Respublikada davlat xizmatlarini ko‘rsatishda byurokratizm, sansalorlik va boshqa ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish, eskirgan va zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni tubdan qisqartirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2022-yil 20-aprelda davlat xizmatlari ko‘rsatishni soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida 113-son Prezident farmoni qabul qlindi.
Farmonga binoan, Jismoniy va yuridik shaxslar uchun davlat xizmatlari ko‘rsatish ko‘lamini oshirish, aholining masofadan turib elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, bu borada barcha uchun teng sharoitlarni yaratish orqali inklyuziv muhitni shakllantirish maqsadida 2022-yil 1-avgustdan boshlab davlat xizmatlaridan foydalanish uchun shaxsni identifikatsiyalashning mavjud tizim va vositalariga qo‘shimcha ravishda jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi joriy qilinmoqda. Mobil-ID tizimi “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash bo‘yicha yagona axborot tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi va shaxsni uning mobil telefon raqami orqali identifikatsiyalashni nazarda tutadi. Shaxsni Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyalash fuqaroning xohishiga ko‘ra davlat xizmatlari markazi yoki notarial idora tomonidan yoxud Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi. Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyadan o‘tish uchun fuqaro tomonidan bevosita Markaz yoki notarial idoraga murojaat qilinganda shaxsni tasdiqlovchi hujjatning asli taqdim etiladi hamda Markaz yoki notarial idora xodimi tomonidan fuqaroning yuzi raqamli formatda rasmga tushiriladi, elektron shaklda qo‘l barmog‘i izi olinadi va mobil telefon raqami YIDXPdagi shaxsiy kabinetga bog‘lanadi. Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyadan o‘tish uchun fuqaro tomonidan YIDXPning mobil ilovasidan foydalanilganda masofadan biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) usuli yoki ID-kartadagi elektron raqamli imzo qo‘llaniladi hamda mobil telefon raqami YIDXPdagi shaxsiy kabinetga bepul bog‘lanadi. Bevosita Markazlar yoki notarial idora orqali fuqarolarni Mobil-ID tizimiga identifikatsiya qilish 2022-yil 31-dekabrga qadar to‘lov undirilmasdan, 2023-yil 1-yanvardan boshlab bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi miqdorida bir martalik to‘lov undirilgan holda amalga oshiriladi. Mobil-ID tizimi foydalanuvchilari elektron raqamli imzoni qo‘llamagan holda barcha davlat xizmatlaridan foydalanishi mumkin. Fuqaroning YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga yuboriladigan barcha xabarnomalar uning xohishiga ko‘ra va belgilangan to‘lovlar asosida Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyalangan mobil telefon raqamiga SMS-xabar shaklida yuboriladi.
Davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish aholining davlat organlari bilan munosabatga kirishishda inson omilini minimallashtirish, byurokratik jarayonlarni qisqartirish, xizmatdan foydalanuvchilarning vaqti va xarajatlarini kamaytirish hamda ma’muriy tartib-taomillarning shaffofligi va ochiqligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha olib borilayotgan davlat siyosatida mamlakatda qulay ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, xizmatdan foydalanuvchilarga sifatli va tezkor davlat xizmatlarini taqdim etish ustuvor masalalardan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi boshqa vakolatli organlar bilan birgalikda yuqoridagi muhim jarayonlarni amalga oshirilishini ta’minlaydilar.
U.OLLABERGANOV,
Yangibozor tuman Adliya bo`limi davlat xizmatlari markazi direktori.