2021-yil 29-oktabr kuni Ogahiy ijod maktabi jamoasi yana bir shodiyona kunning guvohi bo‘lishdi. Shu kuni bir emas, ikkita she’riy kitob, yaʼni ijod maktabining 7 nafar o’quvchisining ijod namunalari o’rin olgan «VATANIMNI, DAVRONIMNI KUYLAYMAN» sheʼr va hikoyalar toplami hamda 10-sinf oʼquvchisi Saparbayeva Ziyodaning «Jajji yuragimda katta dunyolar» nomli ilk she’riy kitobining taqdimoti boʼlib oʼtdi. Taqdimotda maktab oʼquvchi va oʼqituvchilar jamoasi, shoira Joziba, shuningdek, Ziyodani hamda “Vatanimni, davronimni kuylayman” toʻplamida ijod namunalari o’rin olgan oʼquvchilarimizni qutlash uchun Mahmud az-Zamahshariy nashriyoti bosh muharriri, publitsist yozuvchi, shoir Boltaboy Muhammad Qurbon ishtirok etdi. Taqdimotni maktab direktori Sarvar Abdullayev kirish so’zi bilan ochib berish bilan birga, butun jamoani oʼquvchilarimizning bu muvaffaqiyatlari bilan muborakbod etdi. “Vatanimni, davronimni kuylayman” toʼplamidan ijod namunalari o’rin olgan oʼquvchilarimizni hamda Ziyodani ilk kitobi bilan chin dildan tabriklab, ularga ijodiy barkamollik tiladi. Shundan soʼng ushbu kitoblarning chop etilishida xizmatlari beqiyos boʼlgan publitsist, shoir Boltaboy Muhammad Qurbonga soʼz navbati berildi. Ular o’quvchilarimiz salohiyatini, iqtidorini juda qadrlashini ta’kidlab, ijod maktabi jamoasini ushbu yutuq bilan muborakbod etdilar. Bunda ustozlarining xizmatlari ham katta ekanligini alohida eʼtirof etib oʻtdilar. Ona tili va adabiyot fani o’qituvchisi, filologiya fanlari nomzodi Madina Matyaqubova ham Ziyodaning iste’dodiga juda yuqori baho berib, kelgusi faoliyatida ijodiy parvozlar tiladi. Taqdimot davomida «Vatanimni, davronimni kuylayman» toʼplamidan sheʼr va hikoyalari oʼrin olgan oʼquvchilar oʼz ijodlaridan namunalar oʼqib berdilar. Ayniqsa, 10-sinf o’quvchilarining dugonalariga samimiy dil izhorlari hamda Ziyoda ijodidan o’qigan she’rlari davraga haqiqiy fayz kiritdi. Tadbirga tashrif buyurgan Ziyodaning oila a’zolari ham ushbu e’tibor va e’tirofdan juda xursand bo’ldilar hamda o’z minnatdorchiliklarini izhor etdilar. Tadbir so’ngida Ziyoda ustozlariga hamda shunday natijalarga erishishida xizmatlari, oʼrni beqiyos boʼlgan onasiga o’z minnatdorchiligini bildirar ekan, dil so’zlarini goʼzal she’riy bitiklari orqali izhor etib, barchani hayajonga soldi. Maktab direktori Sarvar Abdullayev jamoamiz nomidan nafaqat Ziyodaga, balki to’plamda sheʼrlari chiqqan oʼquvchilarimizning barchasiga esdalik sovg’alarini topshirdi. Ushbu tadbir o’quvchilarimiz uchun juda ko’tarinki motivatsiya baxsh etdi. Albatta, biz Ziyodadan hamda ijod maktabining boshqa o’quvchilari orasidan kelajakda isteʼdodli qalam egalari yetishib chiqishiga ishonamiz! Barcha qalamga do’st tutingan ijodkor yoshlarimizga omadlar, zafarlar, yutuqlar tilab qolamiz! Yana bir bor yosh isteʼdod egasi, bo`lajak umidli shoira Ziyodani ilk she’rlar to’plami bilan chin qalbimizdan tabriklaymiz, qutlaymiz, unga ijodiy parvozlar tilaymiz!!!
Kitoblar taqdimoti yakunlangach, yosh ijodkor o’quvchilar o’z kitoblaridan bir nechtasini maktab kutubxonasiga tuhfa etdilar.