“Mehr nuri yogʻar doim yuzingizdan ustozlar” tanloviga
“Mehr nuri yogʻar doim yuzingizdan ustozlar” tanloviga

“Mehr nuri yogʻar doim yuzingizdan ustozlar” tanloviga

673 marta ko'rildi

HAQ YO’LIDA KIM SENGA BIR HARF O’OITMISH RANJ ILA

 

So’rdilar dunyoda asli kim aziz,

Aytdilar, ustozdir, ustoz begumon.

Tag’in aytdilarki, aziz shubhasiz,

Ustozning qadriga yetolgan inson.

         Ilm bebaho boylik, uni egallash oson ish emas. Ulamolar ilm olishni igna bilan quduq qazishga o’xshatishgan. Inson shunday bebaho xazinaning sohibi bo’lishida ustozning o’rni beqiyos. Xalqimizda ,,Ustoz otangdek ulug’’’-degan hikmat bejiz aytilmagan. O’tgan ulug’larimiz, ota-bobolarimiz ustoz va muallimlarning qadri nechog’li baland ekanini teran anglaganlar va shunga ko’ra muomala qilganlar.

Imomi a’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayh shunday deganlari rivoyat qilinadi: ,,Ustozim Hammodning hurmati uchun uning uyi tomonga oyog’imni uzatmaganman. Holbuki, uning uyi bilan mening uyim orasida yettita ko’cha bor edi. Hammod vafot etgandan so’ng qachon namoz o’qisam har safar albatta ota-onamga qo’shib, unga ham Allohdan mag’firat so’raganman. Nafaqat u ustozim, balki kimdan nimadir o’rgangan bo’lsam yoki kimdir menga nimadir o’rgatgan bo’lsa, albatta, o’sha kishilar uchun ham doim Allohdan mag’firat so’rayman’’.

Ha, haqiqatdan ham ustoz degan nomga hamma  ham musharraf bo’la olmaydi. Chunki uning mehnati, uning chekkan mashaqqati hammani birdek aniq ustozlik manziliga yetkaza olmaydi. Bu yo’ldan shu mehnatidan, shu mashaqqatidan qo’rqmagan insongina yura oladi. Ana shunday ustozlar borki, ularga qancha ta’zim aylasak ozdir. Chunki, ular bolalarni faqat o’quvchi o’rnida emas balki, o’z farzandidek ko’radi. O’z farzandiga ko’rsatgandek mehrini, ta’lim-u tarbiyasini ayamaydi. Kecha-yu kunduz ular bilan shug’ullanadi. Ularga harf o’rgatar ekan, har bir harfni o’rgatguncha ketgan vaqtini ayamaydi. Chunki ular ustozdir. O’qituvchilik kasbi dunyodagi eng sharafli kasb desak adashmaymiz. Insonni inson qilib, aqlli-yu dono qilib tarbiyalaydigan ham aynan ustozdir.

Dono xalqimizning bir naqlida ,,Sen odamlarga bir yaxshilik qilmoqchi bo’lsang, bug’doy ek, o’n yaxshilik qilmoqchi bo’lsang tok ekib, bog’ qil; umr bo’yi yaxshilik qilmoqchi bo’lsang , muallimlik qil’’ deyilgan. Demak, o’qituvchilik eng oily kasbdir. Sohibqiron bobomiz Amir Temur uch holatda zudlik bilan otdan tushar ekan: Ustozini uchratib qolganida, non bo’laklarini yerda ko’rganida va qabriston yonidan o’tayotganida.

O’qituvchi-mas’uliyatli va mashaqqatli kasb, og’ir va davomli mehnatni, sabr-toqatni talab qiladigan savobli ish. Insoniyat kamoloti uchun bugun bilimi, iqtidori va hayotini baxsh etgan ustozlarning xizmatlarini hamma zamonlarda ham kishilar hurmatlab, o’zlarini esa e’zozlab kelishgan.

Bolalar dastlabgi tarbiyani albatta oiladan o’rganadilar, oiladan oladilar. Maktab ostonasiga qadam qo’yar ekanlar, ustoz ularni qarshi oladi, ularga nafaqat sinf eshiklarini balki, qalbining ham eshigini ochadi. O’qituvchi matonatli, sof vijdonli, rostgo’y va bolani tarbiyalash metodlarini, axloq qoidalarini yaxshi biladigan odam bo’lmoqg’i lozim. O’qituvchi o’quvchining butun ichki va tashqi dunyosini o’rganib, uning aql qatlamlariga kirolmog’i lozim.

Ulug’ shoirimiz Alisher Navoiy ham o’qituvchi mehnatini xolisona baholab: ,,Agar shogird podsholikka erishsa ham muallimga qulluq qilsa arziydi’’ deb va

,,Haq yo’lida kim senga bir harf o’qitmish ranj ila’,

Aylamak emas oson oning haqqin yuz ganj ila’’

deya bejiz aytmagan.

Haqiqatdan ham o’qituvchi bergan ta’lim-tarbiya insonning kelajagiga poydevor bo’ladi. U qanchalik mustahkam bo’lsa kelajagi shunchalik buyuk bo’lib boraveradi. Inson eng avvalo, unga bilim va ma’rifat dunyosi sari yo’l ochib bergan, qalbiga yuksak insoniy fazilatlar hissini singdirishda zahmat chekkan ustoz va murabbiylarga nisbatan ko’nglida hamisha minnatdorlik tuyg’usini asrab-avaylaydi. Maktab ostonasiga ilk qadam qo’yganimizda qo’limizga qalam tutqazib alifbeni o’rgatgan birinchi ustozimiz siymosini, ustozimizning fidokorona mehnatini doimo minnatdorlik bilan eslaymiz va qalbimizda ularga nisbatan hurmat-ehtirom hissini tuyamiz. Zero, olam gultoji inson bo’lsa, ular orasida suyuklisi ustoz-muallimdir. Kimki, bu hayotda biror yutuqqa erishsa, e’zoz topsa, uning qalbida ustozlariga, birinchi o’qituvchisiga bo’lgan hurmat abadiy muhrlanadi. Hayot bor ekan, o’qituvchilik kasbi o’zining ma’no mazmuni va olijanobligini, ahamiyati va hurmatini hech qachon yo’qotmaydi.

,,Ilm hikmat suvni yondirar’’ deydi dono xalqimiz. Ha haqiqatdan ham ilm shunday qudratga ega. Bu qudratni esa bizga ilmlar sultoni bo’lgan ustozlarimiz berishadi. Hattoki shunday damlar bo’ladiki, ba’zi bolalar uyda ko’rmagan mehrni uztozda ko’radi, uyda olmagan tarbiyani ustozi orqali oladi. Ota-ona uyda 2 yoki 4 ta farzandni qarab voyaga yetkazganida shuncha qiynaladi, ana endi siz ustozni tasavvur qilib ko’ringchi, ustoz bir sinfdagi 25-30 ta bolaga ham onalik, ham otalik va shu bilan birga ustozlik qiladi. Ulardan  mehrini ayamaydi.

Ustoz misli yonib turgan shamga qiyos. O’zi yonib, atrofga nur-u ziyo sochadi. Boshqalar ana shu nurdan bahramand bo’ladi. Shu sabab har bir inson yoshidan, mavqeidan, darajasidan qat’iy nazar, saboq bergan ustoz, murabbiyi oldida mudom ta’zimda.

Afsonalarga ko’ra, mashhur sarkarda Iskandar Rumiydan ,,Nechun Arastuni otangizdan ortiq izzat qilasiz? ’’ deb so’radilar. Iskandar Rumiy javob berdi: ,,Otam go’yoki meni osmondan yerga tushirdi. Ammo ustozim Arastu menga ilm va odob o’rgatib, martaba va izzatimning ortmog’iga sabab bo’ldi’’. Ko’rinib turibdiki, dunyoni o’z ilmu ma’rifati bilan lol qilgan insonlar ham doim ustozini yuksak qadrlagan, izzat-hurmatini joyiga qo’ygan.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, ustozlar bergan ta’limini, tarbiyasini hech qachon  minnat qilishmaydi. Ularga o’quvchilari yaxshi kamol topsa, baxtli bo’lsa shuning o’zi yetarli bo’ladi. Bayramda bir dasta gul ko’tarib borsangiz ham yoki bo’lmasa oddiygina shirin so’zingizni ayamasdan ularga qarab ,, Bayramingiz qutlug’ bo’lsin aziz ustozim’’ desangiz ham ularning boshi ko’kka yetadi, ular hech qachon hech narsa talab qilishmaydi, kutishmaydi. Faqatgina siz uning ta’limini qadrlasangiz, tabassumingizni ayamasangiz shuning o’zi ularga qanchalik kuch bag’ishlaydi. So’zimning so’nggida shuni aytmoqchiman: ,, men oldimga qo’ygan maqsadlarimga erishar ekanman, yonimda ota-onam va ustozim bo’ladi. Agar shu insonlar bo’lishmaganida men ham bu darajaga qancha harakat qilsam ham yeta olmagan bo’lar edim. Doim oldingizda ta’zimdaman USTOZLAR’’.

 

Ro’skajon  MADRAHIMOVA ,

 Xorazm viloyati Qo’shko’pir tumanidagi

32-umumta’lim maktabining

Ijodiy-madaniy masalalar bo’yicha targ’ibotchi.

 

 

 

Ulashing:

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan