Plevrit – plevra pardalarining fibrin yoki plevra bo‘shlig‘ida yallig‘lanish suyuqligi – ekssudat to‘planishi bilan kechadigan kasallikdir. Ba’zan plevra bo‘shlig‘ida yallig‘lanish bilan bog‘liq bo‘lmagan ravishda har xil kasalliklar sababli patologik suyuqlik – trassudat to‘planishi bilan kechadigan holatlar ham shu nom bilan ataladi. Ikkala o‘pka tashqi tomonidan visseral plevra, ular joylashgan ko‘krak qafasining ichki yuzasi pariyetal plevra bilan qoplangan bo‘lib, ikkala plevra pardalari orasining ma’lum yerlarida plevra bo‘shlig‘i mavjud bo‘ladi. Kasallik vujudga kelganda shu yerlarda suyuqlik to‘planishi mumkin. Plevrit ko‘pincha mustaqil kasallik emas, 50 tadan ziyod kasalliklarda uchraydi. U o‘pka yoki kamroq hollarda plevra pardalariga qo‘shni a’zolar (ko‘krak qafasi, ko‘ks oralig‘i, diafragma osti bo‘shlig‘i) kasalliklari asorati sifatida rivojlanadi. Ba’zi hollarda plevrit tizimli kasalliklarning bir ko‘rinishi – belgisi hisoblanadi. Plevrit kasalligi rivojlanish sabablariga ko‘ra ikki xil bo‘ladi: infeksion va infeksiya bilan bog‘liq bo‘lmagan (aseptik) plevrit. Infeksion plevrit sabablari pnevmokokk, stafilakokk, sil tayoqchalari, mikoplazma, zamburug‘, protozoy va boshqalar bo‘lishi mumkin. Infeksiya bilan bog‘liq bo‘lmagan aseptik plevrit sabablari o‘smalar, limfogranulematoz, biriktiruvchi to‘qimaning tizimli kasalliklari, jarohatlanish (travma), o‘pka infarkti, o‘tkir leykoz, gemorragik, diatez, infarktdan keyingi Dressler sindromi bo‘lishi kuzatiladi.
Plevrit turlari
Plevritlar ikki xil bo‘ladi: quruq plevrit va ekssudatli plevrit. Quruq plevritda plevra pardalarining yallig‘lanishi uning yuzasida biroz fibrin to‘planishi bilan kechadi. Bunda visseral va pariyetal plevra pardalari yallig‘lanishi sababli qizarib, shishib qalinlashadi. Quruq plevrit yuqorida keltirilgan sabablar bilan bog‘liq ravishda rivojlanishi mumkin. Sil kasalligi bilan bog‘liq bo‘lgan quruq plevrit plevra ostida sil o‘chog‘i joylashganda yoki u plevra bo‘shlig‘iga yorilib, tarqalib ketganida, shuningdek, qon orqali tarqalganda yuzaga kelishi mumkin. Ba’zi hollarda quruq plevrit sil kasalligi boshlanishining birinchi belgisi sifatida kasallik yuqqanidan bir necha oy keyin rivojlanishi mumkin. Plevral ekssudatsiyani boshida yonboshda og‘riq, ko‘krak qafasining xastalangan tomonida nafas xarakatlarini chegaralanishi, plevrani ishqalanish shovqini kuzatiladilar. Ko‘pincha reflektor tabiatli quruq tinkani qurituvchi azobli yo‘tal kelib chiqadi. Suyuqlik to‘planishni tobora ortib borishi bilan yonboshdagi og‘riq tnadi, og‘irlikni xis qilish paydo bo‘ladi, kukyayib boruvchi nafas qisish,xansirash, o‘rtacha jadalli sianoz, kasallik tomonida birmuncha bo‘rtish va qoburg‘alararo sohalarning yassilanishi kuzatiladi. Perkussiyada ekssudat ustida bo‘g‘iq tovush aniqlanadi; ovoz dirillashi va bronxofoniya susayishgan, nafas eshitilmaydi yoki kuchli sustlashgan; bo‘g‘iqlikdan yuqorida-perkutor tovushning timpanik oxanglanishi, nafasni bronxial ahangi va kichik pufakchali xirrilashlar. Perkussiyada va rentgenologik tekshiruvda suyuqlikning yuqori chegarasini ifodali konturi aniqlanishi mumkin. Katta miqdordagi suyuqlik ko‘ksning sog‘lom tomonga siljishini chaqiradi va nafas mexanikasini buzilishi xisobiga tashqi nafas funksiyasini kuchli ifodalangan buzilishi kelib chiqadi: nafas chuqurligi kamayadi, u tezlashadi; funksional tashxisiy usullar bilan tashqi nafas ko‘rsatgichlarini pasayishi aniqlanadi.
Karomat QO‘ZIBOYEVA,
Viloyat Ftiziatriya va pulmolonologiya markazi Diagnostika va jarroxlik bo‘limi hamshirasi.