Zebo POLVONOVА
1977 –yil 5 –mayda Shovot tumanida ziyoli oilasida tugʼilgan. 1998– yili URDUning pedagogika fakultetini imtiyozli (qizil) diplom bilan tamomlagan.2014– yildan tumandagi 25 – umumtaʼlim maktabning direktori boʼlib ishlab kelmoqda.
VATAN SEVGISI-IYMON BELGISI
Badiya
Ko’hna tolbeshikdan boshlangan dunyo,
Senga iddaolar qilmay sevaman.
Bir kuni singlim deb,
Bir kuni onam
Vatan kimligingni bilmay sevaman
M.Yusuf.
U bir chechak edi: dashtda tug’ildi.Mushfiqqina joni bilan dunyoni ko’rgan kunidan boshlab qanchadan qancha sinovlarni ko’rmadi deysiz.U bir chechak edi , yozning saratonlarida jizg’anak bo’lishdanda qo’rqmay quyoshga talpingan. U bir chechak edi, boshidan ne -ne qora bulutlar dovruq solib, momaqaldirog’i-yu yomg’irlari bo’lib qo’rqitgan. U bir chechak edi, kuzning hazonlari orasida o’zining nafis barglarini yo’qatsada, qishning qahratonida qor ostida qolsada,bahorштш kutgan,yorug’ kunlarga ishongan,umid bilan yashagan …
Mana bahor keldi. Quyosh zarrin nurlarini, saxiy tabiat esa butun e’tiborini aynan shu chechakka qaratdi. Boshidan o’tkazgan azob-uqubatlari evaziga qaytadan bosh ko’tardi. Dol qaddini rostladi,barg yozdi, unib –o’sdi. Barq urib yashnay boshladi. Kurtak ochdi,xuddi quyoshning parchasiday yal-yal yondi. Chunonam, xushbo’y ufor taratdiki, butun borliq uning husnidan yashnab, bahra ola boshladi.Ha,bu mening ona xalqim,ona Vatanim edi .
Vatan… Insonning yurak-yuragidan otilgan bu so’z naqadar muqaddas. Vatan! Har gal bu so’zni aytganimda butun vujudimni ajib bir tuyg’u, hayajon egallaydi. Bu so’zni eshitganim zahoti ko’z o’ngimda onamning munisgina, mushfiqqina chehrasi gavdalanadi. Onajonimning menga aytgan bedor allalarini o’ylayman. Vatan.Vatanni sevish. Vatanga muhabbat hissi mehribonimning tarbiyalarida singgan mening qalbimga munisimning jonsarakligida ko’raman men Vatanimni, xalqimni, tanti, halol, mehanatsiz kunini kun atamaydigan O’zbegimni, o’zligimni. Vatanimni otamning xayolchan nigohlarida ko’raman, singlimning sho’x-shodon kulgilarida yurtimning bolajonlarini ularning beg’ubor, oydin oq orzularini, nurafshon kelajagini his qilaman. Xayollarimda ana shunday gavdalanadi Vatan.
Vatan taqdiringning toshi bemiqdor,
Aytgin,fido bo’lay qaysi bir toshga?!
Darhaqiqat, Vatan haqida so’z borsa, albatta,ko’nglingizdan “Men nechun sevaman Vatanimni?” degan bir savol o’tadi. O’zgalarni bilmadim-u men Vatanimni sevishimga sabab, bu zamin mening kindik qonim to’kilgan tuproq, ko’zim ochib ko’rgan yer-u osmon, ilk bora bag’riga qadam tashlaganim , tilimni biyron qilgan oilam, qolaversa, jahonni zir titratgan ota-bobolarimning muqaddas hoki poklari jo bo’lgan zamin, momolarimning barhayot o’lan-u laparlarining aks sadolari kelib turadigan kurrai zamindir. Bobo-yu buvim, ota-onamni o’stirib kamolga yetkazgan yurt, bag’rida ozod va hur yashab kelayotgan elim. Bularning hamma-hammasi mening Vatanim,mening yurtim,ozod va obod O’zbekistonim!
Vatan! Sahroingda o’sgan yantoq ham,
Kechib ketolmaydi sening bag’ringdan.
Tomirlarin yozib ko’ksing qa’riga
Cho’l-u biyobonni ayladi makon.
Rost-a?! Qarang oddiy bir yantoq ham o’zining cho’l-u biyobonidan sira ham kechmaydi. Shu cho’lning issig’i-yu suvsizligida unga aziz, unga mo’tabar. Chunki, shu qumlog’u sahro uning Vatanidir. Vatanni hech kim yomonlamaydi. Vatanni, xalqni, millatni, ota-onani inson bolasi tanlab dunyoga kelgan emas. Shunday jannatmakon yurtda tug’ilganim, shu elning farzandi ekanligim, Vatanimning shaniga aqalli bir og’izgina bo’lsa ham ta’rif ayta olishim, xalqimning ertasiga ishongan yoshlari orasida borligim mening bu dunyodagi eng katta baxtimdir.
Men yurtimni, xalqimni jonimdan ortiq sevaman. Vatanimning tog’larini dunyoga tirgak, tuprog’ini jannat bog’laridan-da aziz, quyoshini esa xuddi dunyoni yoritayotgandek sezaman. Butun kurrayi zamindagi mehrni esa xalqimiz ulashayotganday go’yo. Mening xalqim matonat timsoli. Dasturxon boshida qo’llari duodan tushmaydigan bobojon, buvijonlarimda dunyodagi jamiyki insoniy fazilatlarni, butun olamni tirgakdek tutib turgan odamiylik, mehr-oqibat , sabr-bardosh, chidam-matonat, bag’rikenglik, insonparvarlik, qo’li ochiqlik, mehmondo’stlik, ibo-andishalilik, imon-e’tiqod barcha-barchasini shularda ko’raman. Ular ham shu Vatanning , xalqning bo’lagi. Zero, mening xalqimning har bir vakili shunday fazilatlar timsoli. Shu darajada tanti, sodda , mehnatkash , dilovar, halol insonlarki, har birini bir kitob desa arzigulik. Yana shularni ham aytish o’rinliki, butun dunyoga andoza olsa arziydi. Xalqimizning o’z boshiga og’ir kunlar kelganida ham bir burda nonini o’zi yemay bolasiga ilinishi, umrini farzandining farz-u kamoliga bag’ishlaganligi , birovning musibatida ushoqdekkina yuragini hovuchlab turishi xalqimizning nechog’lik xalq ekanligini yaqqol ko’rsatadi. O’zbekning asl farzandi Muhammad Yusuf ta’biri bilan aytganda:
Dunyo ichra tengsiz dunyo
Zarchopon qalb yalang to’shim.
Qo’li ochiq, mehri daryo
Mushti qattiq, ko’ngli bo’shim.
O’g’liga ot bo’lib cho’kib,
Qizlariga alla aytgan.
Belbog’iga borin to’kib,
To’yga borib to’ymay qaytgan.
O, bolafe’l
O, bolajon
O’zbekiston, O’zbekiston!
Ayni urush davri, ochlik, qahatchilik yashash “zo’r”largada zo’r kelib turgan davrda oddiy temirchi Shoahmad Shomahmudovlar oilasi yurtiga begona eldan kelgan 14-farzandini ham bag’riga oldi.Shu emasmi o’zbekning mardligi, o’zi o’ziga bekligi, O’zbekligi.
Yaratgan Allohimga behisob shukrlar bo’lsinkim, elimiz sog’-salomat shunday dorulomon kunlarga yetishdi. Qanchadan qancha og’ir kunlarni yana tarixning bir varog’iga berkitib, shodumon damlarga erishdi, mustaqil bo’ldi. Tonglarida quyosh kulib otadigan, soylarida zilol suvlar toshdan- toshga erkin urilib oqadigan, tonglarini bulbullar madh etib tugatolmaydigan faraxbaxsh kunlarga yetishgan xalqimning har kuni shodiyona, to’ylari bayramlarga ulanmoqda. Jahonning manaman degan davlatlari bilan qay sohada desangiz bab-baravar bellashib, hech kimdan hech qachon kam bo’lmasligimizni isbotlab kelmoqda. Kerak bo’lsa butun dunyo ahli ham xalqimizning tinchlikparvar insonparvarligini tan olmoqda. O’zimning fikrlarini quyidagi she’r bilan yakunlashni joiz topdim!
Men o’zimni tanishtirdim, do’st.
Men ko’ksini kergan o’zbekman.
Tarix necha kun ko’rgan bo’lsa,
O’sha yoshga kirgan O’zbekman!
Zebo POLVONOVА.