VATAN SEVGISI-IYMON BELGISI
VATAN SEVGISI-IYMON BELGISI

VATAN SEVGISI-IYMON BELGISI

828 marta ko'rildi

Zebo POLVONOVА

1977 yil 5 mayda Shovot tumanida ziyoli oilasida tugʼilgan. 1998 yili URDUning pedagogika fakultetini imtiyozli (qizil) diplom bilan tamomlagan.2014 yildan tumandagi 25 – umumtaʼlim maktabning direktori boʼlib ishlab kelmoqda.

VATAN SEVGISI-IYMON BELGISI

Badiya

                      Ko’hna  tolbeshikdan boshlangan     dunyo,                                                                       

                                 Senga iddaolar  qilmay sevaman.

                                 Bir kuni  singlim deb,

                                 Bir kuni onam

                                 Vatan kimligingni bilmay sevaman                                                                                 

                                                                                   M.Yusuf.

U  bir chechak edi: dashtda  tug’ildi.Mushfiqqina  joni  bilan  dunyoni  ko’rgan  kunidan  boshlab  qanchadan  qancha  sinovlarni  ko’rmadi  deysiz.U  bir  chechak  edi , yozning  saratonlarida  jizg’anak  bo’lishdanda  qo’rqmay  quyoshga  talpingan.  U  bir  chechak  edi, boshidan   ne  -ne qora  bulutlar  dovruq  solib, momaqaldirog’i-yu   yomg’irlari  bo’lib   qo’rqitgan. U  bir  chechak  edi, kuzning  hazonlari  orasida  o’zining  nafis  barglarini  yo’qatsada, qishning   qahratonida  qor  ostida  qolsada,bahorштш  kutgan,yorug’  kunlarga  ishongan,umid  bilan yashagan …

Mana  bahor  keldi. Quyosh  zarrin  nurlarini, saxiy  tabiat esa   butun  e’tiborini  aynan  shu  chechakka  qaratdi. Boshidan  o’tkazgan  azob-uqubatlari  evaziga  qaytadan  bosh  ko’tardi. Dol  qaddini  rostladi,barg  yozdi, unib –o’sdi. Barq  urib  yashnay  boshladi. Kurtak  ochdi,xuddi  quyoshning  parchasiday  yal-yal  yondi. Chunonam, xushbo’y  ufor taratdiki, butun  borliq  uning   husnidan  yashnab, bahra  ola  boshladi.Ha,bu  mening  ona  xalqim,ona  Vatanim  edi .

Vatan… Insonning  yurak-yuragidan  otilgan  bu  so’z  naqadar  muqaddas. Vatan!  Har  gal bu  so’zni  aytganimda  butun  vujudimni  ajib  bir  tuyg’u,   hayajon  egallaydi. Bu  so’zni  eshitganim  zahoti  ko’z  o’ngimda  onamning  munisgina, mushfiqqina  chehrasi  gavdalanadi. Onajonimning  menga  aytgan   bedor  allalarini  o’ylayman. Vatan.Vatanni  sevish. Vatanga  muhabbat  hissi  mehribonimning   tarbiyalarida  singgan  mening  qalbimga munisimning   jonsarakligida   ko’raman men  Vatanimni, xalqimni, tanti, halol, mehanatsiz  kunini kun  atamaydigan  O’zbegimni, o’zligimni. Vatanimni  otamning  xayolchan  nigohlarida  ko’raman, singlimning  sho’x-shodon  kulgilarida  yurtimning  bolajonlarini  ularning  beg’ubor, oydin  oq  orzularini, nurafshon  kelajagini  his  qilaman. Xayollarimda  ana  shunday  gavdalanadi  Vatan.

             Vatan  taqdiringning  toshi  bemiqdor,

             Aytgin,fido  bo’lay qaysi   bir  toshga?!

Darhaqiqat, Vatan  haqida  so’z  borsa, albatta,ko’nglingizdan   “Men  nechun sevaman  Vatanimni?”  degan bir  savol  o’tadi. O’zgalarni  bilmadim-u  men  Vatanimni  sevishimga  sabab, bu  zamin   mening   kindik   qonim  to’kilgan  tuproq, ko’zim   ochib  ko’rgan   yer-u  osmon, ilk  bora  bag’riga   qadam  tashlaganim , tilimni   biyron   qilgan   oilam,  qolaversa,  jahonni   zir  titratgan  ota-bobolarimning  muqaddas  hoki  poklari  jo  bo’lgan   zamin,  momolarimning   barhayot  o’lan-u  laparlarining  aks  sadolari  kelib  turadigan   kurrai   zamindir. Bobo-yu  buvim, ota-onamni  o’stirib  kamolga  yetkazgan   yurt, bag’rida  ozod  va  hur   yashab   kelayotgan  elim. Bularning  hamma-hammasi  mening  Vatanim,mening  yurtim,ozod  va  obod   O’zbekistonim!

 

Vatan! Sahroingda o’sgan yantoq ham,

Kechib ketolmaydi sening bag’ringdan.

Tomirlarin yozib ko’ksing qa’riga

Cho’l-u biyobonni ayladi makon.

Rost-a?! Qarang  oddiy bir yantoq ham o’zining cho’l-u biyobonidan     sira ham kechmaydi. Shu cho’lning issig’i-yu suvsizligida unga aziz, unga mo’tabar. Chunki, shu qumlog’u  sahro uning  Vatanidir. Vatanni hech kim yomonlamaydi. Vatanni, xalqni, millatni, ota-onani inson bolasi tanlab dunyoga kelgan emas. Shunday  jannatmakon  yurtda tug’ilganim, shu elning farzandi ekanligim, Vatanimning shaniga aqalli bir og’izgina bo’lsa ham ta’rif ayta olishim, xalqimning ertasiga ishongan yoshlari orasida borligim  mening bu dunyodagi eng katta baxtimdir.

Men yurtimni,  xalqimni jonimdan ortiq sevaman. Vatanimning tog’larini dunyoga tirgak, tuprog’ini jannat bog’laridan-da aziz,  quyoshini esa xuddi dunyoni yoritayotgandek sezaman. Butun kurrayi zamindagi mehrni esa xalqimiz ulashayotganday go’yo. Mening xalqim matonat timsoli. Dasturxon boshida qo’llari duodan tushmaydigan bobojon, buvijonlarimda dunyodagi jamiyki insoniy fazilatlarni, butun olamni tirgakdek tutib turgan odamiylik, mehr-oqibat , sabr-bardosh, chidam-matonat, bag’rikenglik, insonparvarlik, qo’li ochiqlik, mehmondo’stlik, ibo-andishalilik, imon-e’tiqod  barcha-barchasini   shularda ko’raman. Ular ham shu Vatanning , xalqning bo’lagi. Zero, mening xalqimning har bir vakili shunday fazilatlar timsoli. Shu darajada tanti, sodda , mehnatkash , dilovar, halol insonlarki, har birini bir kitob desa arzigulik. Yana shularni ham aytish o’rinliki, butun dunyoga andoza olsa arziydi. Xalqimizning o’z boshiga og’ir kunlar kelganida ham bir burda nonini o’zi yemay bolasiga ilinishi, umrini farzandining farz-u kamoliga bag’ishlaganligi , birovning musibatida  ushoqdekkina yuragini hovuchlab turishi xalqimizning nechog’lik xalq ekanligini yaqqol ko’rsatadi. O’zbekning asl farzandi Muhammad Yusuf ta’biri bilan aytganda:

Dunyo ichra tengsiz dunyo

Zarchopon qalb yalang to’shim.

Qo’li ochiq, mehri daryo

Mushti qattiq, ko’ngli bo’shim.

O’g’liga ot bo’lib cho’kib,

Qizlariga alla aytgan.

Belbog’iga borin to’kib,

To’yga borib to’ymay qaytgan.

O, bolafe’l

O, bolajon

O’zbekiston, O’zbekiston!

Ayni urush davri, ochlik, qahatchilik yashash “zo’r”largada zo’r kelib turgan davrda oddiy temirchi Shoahmad Shomahmudovlar oilasi yurtiga begona eldan kelgan  14-farzandini ham bag’riga oldi.Shu emasmi o’zbekning mardligi, o’zi o’ziga bekligi, O’zbekligi.

Yaratgan Allohimga behisob shukrlar bo’lsinkim, elimiz sog’-salomat shunday dorulomon kunlarga yetishdi. Qanchadan qancha og’ir kunlarni yana tarixning bir varog’iga berkitib, shodumon damlarga erishdi, mustaqil bo’ldi. Tonglarida  quyosh kulib otadigan, soylarida zilol suvlar toshdan- toshga erkin urilib oqadigan, tonglarini bulbullar madh etib tugatolmaydigan faraxbaxsh kunlarga yetishgan xalqimning har kuni shodiyona, to’ylari bayramlarga ulanmoqda. Jahonning manaman degan davlatlari bilan qay sohada desangiz bab-baravar bellashib, hech kimdan hech qachon kam bo’lmasligimizni isbotlab kelmoqda. Kerak bo’lsa butun dunyo ahli ham xalqimizning tinchlikparvar  insonparvarligini tan olmoqda. O’zimning fikrlarini quyidagi she’r bilan yakunlashni joiz topdim!

Men o’zimni tanishtirdim, do’st.

Men ko’ksini kergan o’zbekman.

Tarix necha kun ko’rgan bo’lsa,

O’sha yoshga kirgan O’zbekman!

Zebo POLVONOVА.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Ulashing:

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan