O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-martdagi “Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to`siqlarni qisqartirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PF-6191-sonli Farmoni tasdiqlandi. Farmonga muvofiq davlat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa davlat tashkilotlarida eskirgan byurokratik tartibotlar, shu jumladan elektron tizim orqali olish imkoniyati mavjud bo`lgan ma`lumotlarni qog`oz ko`rinishida so`rab olish, ish faoliyatini tashkil etish uchun muhim bo`lmagan hujjatlarni talab qilish natijasida aholi va tadbirkorlik subyektlarini ovora qilish amaliyoti saqlanib qolinayotganligi sababli 2017-2021-yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini, “Yoshlarni qo`llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta`minlash va davlat xizmatlarini ko`rsatihda byurokratizm, sanslorlik va boshqa ma`muriy to`siqlarni bartaraf etish, eskirgan, zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni tubdan qisqartirish maqsadida joriy yilning 1-iyundan boshlab davlat organlari, xo`jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan aholidan, shu jumladan tadbirkorlik subyektlaridan 18 turdagi ma’lumot va xujjatlarni talab qilish tartibi bekor qilindi.
Ushbu hujjatlar ro’yxati quyidagicha:
- ruhiy kasalliklar bo`yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;
- narkologiya bo`yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;
- sudlanganlik;
- manzil-ma`lumot axboroti;
- fuqaroning nomida shaxsiy uy-joy mavjud yoki mavjud emasligi;
- turar joyning maydoni;
- soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi;
- soliq to`lovchi jismoniy shaxslarning davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo`yilganligi;
- pensiya va nafaqa miqdori;
- pensiya va nafaqa oluvchilar ro`yxatida mavjud yoki mavjud emasligi;
- nikoh qayd etilganligi, nikohda turmasligi yoki nikohdan ajralganligi;
- shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi;
- shaxsning belgilangan shakldagi fotosurati;
- tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining ma`lumotnomalari;
- mehnat daftarchalari va ularning nusxalari (fuqarolarga pensiya tayinlash jarayonida ushbu hujjatni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali olish imkoniyati mavjud bo`lmagan hollarda so`rash bundan mustasno);
- ish haqi va ish stajini, oliy va o`rta maxsus ta`lim muassasasida o`qiganlikni tasdiqlovchi arxiv ma`lumotnomalari (fuqarolarga pensiya tayinlash jarayonida ushbu hujjatni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali olish imkoniyati mavjud bo`lmagan hollarda so`rash bundan mustasno);kadastr hujjatlari va ularning nushalarini.
Bunda, davlat organlari va tashkilotlari jismoniy shaxslarga davlat xizmatlarini ko`rsatishda, ishga qabul qilish jarayonida va boshqa ma`muriy tartib-taomillarni amalga oshirishda mazkur hujjat va ma`lumotlarni belgilangan mas`ul davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so`rab olinishi belgilab berildi.
Shuningdek 1 iyundan agentlik yuridik shaxslarni (nodavlat notijorat tashkilotlari, banklar va kredit byurolaridan tashqari) davlat ro`yxatidan o`tkazish bo`yicha yagona vakolatli organ sifatida belgilanib, davlat organlari va tashkilotlari, yuridik shaxslar birlashmalari, bog`dorchilik-uzumchilik shirkatlari, matlubot, ishlab chiqarish va qishloq xo`jaligi kooperativlari hamda advokatlik tuzilmalarini davlat ro`yxatidan o`tkazish davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshirilish tartibi amaliyotga joriy etilmoqda.
Ushbu farmon bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan tadbirkorlik subyektlari to`g`risidagi ma`lumotlarni Agentlik va davlat xizmatlari markazlaridan so`rash amaliyoti to`xtatilib, mazkur tashkilotlar tadbirkorlik subyektlari to`g`risidagi ma`lumotlarni Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro`yxatidan o`tkazish va hisobga qo`yishning avtomatlashtirilgan tizimidan mustaqil ravishda olishlari belgilandi.
Shu bilan birga, fuqarolar uchun yana bir qulaylik sifatida fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro`yxatdan o`tgan joyidan qat`iy nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko`rikdan o`tkazish va xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshirilishi joriy qilindi.
Mazkur yaratilgan qulayliklarni fuqarolarimizning og’irini yengil qilish yo’lida qilinayotgan ko’p sonli amaliy ishlarning bir bo’lagi sifatida qarash mumkin.Amaliyotga joriy qilingan mazkur o’zgarishlar, Muhtaram Prezidentimizning axolini rozi qilish yo’lida amalga oshirayotgan keng ko’lamli islohotlarining amaliy samarasi bo’lib, “Fuqarolar emas xujjatlar xarakatlanadi” tamoyili hozirgi kunimizda nechog’li muhim ahamiyat kasb etayotganligidan dalolat beradi.Davlat xizmatlari agentligi Yurtboshimizning aholi va tadbirkorlik subyektlariga qulay,sifatli va shaffof davlat xizmatlari ko’rsatilishida belgilab bergan vazifa va topshiriqlarini bajarishda davom qiladi.
Ulug’bek OLLABERGANOV,
Yangibozor tuman Davlat xizmatlari markazi direktori.