Mag’rur jaranglab kelayotgan ona tilimizning go’zalligi,jozibadorligi,sofligini saqlash,uning beqiyos go’zalligini targ’ib qilish, shu tilda bitilgan asarlarning mazmun –mohiyatini,milliy an’ana va milliy qadriyatlarimizni yosh avlod ong-u shuuriga singdirish biz ona tili va adabiyot fani o’qituvchilari zimmasidagi asosiy vazifadir.Ana shunday mas’uliyatni ado etishdek burch mening ham zimmamda ekanligidan, ta’lim-tarbiya sohasiga o’z hissamni qo’shayotganimdan, yosh avlod qalbiga ona tilimizning betakror jozibasini singdirishda hissa qo’shayotganimdan behad baxtiyorman. Biz bilamizki, ona tili fanini o`qitishning asosiy vazifasi o`quvchilarda grammatikaga oid o`zlashtirilgan bilimlarni rivojlantirish hamda ona tilining keng imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda nutqni to`g`ri va ravon bayon etishga qaratilgan lingvistik kompetensiyalarni ,shuningdek, o`quvchi shaxsini tarbiyalashga,o`zgalar fikrini anglashga ,o`z fikrini og`zaki va yozma shaklda savodli bayon qila olishga qaratilgan nutqiy kompetensiyalarni rivojlantirishdan iboratdir. Mana shu vazifalarni chuqur his qilgan holda har bir ona tili va adabiyot o`qituvchisi o`quvchilarimizda nutqiy va lingvistik kompetensiyalarni rivojlantirish uchun fidoyi ustoz bo’lishga harakat qilishi kerak.Nutqi ravon,dunyoqarashi keng,o`z fikrini og`zaki va yozma shaklda teran ifoda eta oladigan ,ma`naviyatli va madaniyatli ,har tomonlama yetuk shaxsni kamol toptirish-bu biz ustozlarning asosiy vazifamiz.
Men 30 yillik ish tajribamdan kelib chiqqan holda ona tilini o`qitishdagi muammolar,ularning kelib chiqish sabablari va muammoni bartaraf etish yo’llari bo`yicha fikr-mulohazalarimni aytib o`tmoqchiman.
Xo`sh ,fanni o`qitishda qanday muammolarga duch kelishimiz mumkin?
1.O`quvchilar og`zaki va yozma nutqining ravon emasligi,o`z fikrini to`g`ri va ravon bayon eta olmaslik; 2.Adabiy til me`yorlariga amal qilmaslik; 3.Darsliklarda fonetika va orfografiya bo`limlari bo`yicha ma`lumotlarning kam ekanligi. Menimcha, o`quvchilarning badiiy asar mutolaasi bilan shug`ullanmasliklari, dars jarayonida o`quvchilarning adabiy til me`yorlariga amal qilgan holda gapirmasliklari, shevaga xos so`zlardan foydalanishlari va o`qituvchining bu holatlarga befarq qarashi og`zaki nutqdagi muammolarning kelib chiqishiga sabab bo`lyapti.
Og`zaki nutqdagi bunday muammolarni bartaraf etish uchun o`quvchilar o`rtasida kitobxonlikni yanada rivojlantirish;o`qilgan badiiy asarlar yuzasidan sinfda ,to`garak mashg`ulotlarida bahs-munozaralar tashkil qilish; maktabda teatr to`garaklari ochish; o`qilgan asarlarni sahnalashtirib, teatr tomoshalari namoyish etish;teatr tomoshalariga , ayniqsa,o`zlashtirmovchi o`quvchilarni jalb qilish; o`quvchilar nutqini o`stirish ,to`g`ri va ravon gapirishga yo`naltirish uchun,,Nutq madaniyati”, ,,Notiqlik san`ati” kabi to`garaklar tashkil qilish lozim.
Yozma nutqdagi muammolarning kelib chiqishiga esa darsliklarda fonetika va orfografiya bo`limlari bo`yicha ma`lumotlarning kam ekanligi, o`quvchilar so`z boyligining yetarli emasligi,so`z ma`nolarini tushunmaslik,paronim so`zlarni to`g`ri ishlata olmaslik kabi holatlar sabab bolib kelyapti,deb o`ylayman.
1995-yilda qabul qilingan ,,O`zbek tilining asosiy imlo qoidalari”7 bo’lim 82 banddan iborat bo`lib,mana shu qoidalar darsliklarda alohida mavzu sifatida o`rganilmaydi.To`g`ri ,bu qoidalar mavzular tarkibida o`rganiladi,lekin to`liq qamrab olinmaydi.
Masalan, ,,O`zbek tilining asosiy imlo qoidalari”ning ,,Qo`shib yozish” bo’limida tarkibida poya,xush,ham ,bop,baxsh,mijoz,sifat,talab noma so’zlari bo’lgan qo’shma ot va sifatlarning qo’shib yozilishi haqida(bedapoya,ommabop,kamquvvat),narsaning rangi,mazasi o’zidagi biror belgisi asosida bildiruvchi qo’shma otlar qo`shib yozilishi haqida darsliklarda berilmagan. O`qituvchi shu ma’lumotlarni o`quvchilarga qo`shimcha ravishda ot va sifat mavzularini o`tish jarayonida tushuntirib o`tmasa,o`quvchilar yozma nutqida ko`plab xatoliklar kelib chiqishi mumkin.Masalan,g`o`za poya,ham yurt,ola qarg`a kabi.
Agar o`quvchi imlo qoidalari bilan to’liq tanish bo`lsa,uning yozma nutqidagi kamchiliklar bartaraf qilingan bo`lar edi. Shuningdek, nutq tovushlari va ularning tasnifi bo`yicha o`quvchilarga to`liq ma’lumot berish; orfografiya va uning tamoyillari bo`yicha kengroq tushuncha berish; imlo lug`ati bilan ishlashni o`rgatish; har darsda lug`at diktantlar olib borish; paronim so`zlar va ularning ma’nolarini o`quvchilarga batafsil tushuntirish orqali ham yozma nutqda uchrashi mumkin bo`lgan muammolarga yo’l qo`yilmagan bo’lardi.
Fonetika bo`limi faqat 5-sinf doirasida o`rganilib,ma`lumotlar yetarli emas,vaholanki,abituriyentlarga tushadigan testlarda fonetika bo`yicha savollar shunday murakkabki,o`quvchining o`zi qo`shimcha shug`ullanmasa,testlarni umuman yechib bilmaydi.Masalan,quyidagi testga e’tibor bering:
Birov odob o‘rgatsa, o‘rganmagan kishi hayvon, ammo uzr so‘rasa, qabul qilmagan kishi shaytondir.
Ushbu gapda qatnashgan shakl yasovchi qo‘shimchalar tarkibida necha o‘rinda shovqinlilar guruhiga kiruvchi jarangli portlovchi undosh bor ?
O`quvchilar bu testlarni bajarib bilishi uchun maktab darsligida olgan bilimlari yetarli bo`lmaydi.5-sinf darsligida portlovchilar, shovqinli undoshlar haqida ma’lumot umuman yo`q.
Men titrog`imni bosolmasdim,yuragim o`ynab ketayotgan edi,suhbatdoshim esa mening bu ahvolimga parvo ham qilmasdi,mudroq kayfiyat bilan o`tirardi. .Ushbu gapda necha o’rinda fonetik o’zgarish sodir bo’lgan?
Ona tili darsliklarida fonetik o`zgarishlar va ularning turlari (tovush tushishi,tovush almashishi,tovush orttirilishi) bo`yicha alohida mavzular berilmagan.Agar o`qituvchi darsliklardagi ma’lumotlar bilan cheklanib qolmay, nutq tovushlari va ularning tasnifi ,fonetik hodisalar va ularning turlari,orfografik tamoyillar:fonetik, morfologik, shakliy, farqlash tamoyillari haqida o`quvchilarga qo`shimcha ma`lumotlarni berib borsa ,o`quvchilarimiz tomonidan yo`l qo`yilishi mumkin bo`lgan imlo xatolarining oldi olingan bo`lardi
Agar yuqoridagi muammolar bartaraf qilinsa,o`quvchilar to`g`ri yozishning fonetik,morfologik, shakliy tamoyillarini yaxshi o`zlashtirib,xatosiz yozishga odatlanadilar,unli va undoshlar tasnifini to`liq o`rganib,so`zda ularni to`g`ri ishlata oladilar,shuningdek, so`zlarning ma`nolarini farqlay oladilar. Biz ustozlar har birimiz o`z ishimizga mas`uliyat bilan yondashib,tilimizning beqiyos go`zalligini yosh avlod qalbiga singdirib borsakkina,ota-bobolarimizdan meros bo`lgan ona tilimizni kelgusi avlodlarga sofligicha yetkaza olamiz.Zero ,Navoiy bobomiz ta`biri bilan aytganda,o`n sakkiz ming olamdan ham boyroq bo’lgan ona tilimizning boyligi va sofligini ta`minlash bu bizning vatanparvarlik burchimizdir.
Zumrad MATQURBANOVA,
Urganch shahar 13- umumiy o‘rta ta’lim maktabining
ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi.