O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 avgustda “Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori qabul qilindi.
Respublikaning har bir hududida kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan 14 ta tayanch maktab, tumanlarda 150 ta ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil qilinmoqda. Shu qatorda biz faoliyat olib borayotgan ilm maskani ham 2021-2022 o‘quv yilidan ixtisoslashtirilgan maktabga aylantirilyapti. Binobarin, o‘quvchilarimiz kimyo–biologiya fanlaridan ko‘plab yutuqlarga erishib kelmoqdalar. Jumladan, 2018-2019 o‘quv yilida 11-sinf o‘quvchisi Yoqitjon Sharipova, 10- sinf o‘quvchisi Barchinoy Jumanazarova, 2019-2020 o‘quv yilida 9-sinf o‘quvchisi Sarvinoz Rahmonberganova, 10-sinf o‘quvchisi Husanboy O‘rozboyevlar biologiya fanidan tuman, viloyat olimpiadalarida faxrli o‘rinlarni egallashdi. Ko‘plab bitiruvchilari biologiya, tibbiyot, agronomiya, biotexnologiya yo‘nalishlarida oliy o‘quv yurtlari talabalari bo‘lmoqdalar. Bilim dargohimizda ushbu fanlardan oliy toifali o‘qituvchilar dars beradilar. Mashg‘ulotlardan so‘ng bu fanlardan to‘garaklar, oliy ta’lim muassasalariga tayyorgarlik kurslari tashkil qilingan.
Ta’lim sohasida erishgan yutuqlarim munosib baholanib, 2020 yil 1 oktyabrda “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘ldim. Boshqa hamkasblarim ham tuman, viloyat miqyosida o‘tkazilayotgan “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi”, “Kitobxon o‘qituvchi”, “Ijodiy ishlar”, “Besh tashabbus” ko‘rik tanlovlarida faxrli o‘rinlarni egallab kelishmoqda. Endilikda tumanimizdagi barcha maktablardan kimyo va biologiya fanlariga qiziquvchi o‘quvchilarni bizning ilm-maskanimizga jalb qilish ustuvor masala hisoblanadi. Bu esa bilim dargohimizning o‘qituvchilar jamoasidan yanada ko‘proq kuch- g‘ayrat , mas’uliyat talab etadi.
Mukarrama ODILOVA ,
Shovot tumanidagi 33-umumta’lim maktabining biologiya fani o‘qituvchisi.