Qurbonning ish bilan boʻlib qishloqqa otasidan ham xabar ololmayotgani yuragini hijil qilayotgandi.Koʻnglidagi bu gaplarni xotiniga aytdi.
-Sen bugun kishloqqa tushib boboydan bir xabar olib kelsang yaxshi boʻlardi,-dedi Qurbon mashinaning oldi oynasini artar ekan,-Otamning kasalxonaga tushganiga oʻn besh kun boʻlibdi.Ish bilan boʻlib mening ham qoʻlim tegmadi.
-Bugun ishim koʻp dadasi. “Gap”im bor.Ertaga mavridini topib bir borib kelarman.Endi qarichilikda,Boboyingiz ham sal inqillasa kasalxonaga qarab yugiraveradida oʻziyam.
-Ha mayli ishdan chiqib bir oʻtib kelarman.Mayli yaxshi oʻtiringlar. Kurbon mashinasiga oʻtirib gazni bosdi.
Ishxonaga yetib kelgan Qurbon zinadan koʻtarilib oʻzining xonasiga kirdi.Kecha chala qolib ketgan ishlarini qoʻliga oldi.Bir soatlar chamasi xonada qamalib oʻtirdi.Keyin sekin yurib boshliqning xonasi oldiga bordi.Ammo boshliq hali kelmagan edi Uni kotiba qiz qarshi oldi.Undan Aziz Azizovichni soʻradi.
-Yoshullini dadalarining mazasi qochib kasalxonaga tushibdilar,hozir telefon qilib aytdi.Birov koʻrib keyin ishga oʻtaman dedi.
Qurbon iziga qaytdi.Aziz Azizovich bilan bir qishloqdanligi esiga tushdi.Boshliqning dadalarini ham koʻrib kelish kerak.Boboy bari bir bir kuni oʻgʻliga kim kelib kim ketganini aytadi.Shu bilan yoshulliga yanada yaqinroq boʻlib oladi.Bahonada otasini ham koʻrib kelishini koʻngliga tugdi.Ishdan chiqib toʻgʻri yoʻlini tuman markazi tomon burdi.Tuman markazidagi kichik bozorchadan u bu xarid qilgan boʻldi. Kasalxonaga kirib Aziz Aziovichni otalar yotgan palatani soʻradi.
Qurbon otaxon bilan ancha chaqchaqlashib oʻtirdi.Boshliqning otasi ham gapga chechan ekanki, suhbatdosh topilganidan hursand boʻlib uni qoʻyib yubormas edi.Suhbat orasida Qurbonning qayerdanligini kimning oʻgʻli ekanligini bilib olgan ota:
-Ha umringizdan baraka toping oʻgʻlim,kam boʻlmanglar. Azizjon koʻp ishli odam.Oʻzi kasalxonaga tushganimga ikki kun boʻldi.Ertalab ham kechqurun ham qatnagan qatnagan.Endi bizlarniki qarichilikda oʻgʻlim.Mayli boraqol ishingdan qolma.Rahmat oʻgʻlim.
Qurbon Aziz Azizovichning otalari yonidan chiqib otasi yotgan boʻlinmani axtarib ketdi.Qaysinisida yotgan ekanlar-a.Eh, attang ukamdan soʻrab olsam boʻlar ekan.Shu payt uning qoʻl telefoni jiringlab koldi.Unga Aziz Azizovich qoʻngʻiroq qilayotgan edi.
-Eshitaman Aziz Azizovich.
-Bilasiz boboy kasalxonada yotibdilar, keliningiz chuchvara qilgan ekanlar shunga bormoqchi boʻlib turgan edik.Yigʻilishga aytib qolishdi.Shunga mening oʻrnimga boring.Ammo sal jadallamasangiz boʻlmaydi .Yigʻilish boshlanib boʻlgan.
-Hoʻp,hoʻp.
Qurbon nima qilarini bilmadi.Yoshullining gapini ikki qilsa boʻlmas.Dadasidan ertaga xabar olsa ham boʻlaveradi.U shu hayollar bilan mashinasiga oʻtirib shaharga qarab joʻnadi.
Majlis ham choʻzilgandan choʻzildi.Qurbon charchab mashinaga oʻtirdi.Uyi tomon yoʻlga chiqdi.Zerikdi shekilli mashinaning radiosini muruvatini buradi.Undan mayin mungli kuy yangradi.Shu payt qoʻl telefoni jiringlab qoldi.Qarasa ukasi:
-Aka,aka qayerdasiz tezroq yetib keling.Qurbonning yuragiga vahima tushdi.Mashinasini yoʻlning chetiga chiqarib toʻxtatdi.
-Nima gap tinchlikmi?
-Otam ,otam uzildilar.
Qurbonning boshiga sovuq suv quyilganday boʻldi.Mashinasin oʻt oldirib yoʻlini toʻgʻri qishloq tomon burib gazga zoʻr berdi.Qurbonga otasini soʻnggi bor koʻrish armon boʻlib qolgandi.