Eng sharafli kasb
Eng sharafli kasb

Eng sharafli kasb

261 marta ko'rildi

       Har bir insonning kindik qoni to‘kilgan muqaddas tuprog‘i, o‘z yurti, ona Vatani bo‘ladi. Darhaqiqat, ana shu muqaddas zaminni ko‘z qorachig‘iday asrash, uning sarhadlarini yovuz kuchlardan qo‘riqlash har bir farzandning sharafli burchidir. Shu yurtda kamol topgan, non-tuzini totgan har bir kishi Vatanini astoydil sevishni, uning koriga yarashni oliy burch deb bilmog‘i lozim.

O‘zini o‘zbek elining bek o‘g‘liman, deb hisoblagan har bir yigit ertaga Vatan shunqoriga aylanishi shubhasiz. Birinchi prezidentimiz  Islom Karimov aytganiday:   “Dunyoda Vatan so‘zidan  aziz va yurakka yaqin kalom topilmagani kabi Vatan himoyachisi bo‘lishdan ortiq  shon-sharaf  ham yo‘qdir”.

Mustaqil O‘zbekistonimizni qo‘riqlayotgan O‘zbekiston Qurolli Kuchlari bu yil  31 yoshga to‘ldi. U xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini ko‘z qorachig‘iday asraydi. Bolalarning sog‘lom kamol topishi, ota-ona va oila bilan birga yashash, ta’lim olish va boshqa huquqlarini himoya qiladi va kafolatlaydi.

Ixcham, tezkor va harakatchan,  zamonaviy qurol-yarog‘ hamda texnika bilan ta’minlangan Milliy Armiyamiz sarhadlarimiz daxlsizligi, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlikni buzishga qaratilgan har qanday yovuz harakat  va xurujlarni bartaraf etish va ularga munosib zarba berishga qodir. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli  Kuchlari mustaqilligimizni muhim kafolati, ozod va obod Vatanimizni har qanday tajovuzlardan himoya qilishga qodir ishonchli qalqondir. Bugun armiyamiz eng zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika, moddiy-texnika vositalari bilan jihozlangan. Yigitlik burchini ado etishga chog‘langan har bir askar ona Vataniga, xalqiga va Prezidentiga o‘g‘lonlik va’dasi sifatida sodiqlik to‘g‘risida Harbiy qasamyod qabul qiladi. Askarning qalbidan otilib chiqayotgan bu so‘zlar uning kindik qoni to‘kilgan muqaddas tuproq, ajdodlari hoki yotgan tabarruk zamin, uning mustaqilligi va hududiy yaxlitligini avaylab-asrash, o‘z xalqining tinchligi, sho‘x-shodon bolalarning beg‘ubor damlari, nurli kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish sharafli burchi ekanligini anglatadi. O‘zbekiston zaminidagi bugungi tinch va osuda hayot, farovonlik  xalqimizga istiqlol baxsh etgan bebaho ne’matlardandir. Milliy Armiyamiz – O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari ana shu osudalik va farovonlikning muhim kafolati va ishonchli qalqonidir. Yigitlarimiz armiya safida harbiy mutaxassisliklarni egallash bilan birga, jismoniy va ma’naviy jihatdan chiniqib, irodasi toblanmoqda, eng muhimi, ular Vatan himoyasi uchun doimo tayyor turadigan fidoyi insonlar bo‘lib kamol topmoqda. “Yurtim tinch – men tinch, elimning boshiga tushgan kulfat mening ham kulfatimdir” – degan o‘y bugun har bir o‘zbek o‘g‘lonining hayotiy shioriga aylangan, desak, xato qilmaymiz. Darhaqiqat, bugun yurt himoyasi yo‘lida, bizning osoyishta hayotimiz, farovon turmushimiz uchun muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan xalqimizning eng sara farzandlarining qay biriga murojaat qilmang, ularning O‘zbekiston askari bo‘lishdan, Ona Vatanni, muqaddas zaminni  himoyalashdek mas’uliyatdan faxrlanayotganliklarini his etasiz.  Harbiy xizmatchilarni har tomonlama ijtimoiy va ma’naviy himoyalash kun sayin kuchayib borayotganini kuzatar ekanmiz, bobokalonimiz Amir Temurning: “Boy mamlakatning askari baquvvat bo‘lur, askari baquvvat mamlakat boy bo‘lur”, – degan so‘zlari bejizga aytilmaganligi, mardlar kasbini tanlaganlar doimo e’zozda ekaniga yana bir karra amin bo‘lamiz.

Har birimiz Vatanimiz oldidagi o‘z yigitlik burchimizni sidqidildan ado etish, tinchlik va osoyishtaligimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash zimmamizdagi ulkan mas’uliyat ekanligini teran anglamog‘imiz kerak.

 

Kamolbek Saburov

Urganch davlat universiteti Tarix fakulteti 3-bosqich 201-guruh talabasi.

 

 

Ulashing:

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan