Adabiyot darsida muammoli vaziyatni paydo qilish va undan foydalanish usullari
Adabiyot darsida muammoli vaziyatni paydo qilish va undan foydalanish usullari

Adabiyot darsida muammoli vaziyatni paydo qilish va undan foydalanish usullari

771 marta ko'rildi

ADABIYOT DARSIDA MUAMMOLI VAZIYATNI PAYDO QILISH

VA UNDAN FOYDALANISH USULLARI

Hozirgi ta’lim tizimida samarali o‘qitish texnologiyalaridan biri – bu muammoli o‘qitishdir. Uning vazifasi faol bilish jarayoniga undash va tafakkurda ilmiy-tadqiqot uslubini shakllantirishdir. Muammoli o‘qitish ijodiy faol shaxs tarbiyasi maqsadlariga mos keladi. Pedagogik adabiyotlarda muammoli o‘qitishning turli ta’rif va tavsiflari bor.

Muammoli o‘qitishning mohiyati muammoli vaziyatni vujudga keltirish orqali yangi bilimlarni mustaqil o‘zlashtirishdan iborat. Adabiyot ta’limida muammoli texnologiyalarning qo‘llanishi o‘quvchining erkin fikrlashi, badiiy asar mazmun mohiyatini chuqur anglab yetishi, adabiy tushunchalarni, yozuvchi va uning hayoti ijodiga bog‘liq jarayonlarni to‘liq o‘zlashtirishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Muammoli ta’lim texnologiyasi adabiyot ta’limida amaliy jihatdan hali o‘z o‘zini to‘liq namoyon qilgani yo‘q. Bugungi kunda adabiyot ta’limida muammoli texnologiyalarni qo‘llash borasidagi metodik ko‘rsatmalar nisbatan kamdir. Biz ushbu texnologiyani “Oq kema”qissasi misolida tatbiq etishga harakat qilamiz. Ramziy obrazlarga boy bo‘lgan “Oq kema”qissasi 7-sinf adabiyot darsligida o‘quvchilarga taqdim etilgan, eng qiziqarli va eng ta’sirchan asarlardan biri desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Adib Chingiz Aytmatov tomonidan yaratilgan ushbu asar bola qalbidagi beg‘uborlik, mehrga tashnalikni va ezgulikni kuylaydi. Qissa qahramoni hayotda mehr ko‘rmagan, uning bobosidan boshqa suyanadigan odami, yaxshilik qilish mumkin bo‘lgan kishisi yo‘q. Shu bois u hayotda ko‘rmaganlarini xayolda yaratib, izlaganlarini ramzlardan topishga urinadi

Ibrohim Haqqul qissa haqida taassurotlarini aytar ekan shunday deydi: “Hayotni to‘g‘riroq mushohada qilishga kirishgan chog‘larimni hali-hamon eslayman. O‘shanda nechundir dilda ismsiz g‘ussa, kundan kunga uzlatga undovchi bir yolg‘izlik qad rostlay boshlagan.

Chingiz Aytmatovning “Oq kema”sidagi bolakayga o‘xshab o‘ksik nigoh ila atrofmuhitga qaraganlarim, kazo-kazo kimsalarning chiroyli, balandparvoz, biroq mag‘zi bo‘m-bo‘sh gaplaridan tamoman bezgan kunlarim va holatlarimni aslo unutolmayman…”. Chingiz Aytmatovning “Oq kema” qissasida o‘rtaga tashlangan falsafiy muammolar: ertak va hayot, hayot va nafosat, inson va tabiat, moziy va kelajak, zulm va shafqat, ezgulik va yovuzlik, insonparvarlik va vahshiylik, yozuvchi va voqelik – bularning hammasi adibning o‘tkir qalami orqali kishilarning yuksak axloqiy ideallari nuri-la munavvar etilgan. Bu qissa juda katta badiiy emotsional kuchga ega bo‘lib, Ch.Aytmatov ijodida yana bir yangi sahifa ochdi”,- degan edi Komil Yashin.

Uzviyashtirilgan davlat dasturi bo‘yicha Ushbu asar uchun 3 soat o‘quv soati ajratilsan bo‘lib, bunda dastur bo‘yicha o‘quvchilar ushbu mavzudan quyidagilarni egallashlari talab qilib belgilangan: 16-18-mavzu. Ch. Aytmatov “Oq kema” qissasi. (3 soat, A2+: 5 soat) Adib haqida qisqacha ma‘lumot. – Oq kema qissasida ta‘sirchan, beg‘ubor va xayolchan bola timsolining tasvirlanishi. Shuningdek, uning qalbiga xos pokiza va ezgu tuyg‘ularning bobosi Mo‘min chol tabiatida ham namoyon bo‘lishi. Go‘zal insoniy tuyg‘ular sohibining manfaatparastlar davrasida yashashi nechog‘lik og‘ir ekanligi bola, chol va O‘rozqul munosabatlarida aks etishi. Bu holatning bola ruhiyatiga dahshatli ta’siri. Hayotiy voqelik va bolaning xayolot olami o‘rtasidagi shafqatsiz ziddiyatning ko‘rsatilishi. Qabohatlar manbai qayerdaligini bilmagan va ularga qarshilik qilishdan ojiz gunohsiz bolaning bu bulg‘anch dunyoni tashlab ketishi insonning ma’naviy tanazzuliga qilingan isyon ekanligi. Ona bug‘u obrazi va uning ramziy xususiyati. Nazariy ma‘lumot. Ramziy obrazlar. Ushbu qissadagi ramzlarni tushunish, qahramon xarakteridagi nozikliklarni ilg‘ash va unda berilgan mazmun mohiyatni anglab yetish ba’zan katta yoshli kishi uchun ham biroz murakkablik qiladi. Shu bois 7-sinf o‘quvchilariga “Oq kema” qissasini o‘qitayotganda qissa mazmunini ochib berishga qaratilgan, o‘quvchilarning erkin fikrlashlari uchun imkoniyat yaratuvchi o‘qitishning yangi muammoli ta’lim texnalogiyasidan foydalanish mavzu yaxshi o‘zlashtirilishiga xizmat qiladi. Muаmmоli tа’lim dеyilgаndа, o‘qituvchi (pеdаgоg) rаhbаrligidа muаmmоli vаziyat yuzаgа kеltirilib, mаzkur muаmmо o‘quvchi-tаlаbаlаrning fаоl mustаqil fаоliyati nаtijаsidа bilim, ko‘nikmа vа mаlаkаlаrni ijоdiy o‘zlаshtirish vа аqliy fаоliyatni rivоjlаntirishgа imkоn bеrаdigаn tа’lim jаrаyonini tаshkil etish nаzаrdа tutilаdi.

Muammoli vaziyatni hosil qilish uchun o‘qituvchi, avvalo, o‘quv materialidan shunday vaziyatni topa olishi lozim. Ma’lumki, har qanday savol muammo bo‘lib qolmaydi.

Muammo ilmiy savol bo‘lib, u bir necha asosli javoblarga egaligi bilan savoldan farqlanadi. Muammoli ta’limning o‘ziga xos shakllaridan biri “Debat” usulidir. Debatlar bu jamoaning hamkorlikdagi faoliyati bo‘lib, bunda jamoaning har bir a’zosi o‘zining burch va majburiyatlariga ega bo‘ladi, kim g‘alabaga erishganini esa debat yakunida jamoalarning argumentlari, faktlari, favqulodda savollar va ularga berilgan javoblar asosida hakamlar jamoasi yoki o‘qituvchi belgilab beradi. O‘quvchilar bilan debat o‘tkazganda 3 ta tamoyilga amal qilish kerak: 1. Debatlar ko‘p narsaga o‘rgatadi (Chunki debat o‘tkazishdan maqsad faqat g‘alaba qozonish emas, balki asosiy maqsad debatlar yordamida yangi bilimlarni egallashdir). 2. Jarayonga faol ishtirok va vijdonlilik majburiyati (Bu tamoyil debatning o‘zagi bo‘lib, noto‘g‘ri argument keltirish va savollarga javob berishda mantiqan noto‘g‘ri yo‘ldan ketishning oldini oladi) . 3. O‘zaro hurmatni saqlash (Debat ishtirokchilarining shaxsiga qasddan teskari aloqaga kirishmaslik shart, o‘zga o‘quvchi tomonidan aytilgan nazariya yoki fikrga qarshi chiqayotgan bo‘lsa, uning obro‘sini to‘kish maqsadga muvofiq emas. Chunki debat g‘oyalar va bu g‘oyalarning to‘qnashuvidan iborat). “Debat” usulidan foydalanish uchun, avvalo, haqiqiy debatga loyiq muammo bo‘lishi lozim. “Debat” da o‘rganilayotgan muammoning har ikkala tomoni ham asosli bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Mehribon RAJABOVA,

Urganch shahridagi 13-umumiy o’rta ta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o’qituvchisi.

Ulashing:

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan