To‘g‘ri yozish qoidalari tilshunoslar tomonidan tuziladi va jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi. Imlo qoidalari hukumat tomonidan tasdiqlanadi. Kishilar o‘zaro yozishmalarida, rasmiy ish yuritishda, ta’lim jarayonida, madaniy-ma’rifiy faoliyatda tilning imlo qoidalariga amal qilishga majburdirlar.
So‘z va qo‘shimchalarning yozilishi ma’lum bir qoidalarga asoslanmasa, yozuvda har xillik yuzaga keladi, natijada bir-birini tushunish imkoniyati yo‘qoladi. Shuning uchun ham o‘zbek tilining imlo qoidalarini puxta o‘zlashtirish lozim. 1995- yilning 24- avgustida tasdiqlangan «O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari»da «Harflar imlosi», «Asos va qo‘shimchalar imlosi», «Qo‘shib yozish», «Chiziqcha bilan yozish», «Ajratib yozish», «Bosh harflar imlosi»va «Ko‘chirish qoidalari» nomli bo‘limlar bor. Umumiy o’rta ta’lim maktablarining 5-9-sinflar kesimida «O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari»dan samarali foydalanishni ,kundalik qo’llanmaga aylantirish o’zining ijobiy natijasini ko’rsatmasdan qolmaydi.
Yozma nutqda birinchi navbatda uzviylik, davomiylik zarur va har bir so‘z jumlaning oldingisini to‘ldirib borishi, unga aloqador bo‘lishi lozim. Bir-biriga bog‘lanmagan fikrlar esa matnni o‘qiyotgan kishini chalg‘itadi.
Og‘zaki matn bilan yozma matnning orasida juda katta farq bor. So‘zlashuv ma’lum darajada oson. Xayolga kelgan, hali miyada yaxshi shakllanib ulgurmagan fikrlar avtomatik tarzda tilga ko‘chadi, gapdan keyin gap quyilib kelaveradi. Yozma nutq esa fikrlashni talab qiladi. Matn yaratish jarayonida o‘quvchining mahorati oshadi. Bu haqda ona tili fanidan davlat ta’lim standartida shunday deyiladi: “Matn yaratish jarayonida o‘zbek adabiy tili grammatikasining me’yor va imkoniyatlariga rioya qilish, so‘zlashuv nutqi bilan kitobiy nutq me’yorlariga amal qilish, gapda so‘zlarni to‘g‘ri joylashtira olish, o‘zgargan tartib va inversiyalardan to‘g‘ri foydalana bilish”… kabi qobiliyatlarni egallash o‘quvchidan talab qilinadi.
— Avvalo, har bir inson uchun og‘zaki va yozma nutqning ikkisi ham birdek zarur. O‘quvchilarning ba’zilarida yozma, ba’zilarida og‘zaki nutq ustunlik qiladi. Bu — tabiiy. Ularga qo‘yib bersak, ko‘pincha biror mavzuni muhokama qilish jarayonida yozib berishdan ko‘ra gapirishni afzal ko‘rishadi. Ammo bu o‘quvchilarning o‘z fikr-mulohazalarini ta’sirli jumlalar bilan ifodalashiga imkoniyat bermaydi. Shu bois, o‘qituvchi biror asar yoki mavzu haqida, albatta, o‘quvchiga yozma vazifa berishi kerak. Yozma nutqning ustunligi ko‘proq. O‘quvchi o‘z fikrini bayon etishda so‘zlarni tanlab-saralab, ma’nosini tushunib ishlatadi. Xuddi shu holat bugun o‘quvchilarda susayib boryapti nazarimda. O‘quvchida og‘zaki nutq madaniyatini shakllantirish uchun avval yozdirib, keyin unga hikoya qilib berishni mashq qildirishimiz maqsadga muvofiqdir.
O‘quvchi yozma nutqining o‘sishi, fanga bo‘lgan qiziqishi va o‘qishga ijobiy munosabati o‘z-o‘zidan shakllanib qolmaydi. Yozma savodxonlik birinchi sinfdan boshlab o‘qituvchilar tomonidan ilg‘anib, ta’lim jarayonida rivojlantirib borilishi zarur.
O‘quvchilarning og‘zaki va yozma savodxonligini uyg‘un ravishda oshirish maqsadida qiziqarli o‘quv materiallari, didaktik o‘yinlar, muammoli vaziyat va bahs-munozaralar bilan birga, to‘g‘ri yozishga o‘rgatuvchi turli xil qiziqarli mashqlardan foydalanish maqsadga muvofiq. Shu ma’noda, ta’lim sohasi o‘qituvchidan doimiy izlanishni ,ijodkorlikni talab etadi.
O‘quvchilarning mustaqil aqliy faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash maqsadida darslarda ertak, she’r va topishmoqlar, shu jumladan, kichik matnlardan foydalanish o‘rinlidir. Darsga tayyorlanishda o‘qituvchi matnning hajmi, unga sarflanadigan vaqtni ham aniq belgilab olishi, maqsadga muvofiq matnlarni tanlash lozimligini ham unutmasligi kerak. Matn bilan ishlashga ortiqcha vaqt sarflash o‘quvchilar faoliyatini sustlashtiradi. O‘quvchilarni matnlar bilan ustma-ust band qilib qo‘yish ta’lim samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bundan tashqari, matnlarning sharti o‘quvchilarning yosh xususiyati va o‘quv imkoniyatlariga to‘la mos kelishi zarur.
O‘quvchi kichik hajmli matnlarni yaxshi o‘zlashtirib olishi uchun, unda matnni yaxshilab o‘qish, mazmunida nimaga ishora qilinayotganini tushunish ko‘nikmasini shakllantirish lozim.
Matnlar o‘quvchilarning yozma nutq faoliyatini rivojlantirish, tushuncha va tasavvurlarini boyitishga xizmat qiladigan mazmun kasb etishi kerak. Matn bilan ishlash jarayonida o‘quvchilarga yozma nutqni rivojlantirishga oid vazifalar qo‘yilishi o‘quvchilarning nafaqat fikrlash qobiliyatini shakllantiradi, balki yozma nutq ko‘nikmalarini ham rivojlantirib boradi.
Orfografik malakalarni o‘rgatishda :
-eshitilgani kabi yoziladigan harflardan tashkil topgan so‘zlarni yozishdan boshlash;
-ochiq va yopiq bo‘g‘inlarni tushuntirish;
-yozish va tagiga chizish;
-sodda uch bo‘g‘inli so‘zlardan foydalanish usullarini qo‘llash maqsadga muvofiqdir.
Insho va bayon yozishda:
-rasmli mashqlar: rasm yuzasidan bir qancha savollar berish, rasmga yozma dialog yozish;
-vaziyatli mashqlar;
– matnga oid savollarga yozma javob berish, matnga yozma savollar tuzish, hikoyaga reja tuzish, qisqacha bayon qilish, nuqtalar o‘rniga kerakli so‘zlarni qo‘yish kabilar .
Orfografik malakalarni o‘rgatish o‘qitishning asosiy tarkibiy qismi hisoblanadi va umumta’lim maktablarida yozuvni o‘rgatishning maqsadi hisoblanadi.
Tilga oid yozma bajariladigan leksik mashqlar so‘zlarni — qo‘shimchalar, o‘zakni to‘g‘ri yozishni o‘rqatishga xizmat qiladi.
Bunda:
-so‘zlarni tahlil qilish mashqi;
-so‘zlarni turli xil so‘z yasovchi qo‘shimchalar orqali guruhlarga ajratish mashqi;
-xatolarni topish va to‘g‘ri yozish mashqi;
-so‘z yasash mashqlaridan foydalanish mumkin.
Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, yozma nutq savodxonlik darajasining katta bir omilidir. Chunki yozma nutqda grammatik, stilistik, imloviy xatolarga yo‘l qo‘ymaslik talab etiladi. Odam qanchalik ko‘p yozsa, uning husnixati ham shunchalik chiroyli bo‘lishi ma’lum. Shuning uchun boshlang‘ich sinflarda birgina harfni o‘qituvchilar qayta-qayta yozdirishadi. Bundan maqsad esa — o‘quvchining husnixati chiroyli bo‘lishiga erishish va savodxonligini oshirishdir. Bu esa, o‘z navbatida, bilim sifatiga ta’sir etuvchi ikki omilning uyg‘unlikdagi yutug‘i hisoblanadi.
Frantsuz adibi, Nobel mukofoti sohibi Alber Kamyu: «Ona tilim mening vatanimdir. Vatanni qanchalik sevsam, tilni ham shunchalik sevaman» deydi. Haqiqiy vatanparvarlik ona tilini sevishda ko‘rinadi! Ona tilimizni muqaddas bilib, sevadiganlar qatorida uni yaxshi bilmaydigan va qadrlamaydigan eldoshlarimiz ham bor. O’z qadrini bilgan odam ona tilini yuksak darajada o‘rganadi va sevadi. O’z tilini qadrlamaydigan shaxs esa o‘zini qadrsizlantiradi.
Istiqlol davrida ona tilimizga davlat tomonidan katta e’tibor qaratilmoqda. Bunday yuksak qadrlash yillar o‘tib, o‘z shirin mevalarini beradi.
Zumrad MATQURBANOVA,
Xorazm viloyati Urganch shahar 13-umuta’lim maktabi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi .