Ulug‘ shoir, tarixchi va mohir tarjimon Muhammad rizo Erniyozbek o‘g‘li — ogahiy tavalludiga 210 yil to‘ldi.
Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy XIX asr Xorazm adabiy muhitining yirik siymolaridan biri bo‘lib, Navoiydan keyin eng ko‘p va xo‘b she’r aytgan shoirlardandir.
Ogahiy 1809 yil 17 dekabrda Xivaning Qiyot qishlog‘ida dunyoga kelali. Otasi Erniyozbek vafot etgach, yosh qolgan Ogahiyni tog‘asi Munis o‘z tarbiyasiga oladi. Munis atrofiga to‘plangan ijodkorlar bo‘lg‘usi shoir Ogahiy ijodiga katta ta’sir qildi. Ogahiy dastlabki bilimni Munis Xorazmiydan oladi, keyinchalik Xiva madrasalarida tahsil ko‘rdi. 1829 yilda Munis vafotidan keyin Olloqulixon uning o‘rniga Ogahiyni bosh miroblik vazifasiga tayinlaydi. Shoir xizmat yuzasidan Xorazm vohasining ko‘p joylarida bo‘lib, dehqonlar va hunarmandlarning ayanchli hayotini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Bu Ogahiy ijodiga ta’sir etmay qolmadi.
Ogahiydan boy ijodiy meros qoldi. U madrasada o‘qib yurgan paytlaridayoq «Bayozi mutafarriqai forsiy» nomli bayoz tuzdi. Bu bayozga Jomiy, Navoiy, Hofiz, Sheroziy, Bedil, Fuzuliy g‘azallarini kiritish bilan bir qatorda ularga ergashib yozgan o‘zining o‘n besh g‘azali va ikki muxammasini qo‘shdi. Ogahiy ustozi Munis boshlab qo‘ygan, ammo tamomlay olmagan tarixiy «Firdavs ul-iqbol» asarini yozib tugatdi. Bundan tashqari Xiva xonligi tarixiga oid «Riyoz ud-davla», «Jome’ ul-voqeoti Sultoniy», «Zubdat ut-tavorix», «Gulshani davlat», «Shohidi iqbol» nomli tarixiy asarlarini yozdi.
Ogahiy ijodining mavzu doirasi keng va o‘ziga xos ajoyib mahorat namunalariga boy.Uning ijodini o‘rganish bundan so‘ng ham juda ko‘p ilmiy xodim va adabiyotshunoslarning diqqatini o‘ziga tortishi, shubhasizdir.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yurtimizda shoir va yozuvchilarning tavallud kunlari keng nishonlanib, ularning ijod maktablari yaratilmoqda.Ushbu an’ana davom ettirilib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy tavalludining 210 yilligini nishonlash hamda Xiva shahrida Ogahiy ijod maktabini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori chiqdi.Bu esa ulug‘ bobomizga bo‘lgan hurmat va e’tiborning yorqin namunasidir.
Xursandoy JUMANIYoZOVA,
Xiva shahridagi 13-umumta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi