Xorazm bag‘rida hikmatlar yashayotgan go‘sha, dunyo tamadduniga, ilm-fan, adabiyot, madaniyat va san’atining rivojlanishiga benazir hissa qo‘shgan buyuklarga beshik bo‘lgan oshyon. Ana shunday ulug‘vorlik bahshida qilgan ko‘hna va hamisha navqiron yurtimiz salohiyatining yana bir jihati mavjudki, u ham bo‘lsa so‘z san’ati deya ta’riflanadigan adabiyotidir. Adabiyot ko‘ngilni tarbiyalaydi. Ko‘ngil esa vujud mulkining ka’basidir. O‘zbek adabiyotining asl ma’nodagi benazir bir qismi bo‘lgan Xorazm adabiyotiga murojaat qilgan har bir inson, o‘zini nafis majlislardagi latif gurunglar ishtirokchisi deb tasavvur qilsa ajab emas. Har gal Xorazm adabiyotining Rabg‘uziy, Najmiddin Kubro, Munis, Sayfi Saroyi, Pahlavon Mahmud, Ogahiy, Komil Xorazmiy, Avaz O‘tar, kabi vakillarining so‘z gavharlarini qalbimizga singdiramiz deymiz-u o‘zimiz ul javohirlar bag‘riga singib ketganligimizni bilmay qolamiz.
Yaqinda maktabimizda o‘tkazilgan adabiy-badiiy kechaning mavzusini o‘zbek adabiyotining bir qismi bo‘lgan Xorazm adabiyotining taniqli, el sevgan farzandi shoir Ogahiy haqida bo‘lishini belgiladik. Kechamiz shoir Ogahiy tavalludining 210 yilligiga bag‘ishlab yuqoridagi mavzusida o‘tkazildi. Tadbirda tuman xalq ta’limi bo‘limi uslubchisi Nigora Abdullayeva va maktabimizning o‘qituvchi va o‘quvchilar jamoasi ishtirok qilishdi.
Darhaqiqat, 1809-1874 yillarda yashab ijod qilgan shoir Muhammad Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy barakali ijodkor sifatida Navoiyga qiyoslanadi. Uning 500 ga yaqin g‘azali, o‘nlab janrlarda yaratgan lirik merosi va tarjima asarlari o‘zbek adabiyotining bebaho so‘z xazinasiga aylangan. Adabiy-badiiy kechada maktabimizning 8-11 sinf o‘quvchilari Ogahiy qalamiga mansub ruboiy va g‘azallaridan ifodali o‘qidilar. Kechada Ogahiy hayotiga doir sahna ko‘rinishlari namoyish qilindi. Xorazm milliy raqslari kechamizga yanada ko‘rk va joziba bahshida qildi.
Dilfuza OMONOVA,
Gurlan tumani 39-umumta’lim maktabining
ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi.