Mamlakatimiz mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq, inson huquq va erkinliklarini ta’minlashni davlat siyosatining ustuvor yunalishlaridan biri sifatida qarab kelmoqda. Buni bugungi kungacha yurtimizda qabul qilingan qonun va qarorlar, ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarning natijasi o‘laroq, fuqarolarimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi farovonlik, yuksalishlarni dunyo tan olayotganligi bilan asoslash mumkin.
Oxirgi paytlarda Konstitutsiyamizga kiritilayotgan tub o‘zgarishlar ham aynan inson huquqlarining ustuvorligini ta’minlashga qaratilganligi hech kimga sir emas. Bu o‘zgartirish va qo‘shimchalarga nazar tashlasak, Konstitutsiyamizning muqaddimasi inson huquq va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlatni qurish, fuqarolarning munosib hayot kechirishini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni, ko‘p millatli jonajon O‘zbekistonimizning farovonligini va gullab-yashnashini ta’minlashni maqsad qilgan holda qabul qilinganligini ifodalaydi.
Inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi, degan qoidani kiritilganligi ham insonga yana bir karra e’tibor yuksalganini ko‘rsatadi. Shuningdek, insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi, degan alohida normaning kiritilishi, yangilanish va to‘ldirishlarning barchasi inson huquqlarini kafolatlashga qaratilganligini isbotidir. Mamlakatimiz rahbarining shu yil sentabr oyidagi BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida majburiy va bolalar mehnati to‘liq tugatilganligi, inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya qabul qilinganligi, 50 ming nafar yurtdoshimizga O‘zbekiston fuqaroligi berilganligini ta’kidlab o’tdi. Shuningdek, inson huquqlarini himoyalashga qaratilgan tizimli islohotlar izchil davom ettirilib, 2023-yil 20-sentabrdagi BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ham O’zbekiston o’z pozitsiyasini e’lon qildi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, inson kapitalini rivojlantirish va kreativ yosh avlodni tarbiyalash – O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan strategik vazifalardan biridir. O‘tgan olti yilda maktabgacha ta’limdagi qamrov 21 foizdan 70 foizga, oliy ta’limda esa 9 foizdan 38 foizga yetdi. 2030 yilga qadar har bir bolaning bog‘chaga qatnashi, maktabni bitirayotgan har ikki o‘quvchining biri esa oliygohda o‘qishi uchun imkoniyat yaratiladi. Xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvida faol ishtirok etishi bugungi kunning dolzarb masalasi sifatida qayd etildi. Muhtaram Prezidentimiz Sh.M. Mirziyoyev milliy siyosatimiz markazida turadigan eng ezgu maqsad – oilalar mustahkamligini, ayollarimizning huquqiy himoyasi va osoyishta hayotini ta’minlashdan iboratligini alohida ta’kidlab o’tdilar.
Shuningdek, Prezidentimizning 2023-yil 25-mayda “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinganligi ham Inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan davlat tashqi siyosatining ustuvor ahamiyatini oshiradi. O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashining a’zosi sifatida faol harakati, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari hamda inson huquqlari masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachilar bilan yaqin hamkorligi bunga yorqin misol bo‘lmoqda.
Inson huquqlariga oid xalqaro standartlarni amalga oshirish, ayniqsa ayollar, bolalar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish hamda ijtimoiy adolat tamoyillariga konstitutsiyaviy maqom berildi. Shuningdek, xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmning qonuniy asoslarini shakllantirish, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturining qabul qilinishi mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada rivojlantirishga, aholining inson huquqlari sohasidagi huquqiy savodxonligini oshirishga, shuningdek, davlat xizmatchilarining inson huquqlari va gender tenglik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan.
Barcha fuqarolarimiz tomonidan mamnuniyat bilan e’tirof etilayotgan demokratik islohotlarimiz tufayli fuqarolarimiz jamiyatning turli jabhalarida faol va yakdil qadam tashlamoqda.
Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilayotganligi tufayli bugun o‘qituvchiga, o‘qituvchilik kasbiga nisbatan ijobiy munosabat qaror topmoqda. Buni shaxsan o‘z faoliyatimdagi yuksalishlar, yutuqlar va imkoniyatlar bilan dadil ayta olaman. Yangilangan Konstitutsiya inson huquqlarini ta’minlash borasidagi islohotlarimizni tizimli va izchil amalga oshirishda dasturulamal bo‘lib xizmat qiladi.
Sh. Samanova – UrDPI dotsenti.