Abulgʻozi Bahodirxon haqida
Abulgʻozi Bahodirxon haqida

Abulgʻozi Bahodirxon haqida

657 marta ko'rildi

Abulgʻozi Bahodrxon 1603-yilning 23-avgustida sohibi toj Arab Muhammadxon oilasida toʻrtinchi farzand boʻlib dunyoga keldi. Ammo hayoti shahzodalarnikidek rohat-u farogʻatda kechmadi. Dastlab, 6 yoshida onasidan yetim qoldi. 13 yoshidan boshlab, ogʻa inilar oʻrtasidagi toj-u-taxt uchun kechgan kurashlar girdobiga tushib qoldi. Oʻshanda Abash va Elbars ismli ogʻalari onalari nayman urugʻidan boʻlgani bois, urugʻ oqsoqollarining gij-gijlashiga tayanib, otasiga qarshi qoʻzgʻolon koʻtardilar. Shunda Arab Muhammadxon bolalarining gʻalayonini yoshlik havasi bilan hokimiyatga intilish, deb tushunib, Vazir shahrini har ikki oʻgʻliga inʼom qildi.

Bu inʼom bilan qanoatlangan shahzodalar faqat besh yilgina tinch yashadilar. Ular 1621-yilda yana otasiga qarshi isyon koʻtarishdi. Bu gal Arab Muhammadxonning boshqa ikki oʻgʻli Isfandiyor va Abulgʻozi otasi tarafda turib, isyonkor Habash va Elbarslarga qarshi kurashdi. Ammo bu jangda isyonkorlarning qoʻli ustun kelib, magʻlubiyatga uchragan Isfandiyor va Abulgʻozi har tarafga qarab qochdi. Avval Kat, soʻngra Buxorodan panoh topgan Abulgʻozi Imomqulixon huzurida ikki yil hayot kechirdi. 1623-yili maslakdosh inisi Isfandiyor Eron shohi Abbos 1 yordamida Xiva taxtini egallagach, ota yurtiga keldi. Hukmdor Abulgʻozini siylab, unga Urganch hokimligini topshirdi.

Ammo oradan 4 yil oʻtib, xon va hokim orasida kelishmovchilik kelib chiqqach, Abulgʻozi oldin Turkiston, keyin Toshkent va Buxoroda hijratda yashashga majbur boʻldi. 1630-yili Isfandiyorxondan norozi boʻlgan yovmudlar uni Xorazmga kelib, xonga qarshi kurashishga chorladilar. Shu taxlit Abulgʻozi yana eliga qaytib, Isfandiyor bilan jangga kirdi. Ana shundan keyin ogʻa-inilar oʻrtasidagi muzokaralardan soʻng poytaxt Hazoraspda hukm surayotgan Isfandiyor Abulgʻoziga Xiva hokimligini berishga qaror qildi. Biroq xon Abulgʻozining Xorazmda turishi oʻziga zarar ekanligini, qachondir boʻlmasin, taxtni tortib olishi mumkinligini oʻylab, Eronga qarashli Niso shahriga bosqinchilik qilishda ayblab, uni hibsga oldirdi. Eron shohi Safiʼ 1 ga Niso bosqinchisini qoʻlga olganligini aytib, Abulgʻozini unga topshirishdi.

Shu tarzda Abulgʻozi 1630-39 yillarda Eronning Taborak qaʼlasida maxsus nazorat ostida hibsda oʻtirdi. U ana shu tutqunlik davrida qanday xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyganligini anglab, kelajakdagi maqsad va niyatlarini belgilab oldi. Soʻngra u qariyb 10 yillik tutqunlikka chek qoʻyib, hiyla ishlatganicha qaʼladan qochadi. Ming mashaqqatlar evaziga Orol oʻzbeklari huzuriga yetib kela oldi. Orolliklar xonzoda Abulgʻozini yaxshi kutib olib, Isfandiyor bilan muxolifligi bois, yovmudlar bilan birlashib, xonga qarshi kurashga otlandilar va natijada qoʻzgʻolonchilarning qoʻli ustun kelib, Abulgʻozi 1644-yili taxtga chiqdi.

Ana shu sanadan soʻng Abulgʻozixonning 20 yillik hukmronlik davri boshlandi. Bu vaqtda u davlat ichkarisida islohot oʻtkazish uchun bosqinchiliklarga chek qoʻyish maqsadida chegarani mustahkamlaydi. Ayni paytda 1646-53 yillarda Eron, Atrov va Jurjonliklar, 1655-62 yillarda xonlikka bostirib kelgan Ural kazaklari va Buxoro amirligi bilan urushlar olib bordi.Shu bilan birga, u Amudaryo oʻzanini oʻzgartirib, suv bermay qoʻyganligi bois xarobaga aylanayozgan Urganch va Vazir shaharlarini Xonqaning gʻarbiy tomonidagi hozirgi Urganchga va Gurlan bekligiga koʻchirib, yangi shaharlarga asos soldi. Endi oldingi shaharlar-Koʻhna Urganch va Koʻhna Vazir, Abulgʻozi barpo ettirgan shaharlar Yangi Urganch hamda Yangi Vazir nomi bilan ataladigan boʻldi. Abulgʻozi, shuningdek oʻzbek urugʻlarini-uygʻur va nayman, qoʻngʻirot va qiyot, jaloyir hamda qiyot, mangʻit va nukus, qangli-qipchoq urugʻlarini birlashtirib, ular uchun daryo boʻylaridan yer taqsimlab berdi. Shu taxlit, xonlik ichidagi yer va suv uchun boʻladigan urugʻlararo nizolar bartaraf etildi. Ayni paytda har bir urugʻ ichidan obroʻli bir kishini oʻz yoniga olib, ularga yuqori lavozimlarni topshirdi.Ana shu tarzda ham davlatga qilinadigan bosqinchiliklarning oldini oldi, ham xonlik ichida nizolarga chek qoʻyib, barqarorlik oʻrnatdi. Bundan unumli foydalanib, tarix va tabobatga qiziqqani bois, tajribalarini umumlashtirib, uchta asar yozdi.

“Shajarai turk” asarida Odam Ato zamonidan oʻzigacha boʻlgan davrdagi turk va moʻgʻul urugʻlarini, “Shajari Tarokima” da turkman urugʻlari hayotini batafsil tasvirlaydi. “Manofeʼ ul-inson” asarida esa Abulgʻozining tabiblik tajribasi, qoʻllagan amallari keng yoritiladi. Shuningdek, Xorazmda uchraydigan dorivor giyohlar va oʻsimliklar, ularning foydasi, qanday kasalliklarni davolashda ularni qay tarzda qoʻllash kerakligini Abulgʻozi tabib sifatida oʻz asarida mukammal yoritadi.Tabiiyki, 1616-yildan 1644-yilgacha kechgan toj-u-taxtlar uchun kurashlar, qolaversa , 10 yillik hibsdagi azoblar, 20 yillik davlat boshqaruvidagi asabbuzarliklar bois, u oʻz sogʻligʻini yoʻqotdi. Tarixda ne bir hukmdorlar kasal, hattoki, oʻlar holatdayam taxtni topshirmagan. Abulgʻozi esa xasta xon sifatida davlat boshqaruvini, xalqni emas, sogʻligʻini oʻylar, shu bois oʻgʻli Anusha foydasiga 1664-yilda oʻz ixtiyori bilan taxtdan voz kechdi. Bu Xivada hukmronlik qilgan 57 nafar xon davridagi, ehtimol, dunyo tarixidagi ana shunday yagona hodisa edi.

Tozagul XUDAYBERGANOVA,

Qo’shko’pir tumanidagi 2- umumiy o’rta ta’lim maktabining tarix fani o’qituvchisi.

 

Ulashing:

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan