Buyuk so‘z san’atkori
Buyuk so‘z san’atkori

Buyuk so‘z san’atkori

810 marta ko'rildi

Shoirning “Ustina”radifli g‘azali mumtoz adabiyotimizning eng sara namunalaridan biridir. G‘azal yorning go‘zalligini ta’riflash bilan boshlanadi. To‘qqiz baytli bu g‘azalning har bayti shoirning katta iste’dod egasi ekanidan dalolat beradi:

Mushkin qoshining hay’ati ul chashmi jallod ustina,

Qatlim uchun nas’ keltirur nun eltibon sod ustina.

Matlada ma’shuqaning qoshi va ko‘zi ta’rif etilmoqda. “Mushkun” so‘zi ham qarolik, ham xushbo‘ylikni ifodalaydi. Ko‘zning qatl etuvchi, jon oluvchi, jallod sifatida tasvirlanishi an’anaviy holat. Biroq mushkin qosh tuklarining hay’at sifatida jonlantirilishi va jallod ko‘zlar bilan ittifoq tuzdirilishi Ogahiyning ijodiy kashfiyotidir. Kashfiyotning qiyomiga yetgan hosilasi shundaki, qoshlar ko‘zlar bilan ittifoq tuzib, oshiqni qatl etish uchun hukm chiqaradilar. Bunda shoir harfiy o‘yinlar san’atidan foydalanadi. Ogahiy qoshni “nun” harfiga, ko‘zni “sod” harfiga qiyoslaydi. Ogahiy qosh va ko‘zning ittifoqini ifodalash uchun ularni ostun – ustun joylashtiradi. Aslida ham qosh va ko‘z shunday joylashgan, hamjihat birikuvidan “nas” so‘zi vujudga keladi. Arabcha bu so‘z “hukm” degan ma’noni beradi. Demak, qoshlar hay’ati jallod ko‘zga oshiqni qatl etish to‘g‘risida shavqatsiz hukm chiqarib beradi.

Qilg‘il tamosho qomati zebosi birla orazin,
Gar ko‘rmasang gul bo‘lg‘onin payvandi shamshod ustina.

Shoir bu baytda yor go‘zalligini tabiatdan axtaradi. Shuning uchun bog‘dorchilikdagi “payvand” usulini g‘azalga olib kiradi. Gul – yorning yuzidek yoniq va chiroyli, lekin unda shamshod daraxtidek ko‘rkam qomat yo‘q.

Shamshod – xushqomat daraxt. Biroq yorning gulgun chehrasidek unda gul ochilmaydi. Tabiatda gulni shamshodga payvand etib ham bo‘lmaydi. Shoir tasavvur qudratidan foydalanib: Shamshodning ustiga gul payvand bo‘lganini ko‘rmagan bo‘lsang, bunday mo‘jizani tabiatdan izlamay qo‘ya qolgin, yorning zebo qomatiga yarashiq gulgin yuzini tomosha qilgin” ,- deb aytadi. 7- 8 – baytga kelib oshiqona kechinmalar izhoridan chekinadi. Falsafiy ruhdagi shohona baytlar yaratadi:

Ey shah, karam aylar chog‘i teng tut yomon-u yaxshini
Kim, mehr nuri teng tushar vayron-u obod ustina

Shoir baytda shohga purhikmat pand aytadi. Marhamat va muruvvat ko‘rsatganingda, yomon-u yaxshiga teng munosabatda bo‘lgin, degan fikrni chiroyli she’riy asoslash uchun oftob o‘z nurini vayrona va obod yerlarga teng sochishini misol etib ko‘rsatadi.

Shahlo OLLABERGANOVA,
Shovot tumanidagi 5-umumta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi.

Ulashing:

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan