Zahiriddin Muhammad Bobur tavvaludi oldidan
     Zahiriddin Muhammad Bobur tavvaludi oldidan

     Zahiriddin Muhammad Bobur tavvaludi oldidan

490 marta ko'rildi

Zahiriddin Muhammad Bobur

Tariximizda o‘chmas iz qoldirgan buyuk sarkarda, shox va shoir, davlat arbobi, Boburiylar sulolasining asoschisi Zahiriddin Muhammad Bobur 1483-yilning 14-fevralida Farg‘ona ulusining hokimi Umarshayx Mirzo oilasida dunyoga keldi.U tug‘ilgan davrda  Markaziy Osiyo va Xurosonda   Amir Temur tuzgan yirik davlatiga egalik qilish uchun turli hokimlar va qarindoshlar o‘rtasida qirg‘inbarot kurashlar avjida edi.1494-yilda otasi Umarshayx Mirzoning vafotidan so‘ng merosxo‘r sifatida qolgan  12 yoshli Zahiriddin Muhammad  Farg‘ona hokimligini egalladi. Bobur yosh bo‘lganligi sababli davlat ishlarini ishonchli beklardan Hojiqozi va o‘qimishli, oqila onasi Qutlug‘Nigorxonim yordamida boshqaradi. Bobur siyosiy kurash  maydonga chiqqan paytda Samarqandda Boysung‘ur Mirzo , Toshkentda  Bobur Mirzoning tog‘asi  Sulton Mahmudxon, Hirotda Sulton Husayn Boyqarolar hukmronlik qilardi.

XV asr oxirlarida Temuriylar davlatida avj olgan ichki urushlardan foydalanib Muhammad Shayboniy Movarounnahrga yurish qiladi. Uning maqsadi  Temuriylar saltanatiga butunlay barham berish edi. Shayboniyxon 1500-yilda Samarqandni qisqa muddatda egallaydi va u yerda Shayboniylar davlatiga asos soladi. 1501-yil Samarqand taxtini uzil-kesil  egallagach ,Sulton Ali Mirzoni qatl ettirgan. 1503- yil Toshkent va Shohruxiya shaharlarini egallagan.1504-yili Shayboniy  qo‘shinlari  tomonidan Andijon ham ishg‘ol qilingach ,Bobur qarindoshlari ilgida bo‘lgan Xurosonga keladi.Uzoq davom etgan sarson-sargardonchiliklardan  so‘ng Qobulda biroz kuch to‘plab , voqealarni tahlil qilgan Zahiriddin Muhammad Bobur 1505-1515-yillarda Sohibqiron bobosi tuzgan davlatni qayta tiklash orzusida Movarounnahrga qaytishga bir necha  bor urinib ko‘rdi. Ammo uning orzusi ushalmay qolib ketdi. U endi yangi davlat tuzish uchun Hindistonga yo‘l oladi.

Zahiriddin Muhammad Boburning oz sonli qo‘shin bilan jasorat ila Hindistonni qo‘lga kiritishiulkan tarixiy voqea bo‘lgan. 1526-yil aprel oyida Panipat da Hindiston sultoni Ibrohim Lo‘diy bilan va 1527-yili mart oyida Chitora hokimi Rano Sango bilan bo‘lgan janglarda Boburning qo‘li baland keldi. Mahalliy hukmdorlar boshqaruvidan norozi  bo‘lgan hokimlarning qollab –quvvatlashi tufayli Sikri jangini g‘alaba bilan yakunlagan Bobur Hindistonda o‘z hukmronligini to‘la o‘rnatdi. Shu tariqa, Hindistonda uch asrdan ortiq vaqt hukmronlik qilgan Boburiylar sulolasiga asos solindi.

Bobokalonimiz dastlabki paytlardanoq Hindistonda tinchlik o‘rnatish, siyosiy muhitni barqarorlashtirish, bog‘-rog‘lar yaratish ishlariga homiylik qildi. Adolatli hukmdor izidan borgan uning avlodlari davrida Hindistonni obodonlashtirish, unda hozirgacha mashhur bo‘lgan me’moriy yodgorliklar, bog‘lar, kutubxonalar, karvonsaroylar  qurdirish keng  miqyos kasb etdi. Hindiston san’ati me’morchiligiga Markaziy Osiyodan borgan usta quruvchilar, san’atkorlar katta hissa qo‘shdi. Taniqli adibimiz  Pirimqul Qodirovning “ Yulduzli tunlar”  asarida keltirilganidek, Boburiylar saroyida o‘sha davrning ilgor ziyolilari, shoirlari,nozikta’b san’atkorlari, tolibi ilmlari,me’morlari, xattotlari va polvonlari jamlagan adabiy-manaviy muhit shakllandi.

1529-yil 11-yanvarda Agra yaqinidagi Nilufar bog‘ida yozilgan

“ Maxfiy vasiyatnoma” Boburshunos   Xayrulla Ismatullayev tomonidan  topilgan bo‘lib, u Boburshohning og‘li shahzoda Humoyunga qoldirilgan. Bu vasiyatnomada  Hindistonni boshqarishga oid o‘git-maslahat , yo‘l-yo‘riqlardan iborat bo‘lgani uchun ham maxfiy sanalgan va “ Maxfiy vasiyatnoma” deb yuritilgan.

Buyuk bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur bir umr Vatan  sog‘inchi bilan yashab, 1530-yil dekabrda Hindistonning Agra shahrida vafot etadi.Uning vasiyatiga ko‘ra,hukmdorning jasadi farzandlari tomonidan Qobulga  olib kelinib dafn etildi.

Xulosa qilib aytganda, tarixda kamdan-kam shaxslargagina nasib etadigan iste’dod va salohiyat sohibi, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur xalqimizning barchamiz faxrlanadigan buyuk farzandidir.Bobur Mirzoning hayoti va ijodi,insoniy fazilatlari o‘sib kelayotgan avlodlarimiz uchun bundan keyin ham ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilaveradi. Zero, millatni millat qilib turguvchi asl madaniyatni mustahkamlash, rivojlantirish millat mavjudligi,boqiyligini ta’minlashning kafolatidir.

 

Munira OLLABERGANOVA,

Qo’shko’pir tumanidagi 2-umumta’lim maktabining tarix fani o’qituvchisi.

Ulashing:

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan