Qomusimiz – baxtimiz va huquqlarimiz kafolati
Qomusimiz – baxtimiz va huquqlarimiz kafolati

Qomusimiz – baxtimiz va huquqlarimiz kafolati

404 marta ko'rildi

Mana yaxshi niyat bilan boshlangan “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” ham oxirlab bormoqda. Hammamizga aniq va ravshanki yaqin besh yillikda Respublikamizda olamshumul oʻzgarishlar, yangilanishlar, har bir sohada tub islohotlar yili boʻlgan boʻlsa, 2021-yilimiz ham ana shunday oʻzgarishlarni qizgʻin davom ettirgan yil sifatida tarix sahifalarida qoladi.Yakunlanib borayotgan 2021-yilning dekabrida shunday bir aziz bayram borki uni barchamiz katta koʻtarinkilik bilan nishonlaymiz.Bu ham boʻlsa Qomusimiz tugʻilgan kun.Yaʼni- Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi tashkil topgan kundir. Bu yil Konstitutsiyamiz tashkil topganligiga 29 yil toʻldi.Yurtimizda yosh avlodning bilim va qobiliyatini namoyon etishi uchun keng koʻlamli ishlar amalga oshirilyapti. Imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan oʻquvchilar esa yurtimiz va jahon arenalarida Oʻzbekiston yoshlarining nimaga qodir ekanini namo­yish qilib, ota-onasi, mahallasi, taʼlim muassasasi va yurti nomini ulugʻlamoqda.

Konstitutsiya” soʻzi turli davrlarda, turli maʼnolarda qoʻllanilgan boʻlsa-da, bugungi kunda u oliy yuridik kuchga ega boʻlgan, amaldagi qonun va meʼyoriy hujjatlar poydevorini, tag zaminini tashkil yetadigan, oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish qatʼiy nazorat qilinadigan Asosiy qonunni anglatadi.Konstitutsiya huquqiy davlatning asosiy belgisi hisoblanadi. Unda jamiyatning ijtimoiy siyosiy xususiyatlari, taraqqiyotining bosh mezonlari, mamlakatning ichki va tashqi siyosatining asosiy yoʻnalishlari oʻz ifodasini topgan boʻladi.

Konstitutsiyaning muayyan mamlakat ijtimoiy taraqqiyotining huquqiy zamini, mezoni ekanligi uning funksiyalarida yaqqol namoyon boʻladi. Konstitutsiyaning eng asosiy funksiyalaridan biri – davlatchilik rivojlanishidagi vorislikni taʼminlashdir. Bu borada shuni aytish lozimki, konstitutsiyamizda mustahkamlangan oilaga boʻlgan eʼtibor yoki ota-onaga boʻlgan munosabat xususidagi qoidalarni oladigan boʻlsak ham, bu xalqimizning ongida necha asrlardan buyon shakllangan urf-odatlarimizning bir boʻlagiga aylangan umum eʼtirof yetilgan odatlarimizning Konstitutsiyamizda oʻz ifodasini topganligining bir namunasidir.Konstitutsiyaning siyosiy funksiyasini oladigan boʻlsak, u jamiyatning ijtimoiy tuzumini tartibga solish bilan birga siyosiy hayot hamda hokimiyat uchun kurashning muayyan huquqiy doirasini belgilab berishda ifodalanadi. Tashkiliy funksiyaning mohiyati davlatning konstitutsion tuzilishini tashkil yetish va uning faoliyatiga doir asosiy mezonlarni tartibga solishdan iborat.Konstitutsiyada jamiyat taraqqiyotiga turtki beruvchi gʻoyalar oʻz ifodasini topadi. Bu uning amaliy funksiyasini namoyon qiladi.Konstitutsiya asosiy qonun sifatida muayyan davlatning huquqiy va qonunchilik tizimlarining oʻzagini tashkil etadi, huquqiy tizim faoliyatining ustuvor tamoyillarini belgilaydi va bu uning yana bir –yuridik funksiyasida yaqqol namoyon boʻladi.

Oʻzbekistonimizning Konstitutsiyasida yurtdoshlarimizning kelajak avlodlarga ozod va obod Vatan qoldirish, ularning baxt-u kamolini koʻrishdek orzu-havaslari oʻz ifodasini topganligi bilan birga, davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek,unda jamiki dunyoviy neʼmatlar orasida eng ulugʻi – Inson degan fikr ilgari surilgan va shu asosda fuqaro – jamiyat – davlat oʻrtasidagi oʻzaro munosabatning oqilona huquqiy yechimi belgilab berilgan. Asosiy qonunimizda davlatimizning, jamiyatimizning va har bir fuqaroning huquq va burchlari bir-biriga uygʻunlashtirilgan va muvofiqlashtirilgan.Asosiy qonunimizda demokratik huquqiy davlat, adolatli fuqarolik jamiyatining qiyofasi, oʻziga xos belgi va xususiyatlari shakli va shamoyillari oʻz ifodasini topgan.

Ulugʻ ajdodlarimizning asriy armonlari, erkin hayot, farovon jamiyat va adolatli davlat barpo yetishdek yeng ezgu tilaklari va ulugʻ orzularini oʻzida mujassam yetgan davlatimiz Konstitutsiyasi barcha qabul qilinadigan qonunlar va meʼyoriy hujjatlar uchun mustahkam asos va dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda. Konstitutsiyamizda shaxs, uning huquq va erkinliklari davlatdan ustunligi eʼtirof etilgan, shuningdek, unda inson qadri, shaxs erkinligi va hayotini taʼminlovchi tabiiy imkoniyatlarni yuzaga chiqishiga alohida ahamiyat berilgan.Konstitutsiyamizda shaxsning yoshi, millati, irqi, ijtimoiy ahvoli bilan bogʻliq hech qanday cheklashlar yoʻq. Masalan, boshqa mamlakatlarning fuqarolikka ega boʻlish toʻgʻrisidagi qonunchiligida kuzatishimiz mumkin boʻlgan til bilish va oʻtroqlik masalasida ham cheklashlar yoʻq boʻlib, teng fuqarolik huquqi mustahkamlab qoʻyilgan.

Bosh Qomusimizda insonning kundalik hayotdagi yeng muhim ehtiyojlarini taʼminlovchi imkoniyatlar – yashash huquqi, shaxsiy daxlsizlik huquqi, sud jarayonida shaxsiy manfaatlarni himoya qilish huquqi, turar joy daxlsizligi huquqi, bir joydan ikkinchi joyga erkin koʻchish huquqi, fikrlash, eʼtiqod va soʻz erkinligi, vijdon erkinliklari qonuniy yoʻl bilan kafolatlangan.

Umuman, Konstitutsiyamizda koʻp yillik milliy davlatchiligimiz anʼanalari inobatga olinishi bilan birga, jahon konstitutsiyalarining tajribalaridan ham keng foydalanilgan. Shu yoʻl bilan uning yeng insonparvar, demokratik va adolatli Qomuslardan biri boʻlishiga erishilgan.Shuni ham alohida taʼkidlash joizki, bugungi kunga kelib bosh Qomusimiz har bir fuqaromiz qalban va vujuddan eʼzozlovchi muqaddas huquqiy qadriyatga, umid, ishonch va ezgu-niyatlar qoʻrgʻoniga aylangan.Yillar oʻtgan sayin Konstitutsiyamizning hayotimiz, taraqqiyotimiz uchun ahamiyati qanchalik katta ekanligiga, tanlagan yoʻlimiz nihoyatda toʻgʻri ekanligiga qayta-qayta ishonch hosil qilaveramiz.

Fuqarolarning munosib hayot kechirishlarini, tinch totuvligini taʼminlashni asosiy maqsadlardan biri deb eʼlon qilgan Konstitutsiyamiz bosib oʻtgan davriga nazar tashlaydigan boʻlsak, shu qisqa vaqt mobaynida mamlakatimizda asrlarga tatigulik ishlar amalga oshirilganligiga guvoh boʻlamiz. Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi yeng muhim sanalardan biri – Konstitutsiya qabul qilinganligining 29 yilligi arafasida shuni alohida eʼtirof yetish lozimki, Konstitutsiyamiz vaqt oʻtgan sari oʻz nufuzini, xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini mustahkamlab bormoqda. Bizning maqsadimiz esa uning jamiyatdagi nufuzi va ahamiyatini, mazmun va mohiyatini fuqarolarning, ayniqsa yosh avlodning ong-idrokiga chuqurroq singdirishdir.

Zero, oʻz oilasidagi tartib-qoidalarga amal qiladigan, uni hurmat qiladigan farzand boshqalarning ham mana shunday talab-tartiblari borligini anglaydi, ularni hurmat qila biladi. Shu maʼnoda Konstitutsiyamiz barchamiz uchun asosiy mezon boʻlishi, uning qoidalari hayotimizning asosiy qoidalari va maqsadlariga aylanishi darkor.

Konstitutsiyaning qimmatli ahamiyati shundaki, uni puxta oʻzlashtirgan shaxs, fikrimizcha oʻzini yanada kuchliroq, yanada mukammalroq va albatta, yanada kafolatlangan sezadi, uning mazmuni va mohiyati ostida nazarda tutilgan tinch va farovon hayotga boʻlgan ishonchlari yanada mustahkamlanadi. Konstitutsiyani toʻla anglab yetgan har bir fuqaro yuqoridagilardan kelib chiqib, oʻzi va yaqinlarining buguni va kelajagi uchun xotirjamlik bilan oʻz vazifalarini, burchlarini bajarishga kirishadi, deb ishonamiz.Albatta, har bir oʻzini anglagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Konstitutsiyaning mazmun va mohiyatini targʻib qilish ishlarida oʻzining bor kuchi va mahorati bilan hissasini qoʻshadi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiya – tarixiy ahamiyati beqiyos boʻlgan hujjatdir. Uni shu vaqtga qadar davlatchiligimiz tarixidagi boshqa hujjatlarning birortasi bilan qiyoslab boʻlmaydi.Zero, unda tarixiylik zamonaviylik bilan uygʻunlashib, jahonning ijtimoiy, siyosiy, falsafiy va huquqiy tafakkuri sohasida erishilgan barcha yutuqlar mujassamlashgan.

Fotima AHMEDOVA,

Qoʻshkoʻpir tumanidagi 1-umumtaʼlim maktabining oʻzbek tili fani oʻqituvchisi.

 

Ulashing:

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan