Barcha ezgu niyatlarimizning markazida farzandlarimizni ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom qilib o‘stirish, ularning baxtu saodati, farovon kelajagini ko‘rish, dunyoda hech kimdan kam bo‘lmaydigan avlodni tarbiyalash orzusi turadi. O‘z fanimni chin dildan sevganligim sababli respublika seminarlarida turli yillarda 12 marta qatnashib malakamni oshirdim. Trener o‘qituvchi sifatida ko‘plab metodik qo‘llanmalar yaratdim va davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandim.
Maktabimizda 29 yillik ish tajribasiga ega ijodkor o‘qituvchi sifatida tadbir va davra suhbatlari tashkil qilaman. Men yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash bilan birga, ularning o‘z oldilariga qo‘ygan aniq ijtimoiy maqsadga erishish ruhida tarbiyalashga harakat qilaman. “O‘zidan katta, tajribali, bilimdon kishilar bilan maslahat qilmay ish boshlagan odam u ishdan manfaat ko‘rmaydi” deganlariday tadbirlarimga “Beshmergan” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va maslahatchisi, shifokorlar, kasbidan baraka topgan insonlar, faxriy ustozlar, ibratli oila bekalari, yuqori sinf o‘quvchilari va ularning ota-onalari, maktab o‘qituvchilar jamoasini taklif etaman. Ayniqsa, “Usta Matsafo” fermer xo‘jaligi rahbari, Xalq ta’limi xomiysi, jamoamizning a’zosiday bo‘lib qolgan Sh.O‘daboyev bilan uyushtiriladigan uchrashuvlar nihoyatda qiziqarli va ta’sirchan bo‘ladi. Zero, dildan qilingan suhbat yoshlarimizni hayotda to‘g‘ri yo‘lni tanlashiga, komil inson bo‘lib yetishishlariga undaydi. Maktabimizda o‘tkaziladigan “Qiz bola-gul lola”, “Kasbim-faxrim”, “Sog‘liqda xo‘rlik yo‘q”, “Zakovat mantiq maydoni” tadbirlarida mehmonlarning zahmatkash mehnatlari qadrlanadi va o‘quvchilarimga ularning ibratli hayot yo‘llari haqida faxrlanib gapirib beraman. El ardoqlagan turli kasb egalari o‘quvchilar savollariga hayajon bilan javob berar ekanlar, qalblari g‘urur va iftixordan, ko‘zlari quvonchdan porlaydi.
Zero, bugungi yoshlarimiz halol mehnatning samarasini ko‘rib kelajakka havasla boqsin. Shu kunlarda ko‘pchilikni butun dunyo bo‘ylab keng tarqalayotgan koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq savollar qiynayapti. Har qanday kasalni davolashdan ko‘ra uning oldini olish muhimligini yaxshi bilgan holda sanitariya-gigiyena va karantin qoidalariga so‘zsiz amal qilishimiz kerak. Shu o‘rinda men ham qo‘limdan kelgancha Xalq ta’limi vazirligi topshirig‘iga binoan o‘quvchilarning uzluksiz ta’lim olishini ta’minlagan holda online dars taqdimotlari tayyorlab, videodarslar tashkil qilyapman. Bugungi kunda Respublikamizning hududlarida ishlayotgan shogirdlarim soni yigirmadan ortiq. Ularning kamoli va yutuqlaridan faxrlanib yashayman. Qishlog‘imizga kelgan turistlarning ham o‘quvchilarim ijodidan bahramand bo‘lishi meni o‘z ustimda yanada ko‘proq ishlashga undaydi.
Rohatoy SHARIPOVA,
Shovot tumanidagi 33-umumta’lim maktabining oliy toifali fransuz tili fani o‘qituvchisi, Xalq ta’limi a’lochisi.