Jumaboy MATYOQUBOV
1949-yil 13-mayda Qo‘shko‘pir tumanidagi Xayrobod qishlog‘ida tug‘ilgan Uning «Ziyoratgohda yozilgan doston», «Ilohiy yupanch» kitoblari chop etilgan. U 2006-yilning 16-noyabrida kasallik sababli vafot etgan.
Quyida shoirning yuqoridagi to‘plamlarga kirgan she’rlaridan sizlarga ilindik, muhtaram, kitobxon!
Oppoq bino.Oldida tandir,
Tandir yoqda tosh quduq va tol.
Taftda yonib non yopar kampir,
Mol sug‘orar quduqdan bir chol.
Xonatlasdan egnida ko‘ylak,
Ko‘rpachaga bukib tizzasin,
Non yasaydi yosh bir kelinchak,
Chiqarmay der chakichning sasin…
Oppoq bino.Oldida tandir.
Tandir yoqda tosh quduq va tol,
Taftda yonib non yopar kampir,
Mol sug‘orar quduqdan bir chol.
OSIG‘LIK QOVUNLAR
Eh-hey, qachonlardir yashirib palak,
Ko‘p zamon ko‘zlardan asralgan pinhon.
Buyuk to‘rt faslni kashf etgan falak,
Yana ilk kashfiga topguncha imkon
Qorishiq fasllar silsilasida,
Dillarga, ko‘zlarga cho‘g‘dek bosilib,
Tengsiz bezak misol uyning to‘rida
Qovunlar turibdi osilib!
Men-ku bezak dedim, tengsiz va nodir,
Minglab Matvafolar mehri yaratgan.
Lekin a’lam bilan eslansa Bobur,
Ko‘z yosh bu kiprikka ilinib qotgan.
Xush hidida bahor, yoz, kuz ruhi bor
His qilib turibman ming talvos qilib.
Qishning yoqasida sog‘inch ustuvor
Qovunlar turibdi osilib!
Taftin ufurardi olovrang barxan,
Chaylada qaynoq choy ho‘plardi bir chol.
Bir yonda vaqirlab tuncha qaynarkan,
Bir yonda yashnardi salinlar xushhol,
Qachonlardan buyon shu manzaraning
Qalbimda turibdi muhri bosilib.
Tong chog‘i palakka qo‘ngan chig‘, sani
Unutsam ketayin osilib!
GUJUM
Nogoh qo‘pordilar asriy gujumni,
Tomog‘im bo‘g‘ildi g‘amdan, alamdan.
Kashfiyoti bo‘ldi bu qaysi shumning,
Qay g‘anim o‘ch oldi, tabiat, sendan?!
O‘sha kun yiqildi qadim qal’adek,
Yuz yillik orzular, yuz yillik o‘ylar.
Yoshligim xotirin kimlar taladi,
Kim endi umrimning bahorin so‘ylar?!
Gujum motamidan ko‘k mijjasida
Yondilar yulduzlar-chaqnoq ko‘z yoshlar.
Bepanoh qushlarning giryon sasidan
Qolmadi, qolmadi dilda bardoshlar!
Soqov kechalarda jim tashlab qadam,
Kezaman…gujumga ketar xayolim.
Umri salkam qirq yosh gujumman men ham,
Lekin tegmayapti sizga malolim.
Kashfiyoti hadni bilmagan shumlar?!
BOQIY MUHABBAT
Yaproqlar yoplarga to‘kib rangini
O‘ynoqi suvlarning loyqasin ichdi.
Mavjlar ichga yutib sho‘x ohangini
Daraxtning oyog‘in majolsiz quchdi.
Yellar shivirlarkan ishq qo‘shig‘ini,
Quyosh osilarkan shabnam bo‘ynidan
Barglar ham unutib bor-u yo‘g‘ini,
Ohista uzalar yoplar qo‘ynida!…
Demak, muhabbat bor, demak vafo bor,
Hali oshiqlarga qovushmoq nasib.
So‘nggi qatra qadar yoplarda yotar
Barglar sevgilisin bag‘riga bosib!…