XALQ OʻQITUVCHISI
1961-yilning sentyabri. Anajon opa olti yashar oʻgʻli Ahmadjonning qoʻlidan tutib maktabga olib bordi. Oʻqituvchi Sharifajon opa Yoqubova bolaga boshdan oyoq razm solib unga bir ikkita savol berib koʻrdi. Ahmadjon ustozining savollariga biyron-biyron javob qaytardi.Shunday qilib uni maktabga olishdi. Yosh Ahmadjon hali sanashni bilmasdi. Ustozi Sharifa opa unga:
– Mana qara,–dedi, barmoqlarini bukib bir, ikki, uch… koʻrdingmi? Endi sen ham sanab koʻr-chi? Keyin ustoz barmoqlarini orqasiga yashirib ovoz chiqarib sanab koʻrsatdi. Ahmadjon hayron qoldi. Ustozga qoyil, barmoqlarini yashirib ham toʻgʻri sanadi-ya deya oʻyladi bolalarcha soddalik bilan. U uyga kelib onasiga boʻlgan voqeani aytib berdi. Onasi miyigʻida kulib:
– Axir u ustozda, oʻqigan. Sen ham katta boʻlsang, ustozingday barmoqlaringga qaramasdan sanashni oʻrganasan,– degan edi oʻshanda. Bu hayrat uning qalbida matematikaga muhabbat uygʻotdi.
U beshinchi sinfga chiqqanida oʻsha davrdagi maktab direktori Rajabboy aka Bobojonovdan matematikaning ilk saboqlarini oldi va matematika faniga shunchalar ixlos qoʻydiki, hatto misol-u masalalar tushlariga kirib chiqardi. Bir kuni matematika darsida yozma ish olinayotgandi. Ahmadjon misol va masalalarni hammadan burun yechib ustoziga olib bordi. Ustoz uning yozma ishini diqqat bilan tekshirib, ikki baho qoʻydi. Hafsalasi pir boʻlgan Ahmadjon yozma ishini qoʻliga olib qayerda xato qilganligini angladi. U misol masalalarni shoshma-shosharlik bilan ishlaganligini payqadi. Shunda ustozi:
– Oʻgʻlim, matematika aniq, isbot talab fan. Bunga shoshma-shosharlik ketmaydi. Yetti oʻlchab bir kesish kerak, – degan edi.
Shu-shu Ahmadjon ustozining bergan oʻgitlarini qulogʻidan chiqarmadi. Misol va masalalarni yechishga masʼuliyat bilan yondasha boshladi.
Oʻrta maktabni muvaffaqiyatli tugatganidan keyin Ahmadjon Sobirov 1975-yili Buxoro davlat institutiga oʻqishga kirdi. Undagi matematika faniga boʻlgan intilish va ishtiyoqni koʻrgan institutdagi ustozlari birinchi kursdaligidayoq talabalar oʻrtasida oʻtkaziladigan fanlar olimpiadasiga qatnashishga ruxsat beradi. Vaholanki, talabalar bu olimpiadalarga uchinchi va toʻrtinchi kurslarda qatnashardi. Ikkinchi kursdaligidayoq ana shu olimpiadaning Respublika bosqichida ikkinchi oʻrinni egallagan Ahmadjon institut rahbariyatining nazariga tushadi. Oʻqishni tamomlash arafalarida ustozlari unga Novosibirskiyda aspiranturada oʻqishni davom ettirishni taklif qilishdi.
Ahmadjon otasiga bor gapni aytdi. Yoʻldosh aka unga qarab shunday dedi:
– Oʻgʻlim, toʻrtta ukang ham maktabni tamomlayapti. Oilaviy sharoitimiz ogʻir. Ular ham senga oʻxshab oliy maʼlumotli boʻlishlari kerak. Nom qozonaman, obroʻ-eʼtibor topaman, desang shu yerdayam erishsa boʻladi. Faqat ishingga xiyonat qilmay, halol ishlasang, bas.
Oʻqishni tamomlab kelgan yigit Shovot tumanidagi rus tili maktabiga matematika oʻqituvchisi qilib ishga yuboriladi. Shu bilan birga tumanning eng oldi matematiklaridan Roʻzimboy Sirojiddinov tashkil etgan maxsus maktabda ham faoliyat olib bordi. Kuch-gʻayratga toʻlgan, bilimli bu yigit otasi va ustozlarining oʻgitlariga quloq tutib, oʻquvchilarga chin ixlos ila bilim bera boshladi. Shogirdlari oliy oʻquv yurtlariga kirib, uning yuzini yorugʻ qildi. Otasi aytganidek, Ahmadjonning el orasida obroʻsi oshdi, mehnatlari besamar ketmadi. 1989-yili “Katta oʻqituvchi” faxriy unvoni, 1990-yili “Xalq maorifi aʼlochisi” koʻkrak nishoni, 2008-yili esa “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi”,“Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan esa ustozga “Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi” faxriy unvoni berildi.
2010-yili Ahmadjon Sobirovni tumandagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan maktabga ishga taklif qilishadi. U hozirgacha garchi nafaqada boʻlsa-da ushbu dargohda yosh avlodga matematika fanidan saboq berib kelmoqda. Xalqaro olimpiadalarning oltin medali sohibi Hakimboy Egamberganov, fan doktori Alisher Yaxshimurodov, Nurbek Xoʻjatov, Behruz Qurbonboyev singari yetuk muallimlar ham ustozning shogirdlaridan. Bularning nomlarini koʻplab keltirish mumkin.
– Men tumanimizning eng bilimli matematiklari qoʻlida tahsil olganman. Bekchon aka Qozoqov ana shunday ustozlardan edi, – deydi A.Sobirov toʻlqinlanib.
– Ustozlarimning menga bergan bilimlarini shogirdlarimga qaytarayotganimdan xursandman.
Ha, Ahmadjon Sobirov otasi aytganidek, el-yurt orasida hurmat, obroʻ-eʼtibor topdi.
Xudoyberdi ANNAMEDOV,
Shovot tumanidagi 17-umumtaʼlim maktabining ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi.