Endi o‘zingizga tegishli yerni xususiylashtirishingiz mumkin.
Endi o‘zingizga tegishli yerni xususiylashtirishingiz mumkin.

Endi o‘zingizga tegishli yerni xususiylashtirishingiz mumkin.

269 marta ko'rildi

O‘zbekistonda yer xususiy mulkka aylanmoqda. Jismoniy va yuridik shaxslar o‘zlariga tegishli (qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan) yer uchastkalarini xususiylashtirishi mumkin bo‘ldi. Bu borada tegishli qonun va hukumat qarori kuchga kirdi.

      Fuqarolar o‘zlariga tegishli hovli-uylar (ko‘p qavatli uylar bundan mustasno) joylashgan yer uchastkasini qanday xususiylashtiradi?

Vazirlar Mahkamasining 14 fevraldagi 71-sonli qarori bilan, “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun asosida 3ta tartib ishlab chiqildi:

1.Jismoniy va yuridik shaxslarning o‘zlariga tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartibi;

2.Tadbirkorlik faoliyati uchun yer uchastkalarini auksionga qo‘yish;

  1. Yakka tartibdagi uy-joylarning yer uchastkalarini mulk huquqi asosida sotib olish.

Fuqarolarimizda yakka tartibdagi uy-joy, yuridik shaxslarda esa noturar bino-inshootlar mavjud. Ular o‘zlariga tegishli ko‘chmas mulkning yer uchastkasini kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish orqali xususiylashtirib olishi mumkin bo‘ladi (agar bino kadastrdan o‘tmagan bo‘lsa, yerni xususiylashtirish mumkin bo‘lmaydi).

      Xususiylashtirish mumkin bo‘lgan yerlar:

1.Yuridik shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan yer uchastkalari;

  1. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish, shuningdek tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan yer uchastkalari;
  2. Xususiylashtirilishi lozim bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obektlari joylashgan yer uchastkalari;
  3. Bo‘sh turgan yer uchastkalari.

      Quyidagi yer uchastkalari xususiylashtirilmaydi:

  1. Foydali qazilma konlari, qonunchilikka muvofiq xususiylashtirilmaydigan davlat mulki obektlari joylashgan yer uchastkalari;
  2. Tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlari va tarixiy-madaniy maqsadlar uchun mo‘ljallangan yerlar tarkibiga kiruvchi yer uchastkalari, shuningdek o‘rmon hamda suv fondlarining, muhandislik va transport infratuzilmasi obektlarining muhofaza zonalari, shaharlar va shaharchalarning umumiy foydalanishdagi yerlari (maydonlar, ko‘chalar, tor ko‘chalar, yo‘llar, sohil bo‘ylari, skverlar, xiyobonlar, istirohat bog‘lari);
  3. Xavfli moddalar bilan zararlangan va biogen zaharlanishga duchor bo‘lgan yer uchastkalari;
  4. Qonunchilikda belgilangan tartibda maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga taqdim etilgan yer uchastkalari – maxsus iqtisodiy zona faoliyat ko‘rsatadigan davrda;
  5. Ko‘p kvartirali uylar joylashgan, shuningdek ko‘p kvartirali uylarga tutash yer uchastkalari;
  6. Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini, ijtimoiy sheriklik to‘g‘risidagi kelishuvlar va shartnomalarni amalga oshirish uchun berilgan, shuningdek yuridik shaxslarga davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun berilgan yer uchastkalari.

     Yer uchastkalari quyidagi shakllarda xususiylashtiriladi:

1.Umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli bo‘lgan yerni sotib olish;

2.Yerni elektron onlayn-auksion orqali sotib olish.

     Quyidagi holatlarda xususiylashtirilgan yerni mulkdordan olib qo‘yish mumkin:

  1. Yerga ijro hujjatlari bo‘yicha undiruv qaratilganda;
  2. Yer davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun sotib olinganda (egasining yozma roziligi bilan);
  3. Yer musodara qilinganda;
  4. Yer rekvizitsiya qilinganda (epidemiya, tabiiy ofat vaqtida).

Xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘lar Davlat budjetiga yo‘naltiriladi. Yer uchastkalarini xususiylashtirishda fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda o‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqi belgilanishi mumkin.

O‘.YUSUPOV

Yangibozor tuman Adliya bo‘limi Davlat xizmatlar markazi sho`ba boshlig‘i. 

Ulashing:

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan