TARG‘IBOT SAMARA BERMOQDA
Maktabimizda ijodga, shu jumladan, she’riyatga qiziquvchi o‘quvchilar safi kengayib bormoqda. Faoliyatimning ilk davrida ularni bir joyga to‘plashim biroz qiyin kechdi. Bora-bora kitobxonlik tadbirlari va adabiy uchrashuv, suhbatlar natijasida 30 nafardan ziyod bola to‘plandi. Ayrimlari yaxshi she’r yozishadi, ayrimlari endi o‘rganishyapti.
Barchalari o‘zim tashkil qilgan “Charog‘bon” yosh ijodkorlar to‘garagi a’zolari bo‘lsalar ham, to‘garak mashg‘ulotlarini barchalariga bir vaqtda o‘tmayman. Agar 10 nafariga she’riyat, adabiyot, jurnalistika sirlarini umumiy mashg‘ulotda o‘rgatsam, qolganlari qachon bo‘sh vaqti bo‘lsa, bitta-ikkita bo‘lib xonamga kelib, she’rlarini ko‘rsatib, she’riy janrlar, uslublar, san’atlarni mendan so‘rab, adabiy bilim olishadi.
Ayrim ijodkor o‘quvchilarni o‘qituvchisi biror sabab bilan kelmay qolganda yoki tanaffus paytida sinfiga borib ham o‘qitaveraman. Bu ish menga zavq bag‘ishlaydi. Charchoq yo‘q. Bolalar bilan ishlash qanday zavqli ekanini maktabda targ‘ibotchi bo‘lib ishlab bildim. Bolalar ham xursand. “Mashg‘ulotda qatnash, qani bo‘l” deb qistab yurmayman. Bolalarning o‘zi meni topib, “Ustoz, she’r darsi o‘ting, iltimos” deb izimda yurishadi.
Qilingan ish asta-sekin samarasini ko‘rsatmoqda. 2022- yil yozda 10-sinf o‘quvchisi Shahrizoda Bekturdiyevaning “Qalbim chechaklari” she’riy kitobi nashrdan chiqdi. U 2022-2023 o‘quv yili noyabr oyida Zulfiya mukofotiga nomzodlar tanlovi viloyat bosqichida qatnashdi. “Vatan taraqqiyotiga mening hissam” tanlovi shahar bosqichida “Nazm” yo‘nalishi bo‘yicha 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Kelajakda jurnalist bo‘lmoqchi.
11-sinf o‘quvchisi Marjona Jumanazarova jurnalistikaga ixlos qo‘ygan. Maqolalar yozadi. U ham “Vatan taraqqiyotiga mening hissam” tanlovi shahar bosqichida “Publitsistika” yo‘nalishi bo‘yicha 2-o‘rinni oldi. Kechagina “Kitobxonlik” tadbiri o‘tkazish uchun sinfiga kirganimda, “Ustoz, hikoya yozgan edim. Shuni bir ko‘rib bering” dedi. Uni gazetada chiqarishimizni aytdim.
8-sinf o‘quvchisi Maftuna Boboqulova she’r yozishga ixlosi borligi bilan birga, uni o‘qishni – deklomatsiya qilishni qoyillatadi. Mashhur shoirlarning eng ajoyib she’rlarini yoddan o‘qib, audioyozuvini o‘zi ochgan telegramm kanalga tashlaydi va boshqalarni iste’dodidan bahramand qiladi. U Urganch shahridagi yangi “Yoshlar kutubxonasi”da o‘tkazilgan Alisher Navoiy, Mahmud Az-Zamahshariy nomidagi viloyat kutubxonasidagi Abu Rayhon Beruniyga bag‘ilshlangan tadbirlarda faol ishtirok etdi.
7-sinf o‘quvchisi Nargiza Karimberganova ham she‘r yozadi, ham rasm chizadi, ham qo‘shiq aytadi, ham raqs tushadi. Chala-chulpa emas, astoydil shug‘ullanadi. Yana bir quvonarli tomoni, barcha fanlardan 5 bahoga o‘qimoqda. Yaqinda Ogahiy ijod maktabiga sayohatga olib borganimda aytib qoldi: “Ustoz, fan o‘qituvchilarim, sinf rahbarim onamni chaqirib, ota-onalar majlisida tashakkur bildirishibdi. Onam juda quvonyapti”. Ana sizga iqtidor, izlasak topilaveradi.
6-sinf oquvchilari Shahrizoda Erkinova, Farangiz Durdieva, Bobur Ilhomov, 5-sinf o‘quvchilari Maftuna Yo‘ldosheva, Sevinchoy Bahromova… Bu bolalarning har biri o‘ziga xos iste’dod, xislat, fazilat va xususiyatga ega. Mashg‘ulot paytida o‘zimdagi bilimni singdirish uchun har biriga o‘zgacha yondashaman.
Shunisi ajoyibki, harflarni zo‘rg‘a yozadigan, yozganini hijjalab o‘qiydigan oquvchi ham mashg‘ulotimda qatnashib, she’r yozadi. U bilan alohida munosabatda bo‘laman. Kamchiliklari ko‘p bo‘lsa ham besh qo‘yib berganimga quvonib, yaxshi yozish, o‘qishni o‘rganadi. Yomon odatlarini tashlaydi.
Ustozlik shunday ekan. Bolalarga bilim berganing sayin, o‘zinga quvonch bo‘lib qaytaveradi. Muvaffaqiyatidan quvonasan, muammosi, tashvishi bo‘lsa, birgalikda hal qilasan. Shunday samarador, xayrli ishga bosh qo‘shayotganimdan hamisha mamnunman.
Baxtiyor MAHMUDOV,
Urganch shahridagi 8- umumiy o‘rta ta’lim maktabi ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.