17-dekabr – Muhammad Rizo Erniyozbek o’g’li Ogahiy tavallud topgan kun
17-dekabr – Muhammad Rizo Erniyozbek o’g’li Ogahiy tavallud topgan kun

17-dekabr – Muhammad Rizo Erniyozbek o’g’li Ogahiy tavallud topgan kun

506 marta ko'rildi

O’zbek mumtoz adabiyotida qalam tebratgan ijodkorlar orasida Muhammad Rizo Erniyozbek o’g’li Ogahiy o’ziga xos o’ringa ega. Chunki adabiyotimiz tarixida ijodidagi badiiyat ko’lami va hajmining salmoqdorligi jihatidan Navoiy hazratlari yetakchilik qilsalar, Ogahiy bobomiz bu jihatdan ularga eng yaqin turuvchi ijodkor sifatida e’tirof etiladi.
Muhammad Rizo Ogahiyning adabiy merosiga, ijodkorlik faoliyatiga nazar solar ekanmiz, bu jarayonda ularning serqirra inson ekanligi namoyon bo’ladi. Bu jihatlar ichidan Ogahiyning shoirlik salohiyati doimo e’tiborimni tortib kelgan. Jumladan, shoir sifatida deyarli barcha adabiy janrlarda va barcha she’riy san’at turlarida mahorat bilan qalam tebratganlar. Bu ijod namunalari 18000 misra misolida «Ta’viz ul oshiqin» («Oshiqlar tumori») devonidan o’rin egallagan. Devonning bosh g’oyasi ishq tushunchasidir. Bu devon nafaqat Sharq mumtoz adabiyoti uchun qimmatli manba, balki dunyo adabiyoti xazinasini boyitgan munosib javohir,– deya e’tirof etish o’rinli.
Ona tili va adabiyot fani o’qituvchisi sifatida har yili 9-sinf o’quvchilariga Ogahiy hayoti va ijodi mavzusini o’tish chog’ida (nafaqat meni) o’quvchilarni hayratlantirgan holat bobomizning musoviyattarafayn janriga mansub she’ri bo’lgan. Chunki o’quvchilar bu janrga ilk bora 9-sinf darsligida duch kelishadi. Aslida Ogahiy bobomiz bu ijod namunasini salaflari Navoiy va Bobur kabi o’zbek adabiyotining zabardast vakillaridan ta’sirlanib yozgan.
Musoviyattarafayn masnu’ (arabcha san’atli, sersan’at) atamasi bilan ham yuritilgan. U ham janr sifatida, ham she’riy san’at sifatida qayd etilgan bo’lib, bunday she’r doimiy ijod namunalaridan farqli ravishda ikki taraflama o’qiladi. Ya’ni odatda biz she’riy ijod namunasini chapdan o’ngga– gorizontal tarzda– o’qiydigan bo’lsak, bu she’r shaklini chapdan o’ngga ham, yuqoridan pastga(vertikal holida) ham o’qish imkoni mavjud. Ushbu she’riy san’at namunasi haqida o’quvchilarga ma’lumot berib, Ogahiy qalamiga mansub she’rni misol tariqasida keltirib o’tish chog’ida o’quvchilarda bu ijod namunasiga javoban yuqori qiziqish va hayratlanishni kuzatdim. Ularning bu qadar ta’sirlanishlari meni ham to’lqinlantirib yubordi va yangi ijod namunasini yaratishga ilhom baxsh etdiki, natijada ushbu she’riy san’atning yangi namunasi yuzaga kelishiga sababchi bo’lishdi. Men ham salaflar izidan borib, ustozlarga ergashib ushbu she’riy san’at turida qo’limdan kelganicha yozishga harakat qildim. Quyida meni ilhomlantirgan, Ogahiy qalamiga mansub va o’z ijodimga doir musoviyattarafayn namunasi hukmingizga havola etilmoqda. Zotan, ustozlarga ergashib, ular yurgan yo’ldan borib, salaflar ruhini shod etish chinakam saodatdir!

Panayeva Iroda Bahodirovna
Xiva tumani 39-son umumiy oʻrta taʼlim maktabining ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi

Ulashing:

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan