Yo‘lchi yulduz
Yo‘lchi yulduz

Yo‘lchi yulduz

1 838 marta ko'rildi

Ustoz – muallimsiz qolsa gar zamon,
Nodonlikdan qaro bo‘lardi jahon.
Abdurahmon Jomiy.

Ustoz haqida so‘z ochar ekansan , ko‘z oldingda munis va mehribon, xushmuomala, ochiqko‘ngil,dilkash va hamisha ko‘zlari tabassum ila kulib turuvchi , inson siyrati namoyon bo‘ladi.Ustoz jamiyatni olg‘a boshlovchi va uning ertangi kunini yaratuvchisi, ta’bir joiz bo‘lsa, yo‘lchi yulduzdir. Ustozsiz hech bir jamiyat taraqqiy etmagan, aksincha, inqirozga yuz tutgan bo‘lar edi.

O‘qituvchi – butun kuchini, aql-idrokini, bilim va zehnini, qalb qo‘riyu mehrini shogirdlariga baxshida etgan zahmatkashdir. Ular bizlarga oq-qorani, yaxshi-yomonni tanitib, qo‘limizga ilk bor qalam tutqazib, ota-ona, vatan, ezgulik, imon, ustoz kabi so‘zlarni yozishga o‘rgatgan buyuk va aziz zotlardir. Donishmandlar aytishadiki: “Elni ma’rifat asraydi”. Demak, o‘z-o‘zidan ma’lumki,ma’rifatni esa ustoz ta’minlaydi.Men ana shunday fidoyi, ilm-fanga,xalq ta’limiga o‘zini baxshida qilgan, haqiqiy ustozlik maqomiga erishgan ayol- xalq ta’limi a’lochisi,”Do‘stlik”ordeni sohibasi qo‘shko‘pirlik Nafisa Ro‘zimova haqida hikoya qilmoqchiman.

30-40 yil pedagogika sohasida ishlab nomingni aqalli davralarda ustoz deb eslashmasa bu o‘qituvchi uchun fojianing o‘zi. Mayli, orden medal,unvonlar nari tursin bir ikki nafar shogirdingizni qo‘lidan tutib jamiyatimiz uchun kerakli insonga aylantira olmagan bo‘lsangiz bu o‘qituvchi uchun ikki karra fojiadir.Ammo shunday ustozlar ham borki u go‘yo o‘qituvchilik uchun tug‘ilgandek.Butun umrini,hayotini inson tarbiyasiga baxshida qilgan ulug‘ zotlardir.

Nafisa Ro‘zimova mana 36 yildirki bir kasbda, tumandagi ta’lim rus tilida olib boriluvchi 1-umumta’lim maktabining o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlab kelyapti.36 yillik pedagogik faoliyat ham aslida oson ish emas.Ayniqsa, ishlayman,o‘zimni ko‘rsataman degan o‘qituvchi uchun.Qolaversa, ayol kishi uchun ikki karra qiyinroqdir.Sababi oila ,ro‘zg‘or, farzandlar tarbiyasi,uning ustiga maktab.Ammo Nafisa ustoz bu vazifalarni hammasini astoydil ado eta oldi.Oliygohni tamomlagach unga to‘g‘ri rus maktabiga ishga yo‘llanma berishdi. To‘g‘ri, dastlabki yillari qiynaldi.Chunki rus maktabida dars berish o‘zbek qizi uchun qiyin edi,albatta.Ustozi O‘razali O‘razboyev va boshqa hamkasblarining yordami bilan qiyinchiliklarni yengib o‘tdi.Rus tilini puxta o‘rgandi.Bora-bora ish tajribasi oshib maktab jamoasi, so‘ngra tuman miqyosida katta minbarlarda nomi tilga olinadigan bo‘ldi.Qatorasiga tuman ,viloyat va respublika miqyosida fan olimpiadalarida o‘quvchilari yaxshi natijalarni qayd etishdi.

Aslida, insonning inson bo‘lib shakllanishida oilaviy muhit asosiy rol o‘ynaydi.Nafisa Ro‘zimovaning ota-onasi O‘g‘iljon opa va Boymurod akalar farzanlarining o‘qishlariga alohida e’tibor qaratdilar.Ularning to‘rt nafar qizi bugun oliy ma’lumotli,o‘qituvchilik kasbini ulug‘lab kelishyapti. Oilaning kattasi Nafisa inistitutga kirgach, singillarini ham oliy ma’lumotli qilishga yaqindan ko‘makdosh bo‘ldi. Singillari Sanobar rus tili fanidan, Nargiza boshlang‘ich ta’limdan, Mavjuda huquq fanidan dars berishmoqda.

Muvaffaqiyat o‘z o‘zidan kelmaydi.Buning uchun tunni kunga ulab qilingan mehnatlar,o‘qib o‘rganishlar,izlanishlar kerak.Nafisa Ro‘zimova 36 yillik pedagogik faoliyati davomida bunday yutuqlardan juda ko‘piga erishgan.2002 yili o‘quvchilari fan olimpiadasida tumandan boshlab to respublika bosqichigacha borib g‘alabaga erishdilar.Ana shu yili uning ko‘ksini» Xalq maorifi a’lochisi» ko‘krak nishoni bezadi.Tuman, viloyat ,respublika miqyosidagi o‘tkazilayotgan turli ko‘rik-tanlovlar,tadbirlarda ham uning shogirdlari muvaffaqiyat bilan ishtirok etib,zafar bilan qaytardilar, Mana ular: Elyorbek Boymurodov olimpiada g‘olibi,Xusniya Jumaniyozova “Mangulik jamoli” ko‘rik-tanlovi g‘olibi,Mardon Sobirov “Badiiy adabiyotlar o‘qish oyligi” ko‘rik-tanlovi g‘olibi,Nodira Avazboyeva “Odam savdosiga qarshi” insholar ko‘rik-tanlovi g‘olibi.

Buday muvaffaqiyatlar aks etgan ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin.Qolaversa, Nafisa ustozning o‘zi ham qanday tadbirlarda ishtirok etmasin maktabiga zafar bilan qaytib keladi. Masalan, 2016 yili “ O‘zbek tili darslarida milliylik” mavzusidagi metodik tavsiyasi viloyat miqyosida ommalashtirildi. Respublika miqyosida ommalashtirishga tavsiya etildi.2017 yil Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika Universiteti T.N.Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti voyaga yetmaganlar orasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikka moyil o‘quvchilarni aniqlash va bartaraf etish: Muammo va yechimlar mavzusidagi 1 respublika ilmiy-amaliy anjumanida”Voyaga yetmagan o‘quvchi yoshlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi” mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.

2017 yil oktabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Uzluksiz ta’lim tizimida filologiya fanlarini mazmunan modernizatsiyalash hamda o‘qitish sifat-samaradorligiga erishish texnologiyalari mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konfrensiyasida ”Ona tili va adabiyot darslarida o‘quvchilarni imlo savodxonligini o‘stirish usullari” mavzusidagi ma’ruzsi bilan qatnashdi.

Nafisa Boymurodovna kabi fidoyi o‘qituvchilarimizning qilgan mehnatlari hech qachon beiz ketmaydi.Uning ko‘ksini bugun 36 yillik mashaqqatli mehnatlari o‘laroq “Do‘stlik”ordeni bezab turibdi.Nafisa Ro‘zimova turmush o‘rtog‘i Erkin Aliyev bilan birgalikda oilasida ham farzandlarini kamolga yetkazish ,ularni oliy ma’lumotli qilish va hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun astoydil harakat qilishdi.Katta o‘g‘li Maxmudjon kardiolog vrach,Maqsudbek «Inter Karavan» Rossiya O‘zbekistan qo‘shma korxonasida hisobchi,qizi Anamoy ingliz tili muallimasi,qolgan farzanlari ham ota –onasi izidan borishga astoydil harakat qilishmoqda.

-Ustoz Nafisa opa Ro‘zimova maktabimiz faxri,u bilan haqli ravishda faxrlanmiz,-deydi maktab direktori Furqat Avezov.-Opa bugun ko‘plarga ustoz.Maktabimizni tuman va viloyat reytingini yuqori bo‘lishida ustoz va uning shogirdlarini hissasi salmoqli.

Ha,ishlasang Nafisa Ro‘zimovadek ishlamoq kerak! Zero,kelajak avlod ta’lim-tarbiyasida ana shunday ustozlarning fidokorona mehnatlari,bilim va tajriblari har doim yo‘lchi yulduzdek yo‘llarimizni charog‘on qilib boraveradi.

Zilola O‘RAZMETOVA,
Qo‘shko‘pir tuman xalq talimi bo‘limi ona tili, adabiyot, o‘zbek va qardosh tillar metodisti. https://www.templebricks.com/

Ulashing:

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan