Ustozlar ilhomi
Ustozlar ilhomi

Ustozlar ilhomi

402 marta ko'rildi

DARAXT

Nolamni eshitmas bittayam kimsa,

Men shunday turaman qomatim qotib.

Tabiatga boy berib qo‘yaveraman,

Bahorda topganim kuzda yo‘qotib.

 

Bahorda yo‘rgaklar yechilar asta,

Yozda esa ming-ming yashil donaman.

Salqin kuz yelidan titraydi tanam,

Yilda to‘qqiz oylik baxtsiz onaman.

 

Ko‘rib quvonarlar, sezmas jonimni,

Yorib chiqqan ojiz nolalarimni.

Har bahor eslayman kuzning qo‘lida

Xazon bo‘lgan aziz bolalarimni.

 

JIYDA

Nega yoqtiraman jiydani,bilsang,

Ko‘nglimning rangiga o‘xshaydi guli.

Men qo‘rqib boshida turibman hali,

Oldimda hasratning eng uzun yo‘li.

 

Yaproqlar sarg‘aydi, sarg‘aydi orzu,

Xazonga aylandi kechagi hamroz.

Bugun yuragimda yig‘lab yotibdi,

Jiyda gullaganda aytilgan dilroz.

 

Vujudi ming bo‘lak bo‘ldi bechora,

Daraxtni yig‘latar fasl qiynog‘i.

O‘riklar sarg‘aydi, sarg‘aydi olma,

Sarg‘aymay to‘kildi jiyda yaprog‘i.

 

Vujudim titraydi bir xavotirdan,

Jiyda yaprog‘iga o‘xshar dardlarim.

Men hamon eslayman, hech unutmadim,

Diydor ko‘rishganda aytgan gaplaring.

 

MUHABBAT DARAXTI

Sevgimiz yurakda, yashirib qo‘ydik,

Kunlar o‘tgan sayin g‘amlar ortadi.

Ismimiz o‘yib yozilgan daraxt ham

Xazon fasli keldi, ma’yus tortadi.

 

Seni eslaganda yig‘lamay qo‘ydim,

Seni eslaganda bosmaydi titroq.

Daftarim qatida turar sarg‘ayib,

Izhoring bitilgan esdalik yaproq.

 

Umr –shamol, biz ham ulg‘aydik,

O‘tgan kun –biz uchun yurakda chandiq.

Esdan chiqmaydigan so‘z yozish uchun

Yaproq talashdik biz, yaproq qizg‘andik.

 

Daraxt – sevgimizga yagona guvoh,

Birov yolg‘on dedi, birov ishondi.

Ayriliq o‘tida yuraklar kuyib,

O‘sha bayt bitilgan yaproqlar yondi.

 

Begonadaymizmi xiyobonga ham,

Bu – yolg‘on dunyoda nima degan so‘z?!

Bir qarasak, yoz ham o‘tib qoladi,

Bir qarasak, yana poyimizda kuz.

 

Yana bahor qaytsa, yasharar daraxt,

Yana kimlar kelib sirini aytar.

Muhabbat bor joyda qayta tug‘ilar,

O‘lmas yaproqlarga yozilgan baytlar.

 

Munavvara NURMANOVA,

Tuproqqal’a tumanisagi  6-umumta’lim  maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi, ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi.

Ulashing:

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan