Tuberkulyoz bedavo kasallik emas
Tuberkulyoz bedavo kasallik emas

Tuberkulyoz bedavo kasallik emas

266 marta ko'rildi

Tuberkulyozni rentgen usulida ham tashxislash mumkin. Buning uchun ko‘krak qafasida flyuorografik va rentgenografik tekshiruv o‘tkaziladi. Tuberkulyozni o‘z vaqtida aniqlash muvaffaqiyatli davolash garovidir. Kasallik belgilari paydo bo‘lishi bilanoq darhol umumiy davolash muassasasi, poliklinika, QVP ga murojaat qiling.

Odatda tuberkulyozning davosi bor. Davolash asosan, kasalxona sharoitida, vrach nazorati ostida olib boriladi. Tuberkulyozni davolash uchun tuberkulyozga qarshi 4-5 xil dorilarni qabul qilish lozim. Tuberkulyozni davolashning butun davri mobaynida nazorat o‘rnatilishi lozim, ya’ni tibbiy xodimlar bemorning dori qabul qilish jarayonini doimo kuzatib turishlari kerak. Bu muvaffaqiyatli davolashning eng asosiy shartidir, chunki ko‘pchilik bemorlar zarur dorilarni o‘z vaqtida qabul qilishni unutib qo‘yadilar. Tuberkulyoz uzoq vaqt davolanadi va kamida 6-8 oy davom etadi. Faqat shundagina barcha sil bakteriyalarini butunlay yo‘qotish mumkin. Tuberkulyoz nazoratsiz, noto‘g‘ri davolanganda u surunkali shaklga, ba’zi hollarda tuzalmaydigan kasallikka aylanadi.

Tuberkulyozni davolash 2-bosqichdan iborat. Ular orasida dorilarni qabul qilishda tanaffusga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik kerak. Birinchi bosqich jadal davolash, bu bosqich 2-3 oy mobaynida 4-5 ta tuberkulyozga qarshi dorilarni shifoxona sharoitida qabul qilish lozim. Ikkinchi bosqich qo‘llab-quvvatlovchi bosqich, ya’ni davolashni ambulator sharoitida 4-5 oy, ba’zida 7 oy davomida 2-3 xil dorilar bilan davom ettiriladi.

Tuberkulyoz bilan kasallangan bemorlar oqsil va vitaminlarga boy ovqatlarni iste’mol qilishi kerak. Sutli mahsulotlar, sabzavot va mevalar, turli sharbatlar ham ovqatlanish tarkibiga kiritilishi zarur. Bemorlar uxlash va dam olish tartibiga (kun mobaynida 8-10 soat) to‘liq rioya etsa, tezroq shifo topadilar. Ochiq havoda sayr qilish tavsiya etiladi. Tuberkulyozni davolashda xalq tabobatining turli vositalaridan ham foydalansa bo‘ladi. Masalan: qimiz, sharbatlar, asal, propolis, yong‘oq, shifobaxsh giyohlar iste’mol qilish ancha foyda beradi. Ammo shuni yodda tutish kerakki, bularning barchasi tuberkulyoz mikobakteriyalarini o‘ldirmaydi, demak asosiy davolovchi vosita hisoblanmaydi.

Sog’lom turmush tarzi – bu tuberkulyoz va uning asoratlarining oldini olish hamda muvaffaqiyatli davolash kafolatidir.

Barno  ABDULLAYEVA,

XORAZM VILOYATI FTIZIYATRIYA VA PULMANOLOGIYA MARKAZI

6- BO’LIM HAMSHIRASI.

 

Ulashing:

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan