Bundan 32 yil avval O‘zbekiston xalqaro huquq subyekti sifatida jahon hamjamiyatiga kirib keldi, nufuzli xalqaro tashkilotlarga to‘la huquqli a’zo bo‘ldi, ikki va ko‘p tomonlama asosda faol xalqaro hamkorlikni boshladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Parlamentlararo ittifoq, YUNESKO va boshqa halqaro tashkilotlarning yuksak minbarlaridan Oʻzbekiston diplomatiyasining faol pozitsiyasi yangramoqda. Mamlakatning tashqi siyosiy tashabbuslari jahon hamjamiyati tomonidan tobora e’tirof etilmoqda.
Mustaqillik davrida O‘zbekistonning inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining tamoyillari va asosiy yo‘nalishlari shakllantirildi.
O‘zbekistonda inson huquqlarini rag‘batlantirish, ularga rioya qilish va himoya qilish masalalari davlat siyosati va xalqaro hamkorlar bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda demokratiya va inson huquqlarining zamonaviy mezonlariga javob beradigan barqaror siyosiy tizim yaratilgan.
2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi o‘zining demokratik-huquqiy rivojlanishining eng muhim bosqichiga, jamiyat hayotining barcha jabhalarini yanada isloh qilish bosqichiga o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”da O‘zbekiston Respublikasida siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning strategik dasturi tasdiqlandi. Mamlakatni tubdan demokratik o‘zgartirishlar va modernizatsiya qilishning, shuningdek, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishning yangi bosqichini boshlab berdi.
“Harakatlar strategiyasi” BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekistonning “Yoʻl xaritasi” boʻlib, 5 bosqichda amalga oshirildi, ularning har biri, yilning e’lon qilingan nomiga muvofiq, amalga oshirish boʻyicha alohida yillik Davlat dasturini tasdiqlashni nazarda tutadi. Shularni inobatga olib, 2017-yil O‘zbekistonda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilindi. Qonun ustuvorligini ta’minlashga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan qonunchilik, institutsional, monitoring va ma’rifiy tadbirlar kompleksini amalga oshirishni nazarda tutuvchi Davlat dasturi tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Bosh vazirning virtual qabulxonalari ochildi. Davlatning eng chekka hududlaridagi fuqarolar va yuridik shaxslar bevosita murojaat qilishlari mumkin. Endilikda fuqarolarning ariza, shikoyat va takliflari to‘g‘ridan-to‘g‘ri veb-sayt orqali yoki respublika bo‘ylab mavjud qisqa telefon raqamiga bepul qo‘ng‘iroq orqali yuboriladi.
Bugungi kunda davlat organlarining veb-saytlarida murojaatlar bilan ishlashning yangi imkoniyatlari yaratilgan. Xususan, Adliya vazirligining (www.minjust.uz), Ichki ishlar vazirligining (www.iiv.uz) va boshqa idora va tashkilotlarning veb-saytlarida Virtual murojaatlar bilan ishlash xizmati tashkil etildi.
Bubdan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri 2023 yil 1 maydan e’tiboran kuchga kirdi. Yurtimizda 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan referendumda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ishtirok etgan fuqarolarning ovoz berish orqali qabul qilinganligi unda xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-umidlari va intilishlari o‘z aksini topganligidan dalolat bermoqda. Referendum ko‘p millatli buyuk xalqimizning birdamligi va hamjihatligi, suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurishga qat’iy qaror qilganligining ishonchli ifodasi bo‘ldi.
Yuqoridagilar O‘zbekistonda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqishning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumati nazoratida bo‘lgan kompleks tizimi yaratilganidan dalolat beradi. Bu, birinchi navbatda, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari ehtiyojlari, talab va muammolarini o‘z vaqtida hal etishga xizmat qilmoqda.
Jasur Yusupov,
UrDPI Milliy g‘oya va falsafa kafedrasi huquqshunoslik fani o‘qituvchisi.